Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari aholisi turmush farovonligini yuksaltirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish orqali ish o‘rinlarini yaratish, aholini qiynayotgan turli muammolarni bartaraf etish maqsadida, Qoraqalpog‘istonning har bir tumani respublikamiz viloyatlariga biriktirilgan. Qonliko‘l tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga mas’ul etib Sirdaryo viloyati belgilangan.
Qonliko‘l tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida, sirdaryolik mutasaddilar, tadbirkorlar, fermerlar tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Dastlabki bosqichda mutasaddilardan iborat Sirdaryo viloyati shtabi tuzildi va mahalliy mas’ullar bilan hamkorlikda hududning ijtimoiy-iqtisodiy holati, salohiyati va imkoniyatlari o‘rganib chiqildi. Tumanning “Drayver” yo‘nalishlari sifatida chorvachilik va pillachilik sohalari belgilandi. Hozirgi kunda hududda chorvachilikni tashkil etish bo‘yicha umumiy qiymati 11,8 milliard so‘mlik jami 9 ta loyiha va pillachilikni tashkil etish bo‘yicha umumiy qiymati 71 milliard so‘mlik 1 ta loyiha shakllantirildi.
Shu paytgacha hududdagi eng katta muammo ishsizlik ekanligini inobatga olgan holda, tikuv mashinasi, issiqxona, chorva mollari, parranda va boshqa olib berish hisobiga 1 150 nafar ishsizlarning bandligi ta’minlandi.
Hozirgi kunda Qonliko‘l tumanida qiymati qariyb 574 milliard so‘mga teng 14 ta investitsion loyihalar shakllantirilgan bo‘lib, natijada 1 900 nafar hudud aholisining bandligi ta’minlanadi.
Ana shunday loyihalardan biri sifatida 0,4 gektar yer maydonida tashkil etilgan tekstil va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Sirdaryo chevarlari” tikuvchilik fabrikasini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin. Fabrikaning loyiha qiymati 1,5 milliard so‘m bo‘lib, tikuv va bichuv mashinalari, dazmollar, mebellar kabi zaruriy anjomlar bilan jihozlangan. Mazkur fabrika aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlashda muhim bo‘ldi. Natijada 120 ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Best Sun Oil MChJ tomonidan 3 ming gektar hududda kungaboqar yetishtirish va qayta ishlash orqali sutkasiga 1000 tonna pista yog‘ini tayyorlash quvvatiga ega bo‘lgan sanoat klasterini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Loyiha ishga tushirilganidan so‘ng 250 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabr kungi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarni bajarish maqsadida, 365 ta tadbirkorlik subyektining faoliyati yangidan tashkil etildi va natijada 556 ta ish o‘rni yaratildi.
Hududdagi kam ta’minlangan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turuvchi oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, jami 120 million so‘mlik 10 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari, qiymati 45 million so‘m bo‘lgan tovuqlar tarqatildi. 100 ta oilaning har biriga 1 sotixga mo‘ljallangan issiqxona qurib berildi. Buning uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida “Temir daftar”dan 1 590 ta oila, “Ayollar daftari”dan 1855 nafar xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”dan 1219 nafar yoshlar chiqarildi.
Tumanda aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, Qonliko‘lning barcha mahallalarida zamonaviy jihozlangan, shahardagidan kam bo‘lmagan sharoitlarga ega erkaklar va ayollar uchun alohida ko‘chma hammomlar qurib berilmoqda hamda aholiga yanada qulay sharoit yaratish maqsadida atrofi obodonlashtirilib, ko‘rkam maskanlarga aylantirilmoqda. Mahalliy aholining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda xarob holatdagi 22-sonli o‘rta maktab binosi tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olindi va uning o‘rnida zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, tuman hududida ikki xalq qardoshligining abadiyligi ramzi sifatida 10 gektarlik “Do‘stlik” bog‘i tashkil etilgan bo‘lib, hududning bir qismiga mutaxassislarning tavsiyalarini inobatga olgan holda sinov tariqasida qovun yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ta’kidlab o‘tish lozimki, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida har bir mahalla Sirdaryo viloyatining tumanlariga biriktirilgan. Jumladan, Sayxunobod tumani “Bisko‘pir” mahallasi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida tuman mutasaddilari tomonidan mahalladagi kam ta’minlangan oilalarga 10 ta tikuv mashinasi, 10 bosh qoramol, mini inkubator sexi, motokultivator, elektrosvarka apparati ulashildi. Shuningdek, ishsiz fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, ularga 2 sotixlik issiqxonalar qurib berilishi rejalashtirilgan. “Qonliko‘l” mahallasiga biriktirilgan Guliston tumani vakillari tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ko‘chalar bo‘ylab 5 mingdan ortiq manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi. 60 ta xonadonning fasad qismi bo‘yalib, tartibga keltirildi. Viloyat vakillarining mahalladagi o‘rganishlari asnosida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” da turuvchi oilalarga 300 bosh tovuq, 10 ta tikuv mashinasi, 10 ta mikroto‘lqinli pechlar tarqatildi. Shuningdek, Xovos tumani mutasaddilari tomonidan “Madaniyat” va unga tutash “Do‘stlik”, “Navro‘z” mahallalaridagi 30 gektar tomorqa yer maydonini suv bilan ta’minlash imkoniyatiga ega quvvati 15 kVt bo‘lgan 350 ot kuchili suv osti nasosi hamda KTPS 100 kVA quvvatli transformator o‘rnatildi.
Reklama huquqi asosida.