Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining yarim final javob bahsida “Real” 4-may, chorshanba kuni “Manchester Siti”ni qabul qildi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. 73-daqiqada “shaharliklar”ning tezkor hujumini Riyod Mahrez gol bilan yakunladi.
Madridliklar asosiy vaqtning so‘nggi daqiqasida hisobni tenglashtirdi: Karim Benzemaning uzatmasidan keyin Rodrigo darvozani ishg‘ol qildi. Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas braziliyalik hujumchi dublni rasmiylashtirdi.
Ikki o‘yin natijasiga teng hisob qayd etilgach, qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilindi. 95-daqiqada Benzema penaltini aniq amalga oshirgan holda, hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi.
Shu tariqa “Real” ikki o‘yin natijasiga (6:5) ko‘ra, final yo‘llanmasiga ega chiqdi. Manchesterdagi o‘yin 4:3 hisobida ingliz klubining g‘alabasi bilan yakunlangandi.
“Real” finalda “Liverpul”ga qarshi o‘ynaydi. Hal qiluvchi bahs 28-may kuni Parijda bo‘lib o‘tadi.
YChL
Yarim final, javob bahsi
4-may, chorshanba
“Real Madrid” Ispaniya — “Manchester Siti” Angliya 3:1
Gollar: 0:1 – 73 Marez, 1:1 – 90 Rodrigo, 2:1 – 90+1 Rodrigo, 3:1 – 95, penalti Benzema.“Real Madrid”: Kurtua, Karvaxal, Nacho, Militao (Valyexo, 115), Mendi, Modrich (Kamavinga, 75), Kroos (Rodrigo, 68), Kazemiro (Asensio, 75), Valverde, Benzema (Sebalyos, 104), Vinisius Junior (Vaskes, 115).
“Manchester Siti”: Ederson, Uoker (Zinchenko, 72), Lyaport, Ruben Diash, Joau Kanselu, de Bryuyne (Gundo‘g‘an, 72), Bernardu Silva, Rodri (Sterling, 99), Foden, Mahrez (Fernandinyo, 85), Gabriel Jezus (Grilish, 78).
Ogohlantirishlar: Lyaport (9), Modrich (9), Karvaxal (65), Militao (84), Valverde (90), Sterling (101), Militao (109), Zinchenko (113).
Dastlabki bahs — 3:4.