Namanganda Xalqaro yoga kuni arafasida ommaviy yoga mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Namangan shahri markazida joylashgan muhandislik-qurilish instituti sport zalida yoga mashg‘ulotlariga qiziqish bildirgan o‘nlab yoshlar to‘plandi. Ularni mazkur institut rektori Sharifboy Ergashev va Hindiston elchixonasi qoshidagi madaniyat markazi direktori, professor Chandr Shekxar qutladi.
“Yoga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi jismoniy va ruhiy mashg‘ulotlar majmuidan iborat. Kamida ikki ming yillik tarixga ega yoga irqi, dini va millatidan qat’i nazar barcha insonlarga avvalo o‘zi, qolaversa, atrofidagi odamlar va borliq dunyo bilan uyg‘unlikda yashash imkonini beradi. Yoga O‘zbekistonda ham tobora ommalashib borayotganidan mamnunmiz”, — deydi Chandr Shekxar.
Janob Shekxarning qayd etishicha, davlat rahbari tashabbusi bilan 2020-yilda O‘zbekistonda ham Yoga federatsiyasi tashkil etildi. Hozir birgina Toshkentdagi Hindiston madaniyat markazida tashkil etilgan kurslarda 1000 nafardan ortiq kishi yoga bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ularga Hindistondan kelgan murabbiylar va ularning mahalliy shogirdlari ustozlik qilmoqda.
“Xalqaro yoga kuni arafasida O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasida shunday ommaviy yoga mashg‘ulotlarini o‘tkazdik. Yakuniy eng katta tadbir Toshkentda, Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan”, — deydi Chandr Shekxar.
Ma’lumot uchun, BMT Bosh assambleyasi tashabbusi bilan 21-iyun Xalqaro yoga kuni sifatida 2015-yildan beri butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanib kelinmoqda.
Izoh (0)