Bollivudning taniqli aktori Ajay Devgan 2022-yil 2-aprel kuni 53 yoshni qarshi oldi.
Iste’dodli aktyorni Bollivud faxriysi deb atash mumkin, u 100 dan ortiq filmlarda suratga tushgan va 30 yildan ortiq vaqt davomida kino olamida faoliyat yuritib kelmoqda. Oilasi Bollivud sahnasining bir qismi bo‘lgan va shuning uchun bu sohaga osongina kirib kelgan ko‘plab hamkasblaridan farqli o‘laroq, Devgan bu yo‘ldan yurmadi. Uning otasi Viru Bollivud kaskadyorlari orasida juda hurmatga sazovor bo‘lgan, ammo u o‘g‘lining aktyor bo‘lishi uchun javobgar emasdi.
“Men hech qachon ongli ravishda aktyor bo‘lishni maqsad qilmaganman. Otam shu sohada ishlagan va men uning izidan borishim muqarrardek tuyulardi. Men rejissor yordamchisi sifatida ish boshladim. Filmga rejissorlik qilayotgan do‘stim meni o‘z loyihasida bosh rolni o‘ynashga ko‘ndirdi. “Tikan va atirgullar” (1991) filmi muvaffaqiyatga erishdi va mening karyeram aynan shu film orqali hal bo‘ldi”, — deydi aktyor.
Devgan bir ampuladagi rolga yopishib qolish taqdiridan qutulib qolgan sanoqli aktyorlardan biridir. “Tomoshabinlar meni turli rollarda qabul qilganidan baxtiyorman. Men romantik, jangovar va hatto komediyalarda suratga tushganman. Bu ajoyib, chunki bu menga aktyor sifatida o‘sish va o‘zimni qayta-qayta ixtiro qilish imkoniyatini berdi”, — deydi Ajay Devgan.
U nafaqat mahoratli aktyor, balki kino dinamikasini tushunadigan va olgan bilimlarini o‘zining prodyuserlik kompaniyasida qo‘llaydigan zukko ishbilarmon hamdir.
Devgan bu haqda shunday deydi: “Men uchun film suratga olish — ishbilarmonlik va aktyorning ishtiyoqi o‘rtasidagi muvozanatni topish imkoniyatidir. Ko‘plab hind kinokompaniyalari budjetlarni nazorat qilish orqali Gollivud studiyalari tizimiga taqlid qilishga harakat qilmoqda, ammo bu ijodkorlik hisobiga bo‘lmasligi kerak. Men ham budjet doirasida ishlash uchun qo‘limdan kelganini qilaman, agar sahnani juda zarur deb hisoblasam, hech ikkilanmayman. Ish faqat biznes bilan bog‘liq emas”.
Uning sevimli Gollivud rejissorlari — Martin Skorseze va Jeyms Kemeron. Devgan ular haqida: “Bular o‘z ishining ustasi bo‘lgan rejissorlar. Ularning filmlarini tomosha qilsangiz, ijodda murosasiz ekani ayon bo‘ladi. Ha, ular ham studiya tizimida ishlashlari kerak, lekin harakat erkinligini hisobga olib, ular o‘zlarining hissiyotlariga ustunlik berishadi. Shuning uchun men o‘zimni mamnun qiladigan filmlar suratga olish uchun o‘z kompaniyamni ochdim”, — deydi.
Ajay Devganning sevimli filmi — “Raju amaki” (2000). “Dekoratsiyadan tortib afisha, tasvir, chiqarilish vaqtigacha ushbu film boshqalarnikidan farqli o‘laroq biz yurgan yo‘ldan bormagan. Budjet o‘sha paytda chiqarilgan boshqa ko‘plab filmlarga qaraganda kattaroq edi. Men hech qachon xarajatlarimni ayamaganman va natijalardan juda mamnunman. Kassada yaxshi natija bermagan bo‘lishi mumkin, lekin men xursand bo‘ldim. Bu film hali ham mashhur. U, albatta, o‘z vaqtida yetakchi edi”, — deydi aktyor.
Ajay rafiqasi, ajoyib iste’dodli aktrisa Kajol haqida gapirganda, uning yuzida tabassum paydo bo‘ladi. Ular 1999-yilda turmush qurgan va ikki farzandi bor: qizi Nisa va o‘g‘li Yug. Ularning bir-biriga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashi, hurmati va muhabbati taftidan qalblari bugungacha isib kelmoqda.
Mavzuga doir: