Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasi haydovchisi 600 dollar pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning “Daryo” so‘roviga asosan ma’lum qilishicha, haqiqatan ham Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi haydovchisi N.T. va Navoiy shahar xalq ta’lim bo‘limi kadrlar bo‘yicha inspektor-metodisti U.I. pora olgan vaqtida ushlangan.
N.T. fuqaroni Navoiy viloyat XTBda ishlovchi tanishi orqali Navoiy shahridagi maktablarning biriga rus tili fani o‘qituvchisi vazifasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga pora tariqasida 600 dollar talab qilgan. 29-yanvar kuni soat 11:30 larda Navoiy shahar Yoshlik ko‘chasidagi “Yoshlar kelajagimiz jamg‘armasi” binosi oldida talab qilingan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shundan so‘ng departamentning viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davom ettirilib, Navoiy shahar XTB kadrlar bo‘yicha inspektor-metodisti vazifasini bajaruvchi U.I. 29-yanvar kuni soat 13:50 larda N.T.dan talab qilingan kimyoviy ishlov berilgan 600 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi haydovchisi N.T. va Navoiy shahar xalq ta’limi bo‘limi kadrlar bo‘yicha inspektor-metodisti vazifasini bajaruvchi U.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan firibgarlik) va 28, 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda tuman XTB mudiri o‘rinbosari 300 dollar pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgan edi. U ham bu pul evaziga tuman maktablarining biriga o‘qituvchi lavozimiga ishga olib kirib qo‘yishini va’da qilgandi.
Mavzuga doir:
- Samarqandda “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga ishga kiritib qo‘yish uchun 3 ming dollar pora olgan temiryo‘lchi ushlandi
- Navoiyda tug‘ruqxonaga ishga kiritib qo‘yish uchun fuqarodan 7 mln so‘m olgan shifokor qo‘lga olindi
- Farg‘onada 200 dollar pora bilan qo‘lga tushgan bog‘cha mudirasiga jazo tayinlandi
- Buxoroda shifoxonaga ishga kiritib qo‘yish evaziga fuqarodan 500 dollar so‘ragan shaxs qo‘lga olindi