Ikki yillik tanaffusdan so‘ng Toshkent—Parij—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar tiklanmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airways xabar qildi.
Qayd etilishicha, Fransiya poytaxtiga parvozlar 2022-yil 29-aprelidan boshlab 10-iyungacha haftada ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Chiptalarni aviakompaniyaning rasmiy saytida 3 foiz chegirma bilan, Uzbekistan Airways Sales filialidan yoki aviakompaniya agentlaridan xarid qilish mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi bayoniga muvofiq, O‘zbekiston koronavirus kirib kelishining oldini olish maqsadida 2020-yilning 14-martidan Yevropaning bir qator davlatlari, shu jumladan, Fransiya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgandi. 15-mart kuni esa O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlangani, u 11-mart kuni Fransiyadan qaytgani haqida xabar berilgan.
Avvalroq Uzbekistan Airways Isroilga yangi reyslarni yo‘lga qo‘yishi xabar qilingandi. Shuningdek, Toshkentdan Dehliga aviaqatnovlar soni oshirilishi va Toshkentdan Germaniyaning Frankfurt shahriga aviaqatnovlar soni ko‘paytirilishi haqida xabar berilgan.