Toshkent viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish boshqarmasida Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan nazorat tadbiri tashkil etilib, qator kamchiliklar aniqlandi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 2022-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, “Issiqlik manbai” tarkibida jami 51 ta qozonxona mavjud bo‘lib, ularning balans qiymati qariyb 1,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ammo nazorat tadbir davrida qozonxonalarning kadastr hujjatlari taqdim etilmagan hamda 7 dona qozonxona boshqa shaxslarga berib yuborilgani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, korxonada umumiy qiymati qariyb 6,5 milliard so‘m bo‘lgan qator moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Xususan:
- asossiz kiritilgan xarajatlar — 3,8 milliard so‘m;
- tovar moddiy boyliklarining kamomadi — 1,8 milliard so‘m;
- ortiqcha to‘langan ish haqi - 833,3 million so‘m;
- boshqa shaxslarga berilgan binolar qiymati — 46,8 million so‘m;
- yonilg‘i xarajatlarni ortiqcha sarflanishi — 45,5 million so‘m.
Bundan oldin Bandlik vazirligi jamg‘armasiga noto‘g‘ri va ortiqcha sarflangan salkam 407 mln so‘m mablag‘ qaytarilgani, O‘zbekistondagi bog‘chalarda 9 oyda 6,6 mlrd so‘mlik ish haqi va tovarlar o‘zlashtirib yuborilgani, O‘zbekistondagi xorijiy korxonaning bosh hisobchisi 8,7 mlrd so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.