Sobiq murabbiy, futbol professori Rustam Akromov 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati ma’lum qildi.
Akromov O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakat milliy terma jamoasini boshqargan ilk murabbiy edi. 1992—1994-yillar mobaynida O‘zbekiston termasida faoliyat olib borgan mutaxassis jamoa bilan 1994-yilgi Osiyo o‘yinlarida g‘olib chiqqan.
Akromov 1948-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati mobaynida “ASK Politotdel” (1967—1973) va “Paxtakor” (1967—1973) klublarida to‘p surgan. Murabbiylik faoliyatini Moskvaning “SSKA” klubi yoshlar jamoasida boshlagan mutaxassis keyinchalik “USM Jazoir” klubi (1990-1991) klubiga o‘tgan. 1992-yilda Jazoir terma jamoasiga ustozlik qilgan. 1992—1994-yillarda O‘zbekiston terma jamoasida faoliyat olib borgan. 1994-yilda esa “Paxtakor” klubida bosh murabbiy sifatida ishlagan. 1995—1997-yillarda Hindiston terma jamoasida ishlagan.
Keyinchalik mutaxassis OFK, FIFA tashkilotlarida instruktor bo‘lib faoliyat olib bordi.
Rustam Akromov “Shuhrat” medali hamda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.