Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan sanksiyalar ro‘yxatiga tushgani bo‘yicha apellyatsiya berdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Tadbirkor qaror chiqmaguncha sanksiyalarni to‘xtatib turishni so‘ragan.
Bloomberg ta’kidlashicha, bunday sud ishlari yillab davom etishi mumkin va kamdan kam hollarda da’vogarlar uchun muvaffaqiyat bilan yakunlanadi.
Masalan, Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich va uning o‘g‘li 2020-yilda sudda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, 2014 yildan beri sanksiyalar ro‘yxatida qolmoqda.
Alisher Usmonov 28-fevral kuni, Ukrainadagi urush boshlanganidan to‘rt kun o‘tib, Yevropa Ittifoqining sanksiyalari ro‘yxatiga tushgan edi.
Tadbirkor vakillari bu shaxsiy sanksiyalar ekanligini va ular Usmonov kompaniyalariga ta’sir qilmasligini aytishgan.
Avvalroq Alisher Usmonovning boyligi yil davomida 18,4 milliard dollardan 11,5 milliard dollargacha kamaygani haqida xabar berilgan edi.