“O‘zbekiston pochtasi”ning 2022-yilning birinchi choragidagi umumiy daromadi 66,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu haqda “Daryo”ga kompaniya moliyaviy hisobotidan ma’lum bo‘ldi.
Daromad yil boshidan beri 2021-yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. O‘tgan yilning yanvar—mart oylarida kompaniya 65 mlrd so‘mdan ortiq daromad qilgan edi. Shuningdek, bu davrda xarajatlar ham deyarli o‘zgarmadi — 48,2 mlrd so‘mdan 48 mlrd so‘mga kamaydi.
“O‘zbekiston pochtasi” yil boshidan beri 570 mln so‘m foyda ko‘rgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 4 barobarga kam. Kompaniya 2021-yilning ilk choragida 2,08 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan edi.
“O‘zbekiston pochtasi” yanvar—mart oylariga ko‘ra 500 mln so‘m soliq to‘lagan.
“O‘zbekiston pochtasi” qanday kompaniya?
Kompaniya aholi, tashkilotlar va davlat ehtiyojlarini sifatli va ishonchli pochta aloqasi bilan ta'minlash maqsadida tuzilgan hamda O'zbekistonda pochta aloqasining milliy operatori hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, Jamiyatning asosiy maqsadi quyidagilar hisoblanadi:
- Aholi, tashkilot va davlat ehtiyojlarini sifatli va ishonchli pochta aloqasi bilan ta'minlash;
- Vositalar hamda tarmoqlarni zamonaviylashtirish;
- Texnik qayta ta'minlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- Pochta aloqasi sohasidagi jahon yutuqlarini tizimga joriy etish;
- Bozor islohotlarini yanada rivojlantirish;
- Pochta aloqasi xizmatlarining monitoringini o'tkazish;
- Bozor islohotlarini chuqurlashtirish;
- Chet el sarmoyalarini jalb qilish va boshqalar.