Hayot insonni turli sinovlarga yo‘liqtirishi mumkin. Biroq uni sabr, iroda va kelajakka bo‘lgan umid bilan yengib o‘tish to‘g‘ri yo‘ldir. Bugun oramizda imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan insonlar ancha. Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yashovchi, 1-guruh nogironi Sofiya Xolmirzayeva ana shunday yurtdoshlarimizdan biri. Sofiyaxon kasallik tufayli to‘qqiz yoshidan beri tanasini deyarli harakatlantira olmaydi. Ikki qo‘lini ham to‘liq qimirlatolmaydi. Ammo bunga parvo qilmay, qahramonimiz gul to‘qish bilan shug‘ullanadi. “Daryo” muxbiri to‘quvchi qiz bilan suhbat qurdi.
“Tengdoshlarim kabi sog‘lom edim...”Hamma tengdoshlarim qatori boshlang‘ich maktabga borganman. Unda hech qayerim og‘rimasdi, sog‘lom edim. Boshqalar kabi o‘ynab-kulib yurardim. Keyinchalik negadir oyoqlarim og‘rishni boshladi. Ota-onam doktorga ko‘rsatdi. Tekshiruvlar yakunlangach, revmatizim poliartrit tashxisini qo‘yishdi. Vaqti-vaqti bilan davolanib turishim kerakligini aytishdi. Otam dehqon bo‘lgani uchun uyda doim ham mablag‘ bo‘lmasdi. Kuzda, hosil yig‘imi mavsumidagina qo‘limizga pul tegardi. Shuning uchun meni o‘z vaqtida yetarlicha davolatishmagan.
Natijada kasallik rivojlanib ketgan va to‘qqiz yoshimda butunlay yura olmay qolganman. Boshlang‘ich sinfda maktabga borolmay qolganimdan so‘ng ustozimning o‘zi uyimga kelib dars berib ketardi. Yuqori sinfga o‘tgach, menga biriktirilgan o‘qituvchi yordamida fanlarni o‘zlashtirib, maktabni tamomlaganman. O‘sha paytlari sinfdoshlarim tez-tez ko‘rishga kelib turishardi. Ularni ko‘rib havas qilardim. Qaniydi sog‘lom bo‘lsam-u, birgalashib maktabda o‘qisam derdim. Lekin taqdir ekan.
“To‘quvchilikni singlimdan va internetdan o‘rgandim”
Gul to‘qishni 18 yoshimda o‘rganganman. Avvaliga bu ish bilan shug‘ullanganlarni ko‘rib, havasim kelardi. Qo‘limdan kelmaydi, buni sog‘lom odamlargina qila oladi, deb o‘ylardim. Singlim Maryamxonning gul to‘qishdan xabari bor edi. Qiziqqanim uchun undan menga ham o‘rgatishini so‘radim. Shundan keyin u qo‘llarimga ilgichni ushlatib, to‘qishni o‘rgatdi.
Turli iplardan paypoq va kiyimlar to‘qiy boshladim. Ishga ko‘milganim sari zavqim oshib, jarayon yanayam qiziqarli tuyulardi. O‘sha kezlarda biror ish bilan band bo‘lsam-u, jamiyatga foydam tegsa, eng muhimi, to‘rt devor ichida qolib ketmasam bo‘ldi, degan o‘y-xayollar bo‘lardi. Shu sababli bekor o‘tirmasdan internetdan turli shakl va gullarni qanday qilib to‘qish haqidagi videodarslarni ko‘ria boshladim. To‘quvchilik asrorini ijtimoiy tarmoqlardan o‘rgandim. O‘zim ham yangicha gullar yaratdim.
Hozirda 20 dan ortiq gul turini to‘qishni bilaman. Yangicha dizaynlarni ham o‘rganishim mumkin, lekin ayni paytda xaridorlarning talabiga qarab ish qilyapman. Gullarni tayyorlashda ip va boshqa mahsulotlarning eng sifatlisidan foydalanaman. Oddiy iplardan ham gullar to‘qisam bo‘ladi, ammo ko‘nglimdagidek chiqmaydi. Bir qarashda ko‘zga tashlanmasligi mumkin. Bitta katta gulni tayyor holga keltirish uchun 3-4 kun vaqtim ketadi”.
“Ellikdan ortiq shogirdim bor”
Ko‘p insonlar to‘qigan gullarimni ko‘rib, mana shu holatingizda shunday gullar to‘qigan bo‘lsangiz, sog‘lom bo‘lgangizda bundan ham go‘zal gullar yaratgan bo‘lar edingiz, deyishadi. Mahallamizdagi qizlar va uyda bekor o‘tirgan ayollar kelib, ‘shu hunarni o‘rgating’, deyishadi. Hunarim faqat menda qolib ketishini xohlamayman, qancha ko‘p odam o‘rgansa, shuncha yaxshi, deb bilaman. Chunki shu ish orqali ular o‘zini band qiladi, daromad oladi. Shu paytgacha ellikdan ortiq shogird chiqardim. Bugun ularning ham shogirdlari bor”.
“Doim yaxshi narsalar haqida o‘ylayman”
Hamisha gul to‘qiyotganimda yaxshi narsalar haqida o‘ylayman. Qo‘llarim og‘rib, charchab ketganimda ham ‘hali buning rohatini ko‘raman. Qilgan mehnatlarimga yarasha mukofot olaman. Qator-qator tanlovlarda g‘olib bo‘laman’, deb o‘zimga dalda beraman. Kattalarimiz har bir so‘zingni o‘ylab gapir, farishtalar omin deydi deyshgani rost ekan. Mana, so‘nggi yillarda hamma niyatlarim, o‘ylaganlarim birma-bir amalga oshmoqda. Tanlovlarda ishtirok etyapman, g‘olib bo‘lyapman. Shu kungacha erishgan yutuqlarim orasida eng kutilmagani va quvonchlisi Prezidentimiz tomonidan qilgan mehnatlarim yuksak baholanib, ‘Jasorat’ medaliga loyiq topilganim bo‘ldi. Televizorda ‘Zulfiya’ mukofotini olgan qizlarni ko‘rsatishsa, xayolan ularning qatorida o‘zimni ko‘rgim keladi. Balki shu mukofotniyam olish nasib qilar”.
“Har bir inson maqsad bilan yashashi kerak”
Har kuni uxlashdan avval ertangi kunimni xayolimda rejalashtirib olishga odatlanganman. Erta tongda nonushta qilgach, gul to‘qishga kirishaman. Keyin kitob o‘qiyman. Zerikkanimda televizordan yangiliklar ko‘raman. Hali rejalarim ko‘p. Shu kunlarda o‘zimning kichik tadbirkorligimni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Ya’ni bo‘sh ish o‘rni yaratib, qiz va ayollarning bandligini ta’minlamoqchiman. Hammaning hayot tarzi har xil. Birovga maslahat berishdan yiroqman, biroq odamda maqsad bo‘lishi kerak. Muvaffaqiyatning yuqori cho‘qqisiga erishganlarning hayotini o‘rganadigan bo‘lsak, hammasi oddiy odam. Faqat ular oldiga qo‘ygan maqsadiga yetish uchun tinimsiz ishlagan, izlangan. Agar har bir inson o‘z ishida qiyinchliklarga ham parvo qilmay tinimsiz harakat qilsa, albatta, muvaffaqiyatga erishadi”.
Izoh (0)