Professional boksdagi faoliyatini yakunlagan Shohjahon Ergashev qisqa muddatdan so‘ng Salita Promotions bilan yangilangan shartnoma imzoladi. Bu haqida sportchining o‘zi Boxingscene’ga ma’lum qildi.
Ergashev o‘zining qaytishini quyidagicha izohladi.
O‘zimni juda ilhomlangan his qilmoqdaman va ringda ustunlik qilishga tayyorman. Salita Promotions bilan kelishuvimiz ikkala tomon uchun ham foydali va samarali bo‘ldi, faoliyatimni davom ettirishdan mamnunman. Amerikalik muxlislarimni sog‘indim, yana bir bor ringda kuch va mahoratimni ishga solib, ajoyib nokautlar hamda hayajonli janglar namoyish etishga tayyorman.Bokschi bilan shartnoma imzolagan Dmitriy Salita ham Ergashevning qaytganidan xursandligini bildirdi: “Bokschidan mamnunman. Unda kuchli salohiyat bor. Shohjahon Ergashevni xalqaro boks yulduziga aylantirish uchun birgalikda ishlashni intiqlik bilan kutyapmiz.Shohjahon Ergashev, bokschi
24-yanvar kuni Ergashev professional boksdagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi. Unda sportchi boksni butunlay tashlamasligini, bir kun qaytsa ham o‘zi uchun qaytishini ma’lum qilgandi.
Ergashev so‘nggi jangini 2021-yilning dekabrida o‘tkazib, unda Tailand vakili Aekkaueye Kaumaneni muddatidan avval mag‘lub etgandi. Shohjahon Ergashev prof boksda jami 21 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan. 19 ta jangda raqiblarini nokaut evaziga taslim qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shohjahon 1,5 yildan buyon Salita Promotions kompaniyasi bilan sudlashmoqda. Promouterlik kompaniyasi 2020-yil sentabrida Shohjahon Ergashevni boshqa promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan jangdagi ishtiroki ortidan sudga bergandi. Sud jarayoni esa hamon davom etayotgandi. Avvalroq sportchi kompaniya bilan yarashmoqchi ekanini yozgandi.