Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga doir yig‘ilishda maishiy chiqindiga to‘lov yig‘ish tizimi haqida gapirib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda Toshkent shahridagi “Maxsustrans” korxonasining transformatsiya jarayonlarini yakunlab, uning negizida xususiy sherikchilik korxonasini tashkil etishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Maishiy chiqindiga to‘lov yig‘ishning amaldagi tizimi samarasiz ekani ta’kidlanib, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda maishiy chiqindilarga to‘lovlarni undirishning mutlaqo yangi tizimini yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Shuningdek, organik, qurilish, tibbiyot chiqindilarini yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilishning xavfsiz tizimini yaratiladi. Shu munosabat bilan 1-iyulga qadar chiqindi korxonalari negizida har bir viloyatda 1 tadan tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish markazini tashkil etish topshirilgan.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda 165 gektar maydondagi 24 ta chiqindi poligoni 1-mayga qadar ko‘miladi
- O‘zbekistonda chiqindi to‘plash uchun import qilinadigan texnika va ehtiyot qismlar 3 yil muddatga bojxona bojidan ozod etiladi
- O‘zbekistonda maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi eng yuqori bo‘lgan viloyatlar ma’lum qilindi