O‘zbekiston yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari tafsilotlarini taqdim etamiz.

Xorazmda “Niva” kanalga tushib ketdi

19-yanvar kuni Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchi fuqaro viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 1050 qisqa raqamiga murojaat qilib, noqulay ob-havo sharoiti tufayli “Niva” haydovchisi boshqaruvni yo‘qotish oqibatida Urganch tumani “Cholish” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan kanalga tushib ketganini aytib, amaliy yordam berishni so‘ragan.

Shunga ko‘ra, boshqarma yong‘in-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borib, maxsus asbob-anjomlar va texnika yordamida avtomobil kanaldan olib chiqilgan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Yunusobodda “Lada” va “Gazel” to‘qnashdi

Foto: YHXBB

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yil 19-yanvar kuni soat 12:40 larda Toshkent shahar Yunusobod tumani Ahmad Donish va Yunus ota ko‘chalari kesishgan chorrahada “Lada” va “Gazel” transport vositalari ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

To‘qnashuv oqibatida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q. Mazkur holat yuzasidan haydovchilar tomonidan YTH to‘g‘risidagi xabarnoma to‘ldirilgan.

Farg‘onada Lacetti chaqaloqni bosib ketdi

2022-yil 19-yanvar kuni soat 11:00 larda Farg‘ona shahar hududidan o‘tuvchi 4R-140A avtomobil yo‘lining 8-kilometrida haydovchi Y.A. (1987-yilda tug‘ilgan) Lacetti rusumli avtomobilni boshqarayotib, piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan fuqaro M.M.ni (2001-yilda tug‘ilgan) urib yuborgan va uning qo‘lidan tushib ketgan farzandini F.M.ni bosib ketgan.

Hodisa oqibatida piyoda M.M.ga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan, farzandi F.M. esa (2021-yilda tug‘ilgan) tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jizzaxda Lacetti piyodani urib ketdi

Forish tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi Jizzax–Forish–Qizilcha 4R-36 yo‘lining 110-kilometrida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Navoiy viloyati Nurota tumani “Sentop” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi shaxs boshqaruvidagi Lacetti bilan yo‘l chetida turgan piyodani urib yuborgan. Hodisaga quyuq tuman sabab bo‘ldi.

Forish tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydigan jabrlanuvchi bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, chap oyoq boldir suyagi sinishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Yashnobodda Matiz ag‘darilib, Spark bilan to‘qnashdi

Foto: Toshkent shahar IIBB

2022-yilning 19-yanvar kuni soat 00:30 larda Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasining ikkinchi darajali yo‘lida haydovchi A.N. (1989-yilda tug‘ilgan) Matiz avtoulovini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida beton to‘siqqa urilgan. Oqibatda avtoulov ag‘darilib, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishidan harakatlanib kelayotgan haydovchi F.Sh. (1997-yilda tug‘ilgan) boshqaruvidagi Spark bilan to‘qnashuv sodir etgan.

To‘qnashuv oqibatida Matiz haydovchisi A.N. o‘ng oyoq ezilib yirtilgan jarohati, bosh va yuz shilinishi tashxisi bilan; Spark yo‘lovchisi F.M. (1981-yilda tug‘ilgan) bosh sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va chap qosh sohasi ezilib yirtilgan jarohati bilan kasalxonaga murojaat qilgan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasiga Matiz haydovchisining mast holatda rul boshqaruvini yo‘qotgani sabab bo‘lgan.