O‘zbekistonda karantin e’lon qilingan muddatdan e’tiboran muayyan sabablarga ko‘ra yoshga doir pensiya tayinlanishi uchun o‘z vaqtida murojaat qilolmagan fuqarolarga o‘tgan davrlar uchun ham mablag‘ to‘liq to‘lab beriladi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi.
“O‘zbekistonda 2020-yil 24-martdan koronavirus pandemiyasi sababli karantin e’lon qilingan va bugungi kunga qadar bekor qilinmagan. Bunda, fuqaro pensiya olish huquqi 2020-yil 24-martdan keyin paydo bo‘lib, pensiya tayinlash uchun 2022-yil mart oyida murojaat qilgan bo‘lsa ham unga pensiya huquqi paydo bo‘lgan sanadan boshlab to‘liq to‘lab beriladi”, — deyiladi xabarda.
Masalan, fuqaro (erkak) 2020-yil 1-may kuni 60 yoshga to‘lgan. Biroq turli sabablar tufayli pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasiga o‘z vaqtida murojaat qila olmagan hamda 2022-yil yanvar oyida (ya’ni 20 oydan keyin) pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan. Bunda ushbu fuqaroga 2020-yil 1-maydan pensiya tayinlanib, unga 2020-may— 2022-yil yanvar oylari (20 oy) uchun pensiyasi bir yo‘la hamda kelgusida har oylik pensiyasi to‘lanadi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 million 39 ming 2 nafarga yetgan. Shundan 3 million 588 ming 4 nafari pensiya, 450,8 ming nafari nafaqa oluvchilar hisoblanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda pensiya yoshiga yetgan xodimlarni ishdan bo‘shatish taqiqlanayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.