“Tolibon” hukumati Afg‘onistonda hokimiyatga kelganidan buyon ilk bor rahbarlik lavozimlariga ayollarni tayinlagani haqida ma’lum qildi.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulla Mujohidning Twitter’da yozishicha, doktor Malalay Rahim Kobuldagi ixtisoslashtirilgan tug‘ruqxonaga, doktor Arian esa Kobul tibbiyot universiteti klinikasiga rahbarlik qilishni boshlagan.
EFE nashri ta’kidlaganidek, ayollarning rahbarlikka tayinlanishi toliblar hukumati uchun misli ko‘rilmagan qadamdir. “Tolibon” davrida ayollar faqat ba’zi davlat tuzilmalarida, masalan, ta’lim muassasalarida oddiy lavozimlarda ishlaydi.
Avvalroq “Tolibon” Afg‘onistonda talabalar uchun universitetlarni qayta ochishga ruxsat bergandi. Shu bilan birga, Afg‘oniston oliy ta’lim vaziri qizlarning ham OTMlardagi o‘quv mashg‘ulotlariga qaytish yoki qaytmasligi to‘g‘risidagi savolga javob berishni istamagan. Bungacha “Tolibon” joriy yil 21-martdan boshlab, ya’ni yangi o‘quv yilidan mamlakat bo‘yicha qizlar uchun maktablar ochilishini va’da qilgan.
“Tolibon” mamlakatda yana hokimiyat tepasiga kelgan avgust oyida harakat matbuot kotibi Zabihulla Mujohid ayollarga “islom qonunlari doirasida” ishlash, o‘qish va jamiyat boshqaruvida ishtirok etishga ruxsat berilishini aytgan edi.
Keyinchalik Mujohid Afg‘onistondagi ishlaydigan ayollarni o‘z xavfsizligi uchun uydan chiqmaslikka chaqirgan. “Bizning xavfsizlik kuchlarimizga ayollar bilan qanday munosabatda bo‘lish, ular bilan qanday muloqot qilish haqida o‘rgatilmagan. Mamlakatda to‘liq xavfsizlik o‘rnatilmaguncha ayollardan uyda qolishini so‘raymiz ”, — degan harakat vakili.