Qolipli non, xalq tilidagi “buxanka”ning 1600 so‘mdan 2800 so‘mga oshishi ko‘plab muhokamalarni, munozalarni keltirib chiqargani ayni haqiqat. Xo‘sh, aslida non narxi nega bu darajada oshdi? Sababi nima?
“Daryo” ijodiy jamoasi Surxondaryo viloyatiga safari davomida ushbu savolga viloyat hokimi To‘ra Bobolovdan ham javob oldi.
To‘ra Bobolovning fikricha, “buxanka”ning keskin oshishi, ya’ni 1500 so‘mdan 2500 so‘mga ko‘tarilishi g‘alla narxining erkin narxda sotilishiga yo‘l qo‘yib berilishi bilan bog‘liq.
“Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, endilikda davlat ham fermer g‘allasining shartnomada ko‘rsatilgan miqdorining tonnasiga 3 million so‘mdan pul to‘lashga, rejadan ortgan g‘alla uchun esa birjada ko‘rsatilgan narx bo‘yicha pul to‘lashga tayyor. Bu fermer uchun katta daromad degani”, — deydi viloyat hokimi.
Surxondaryo viloyati hokimining ma’lumot berishicha, hududda 360 ta qolipli non ishlab chiqaruvchi korxona bor.
“2022-yilning 1-iyun kuni bo‘lib o‘tgan birjadagi savdoda shu 360 ta korxonaning 59 tasi ishtirok etdi. Savdoda bir kilo un narxi birinchi kuni 4330 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, keyingi kuni 4 ming 403 so‘mdan sotildi”, — deydi hokim.
To‘ra Bobolovning aytishicha, u boshchiligidagi sektor rahbarlari hududlarda bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotlari va non narxining keskin oshib ketmasligining oldini olish maqsadida tadbirkorlarga tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
“Narx oshishining birinchi kunida holat boshqacharoq ko‘ringan bo‘lsa, keyingi kunlarda bir maromga tushdi. Biz bu haqda tadbirkorlarga, deputatlarga tushuntirish ishlarini olib bordik va vaziyatni boricha aytdik. Shundan so‘ng aholi ham buni to‘g‘ri tushunib yetdi”, — deydi To‘ra Bobolov.
Surxondaryo hokimining qo‘shimcha qilishicha, viloyatda oziq-ovqat narxi va non narxining keskin oshishi kuzatilmaydi. Hududdagi olis va borish qiyin bo‘lgan 59 ta qishloqda yashovchi 139 ming nafar aholiga un yetkazib beruvchilarning yo‘l xarajatlarini qoplash borasida ham ko‘mak berilmoqda.
“Bizda odamlarning o‘zi g‘alla yetishtiradi. Unni ham o‘zining tosh tegirmonida, suv tegirmonida ishlab chiqarib, o‘zi foydalanadi. Shuningdek, 59 ta olis va borish qiyin bo‘lgan hududda yashovchi 139 ming nafar aholiga un mahsulotlari yetkazib beruvchilar xarajatining 50 foizigacha qoplab berilishi, bu odamlarga qulaylik yaratmoqda. Shuning uchun bizda bunday muammo bo‘lishi mumkin emas”, — deydi To‘ra Bobolov.
“Xolnazarov Zafar” fermer xo‘jaligi rahbari Zafar Xolnazarovning aytishicha, davlatning rejadagi g‘allani 3 ming so‘mdan sotib olishi fermer daromadining oshishiga olib kelgan.
“Ilgari rejani bajarsak ham qarzga chiqib qolardik. Boisi davlatga topshirilayotgan g‘alla bozordagi narxga nisbatan ancha kam edi. Endi esa prezidentimiz tashabbusi bilan bu narx oshirildi. Biz esa bundan xursandmiz”, — deydi fermer.
Viloyatning Angor tumanidagi non sexi rahbari Qobil Toshboyevning aytishicha, u ishlab chiqargan qolipli non avval 1500—2000 so‘m atrofida sotilgan. Ayni kunda esa bu narx 2500 so‘mga chiqqan.
“To‘g‘ri, avvalroq non arzon edi. Lekin bu davlat berayotgan yordam hisobiga edi. Bir dona 500 gramm miqdordagi ‘buxanka’ning tan narxi 1400—1500 so‘mga borardi. Xo‘sh, unda qanday qoplagan deysizmi? Davlatning qo‘llab-quvvatlovi evaziga. Avval aholiga arzon non sotishimiz uchun bizga davlat tomonidan fond berilar edi. Unga ko‘ra, bizga oyiga 5 tonnadan 15 tonnagacha arzon narxda un berilardi. Hozir un narxi erkinlashib, un sotuvi birjaga chiqqach, kuniga 3 tonna un sotib olyapmiz. Uch tonna undan 6—7 ming dona qolipli non ishlab chiqarib, sotyapmiz. Bu esa seximizda doimo sotiladigan non bo‘lib turishiga olib keldi”, — deydi non sex rahbari.
Qobil akaning ma’lumot berishicha, tadbirkorlar avval birjada unning bir qopini 112 ming so‘mdan sotib olgan bo‘lsa, endilikda bu narx 217—220 ming so‘mga aylanmoqda.
“Un narxi birjaga chiqqach, biz imkon qadar ko‘proq ishlab, ko‘proq daromad qilishni va aholiga yetarli darajada non ishlab chiqarishga harakat qilyapmiz. Avval bizda non tugab qolganda, shu atrofda yashovchi aholi boshqa hududga yo‘l puli xarajat qilib, 1600 so‘mdan olgan noni uyga kirib borguncha 4000—5000 so‘mga aylanardi. Ammo biz bunga ko‘pincha ham e’tibor qaratavermaymiz”, — deydi Qobil Toshboyev.
Qolipli non kecha, 1-iyundan boshlab Toshkentda 2800 so‘mdan sotila boshladi. G‘alla bozori erkinlashtirilishini tahlil qilgan Iqtisodiyot vazirligi Toshkentdagi “buxanka” nonning oshishini, avval juda arzonligi va shu sabab nonni qo‘y va mol uchun sotib olish ko‘payib ketganini ma’lum qildi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi esa “buxanka” nonning narxi oshganiga munosabat bildirib, “buxanka” non narxi Toshkent shahrida eng yuqori — 2800 so‘m, Qashqadaryoda viloyatida eng past — 1650 so‘m, respublika bo‘yicha o‘rtacha narx esa 2250 so‘mdan sotilayotganini ochiqladi.