Farg‘onada mast holatda onasini urib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan o‘g‘ilga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Marg‘ilon shahrida yashovchi Sobirov ruhiyati buzilgani sababli 2011-yildan buyon shahar asab kasalliklari shifoxonasida “D” nazoratiga olingan, muomalaga layoqatsiz deb topilgan. Ma’lum qilinishicha, fuqaro Sobirova (1961-yilda tug‘ilgan) o‘g‘li bilan 2008-yildan beri birga yashab kelgan. O‘g‘il onasi bilan yashab kelish asnosida fuqaro Qo‘ziyeva bilan shar’iy nikohdan o‘tgani, uni bir necha bor uyga olib kelgani va muntazam spirtli ichimliklar iste’mol qilib kelgani sabab oilada tez-tez kelishmovchiliklar sodir bo‘lib turgan.
2021-yilning 30-sentabr kuni soat 20:00 larda Sobirov mast holda yashash xonadoniga kelgan va onasi bilan janjallashgan. Jahli chiqqan o‘g‘il onasining ko‘zi va yelka sohalariga bir necha bor urgan. Oqibatda ayol voqea joyida vafot etgan. Shundan so‘ng o‘g‘il singlisiga onasini urib o‘ldirib qo‘yganini aytib, yashash xonadoni kalitlarini bergan va xabar olib qo‘yishini so‘ragan. Ayolning qizi Teshaboyeva esa bu haqda Toshloq tumani IIBga xabar bergan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishi doirasida fuqaro Sobirov Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan aybli deb topilgan.
Ta’kidlanishicha, ayblanuvchi Sobirov bundan avval o‘z otasining o‘limiga sababchi bo‘lib, Marg‘ilon sudining 2016-yil 9-fevraldagi hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 104-modda (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Bu safar erkakka uzil-kesil 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo qattiq tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Avvalroq Toshkent viloyatida o‘g‘il onasi bilan spirtli ichimlik ichib o‘tirgan shaxsni kaltaklab, o‘ldirib qo‘ygani, Navoiyda akasini ketmon bilan urib o‘ldirib qo‘ygan uka 5 yilga qamalgani to‘g‘risida xabar berilgandi.