G‘arbning Ukrainaga yuborayotgan razvedka ma’lumotlari Rossiyaning maxsus operatsiyadagi maqsadlariga erishishiga to‘sqinlik qilmaydi, dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.
Avvalroq The New York Times (NYT) Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini uzatayotgani, Kiyev ushbu ma’lumotlar yordamida Rossiya harbiylariga zarba bergani haqida xabar bergandi. Shu munosabat bilan Peskovdan Moskva mazkur ma’lumotlarni ishonchli deb hisoblash-hisoblamasligi haqida so‘ralgan.
Peskov Rossiya harbiylari “AQSH, Buyuk Britaniya va NATO a’zolarining doimiy ravishda Ukraina Qurolli Kuchlariga razvedka ma’lumotlari va boshqa ko‘rsatkichlarni yetkazib berishini yaxshi biladi” deb javob berdi. “Ushbu davlatlar va ittifoqchilar Ukrainaga qurollar oqimini yuborayotgani bilan birga, bularning barchasi operatsiyani tez yakunlashga yordam bermaydigan, lekin maxsus harbiy operatsiya davomida belgilangan maqsadlarga erishishga ham to‘sqinlik qila olmaydigan harakatlardir”.
Pentagon vakili Jon Kirbi Ukrainaga razvedka ma’lumotlari berilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarning tafsilotlari haqida gapirishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, u AQSH Ukraina tomoniga “ular o‘zini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan” ma’lumotlarni uzatayotganini aytdi. Aprel oyi boshida Kirbi Kiyev bu ma’lumotlardan “qarshi hujum boshlash” uchun foydalanishi mumkinligini tan olgandi.
Avvalroq Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlari vaziri Jeyms Xippi “Ukraina tuprog‘ida o‘lim va qon to‘kilishiga bevosita hissa qo‘shadigan ta’minot zanjirlarini uzish” maqsadida Ukrainaning Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishini “mutlaqo qonuniy” deb atagan edi.