O‘zbekistonda 2022-yilning yanvar—mart oylarida import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi 819,2 mln dollarga teng bo‘ldi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 52,6 foizga yoki 282,3 mln dollarga ko‘pdir. Bu Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida qayd etilgan.
Joriy yilning ilk choragida oziq-ovqat mahsulotlarining jami import tarkibidagi ulushi o‘tgan yilga nisbatan 0,6 foizga oshib 11,1 foizga yetdi.
Oziq-ovqat bo‘yicha import tarkibida asosiy qism Qozog‘iston hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Keyingi pog‘onalarda Rossiya va Braziliya joylashgan.
O‘ziq-ovqat mahsulotlari importida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar:
- Qozog‘iston — 37,8 foiz;
- Rossiya — 25,1 foiz;
- Braziliya — 11,9 foiz;
- Belarus — 4,2 foiz;
- Pokiston — 4 foiz;
- Boshqa davlatlar — 22,5 foiz.
Yanvar-mart oylarida 201 mln dollarlik bug‘doy import qilingan. O‘sish ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan 44,5 foiz. Umumiy importdagi ulush — 24,6 foiz.
Bundan tashqari, kartoshka va margarin mahsulotlari importi mos ravishda 2,7 va 6,6 barobarga o‘sgan.
Avvalroq O‘zbekistonda ertapishar olmaning kilosi 117 ming so‘mdan 130 ming so‘mgacha sotilayotgani haqida xabar berilgan edi.