Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

O‘zbekistonda islohotlarning jadallashuvi, sanoatning rivojlanishi, aholi soni ko‘payishi natijasida energiyaga bo‘lgan talab keskin oshishi, 2030-yilga borib qariyb 2 barobarga ortishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ma’lum qilindi, deb xabar beradi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilish ishtirokchilari dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilgan.

Ta’kidlanishicha, uglevodorodlar zaxiralari yil sayin kamayib borib, jahon bozorida neft va gaz narxi ko‘tarilmoqda, bu esa o‘z navbatida insoniyatga quyosh, shamol va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keng joriy etishni taqozo etmoqda.

O‘zbekistonda islohotlarning jadallashuvi, sanoatning rivojlanishi, aholi soni ko‘payishi natijasida energiyaga bo‘lgan talab keskin oshishi, 2030-yilga borib qariyb 2 barobarga ortishi kutilmoqda.

“Shundan kelib chiqqan holda barqaror rivojlanish sohasidagi eng muhim milliy maqsad va vazifalaridan biri 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya ulushini jiddiy ravishda ko‘paytirishdan iborat. Bu borada bir qator amaliy ishlar qilinmoqda”, — deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligining pastligi, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish, texnologiyalar yangilanishining sustligi, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etishda xususiy sektor ishtiroki yetarli emasligi mamlakatni barqaror rivojlantirish sohasidagi ustuvor milliy maqsadlar va vazifalarga erishishga o‘zining ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

Bu borada iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, aholini arzon va qulay energiya bilan ta’minlashda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hozirda dolzarb yo‘nalishlardan biridir.

Shu maqsadda 2022-yilda Qoraqalpog‘istonda 1700 megavattlik shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha bitimi imzolanishi rejalashtirilayotgani alohida qayd etilgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni tizimli ravishda tashkil etish yuzasidan dastur ishlab chiqish taklifi berilgan.

Bu borada “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida” qonunda ko‘zda tutilgan soliq, bojxona va boshqa imtiyozlarni joriy qilish orqali xorijiy investitsiyalar va mahalliy tadbirkorlarni sohaga jalb etish va kadrlar tayyorlash masalalari muhimligi ta’kidlangan.

Shuningdek, yig‘ilishda bugungi kunda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot Strategiya loyihasida ham mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni kengaytirish orqali iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgani qayd etib o‘tilgan.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Hujjat loyihasida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizga qisqartirish maqsad qilingan.

Strategiya loyihasida 2026-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichini qo‘shimcha 40 milliard kilovatt/soatga oshirib, jami 110 milliard kilovatt/soatga yetkazish, 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash hamda havoga chiqariladigan zararli gazlarning hajmini 8 mln tonnaga kamaytirish ham maqsad qilingini tilga olingan.

Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 8 ta shamol elektr stansiyalarni qurish hisobiga 4 gigavatt, 10 ta quyosh fotoelektr stansiyalar ishga tushirish orqali 4 gigavattga qo‘shimcha quvvatlarni barpo etishni qamrab olgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Avvalroq 2022-yilda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 10 ta bitim imzolanishi, Qashqadaryoda quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Foto: Boks afsonasi Mayk Tayson nogironlar aravachasida
Dunyo
Argentinada ish haqini oshirish talabi bilan ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda (foto)
Mahalliy
“Avtomobillarga gazni belgilangan miqdordan ortiq quyish holatlariga bir necha bor guvoh bo‘ldik” —  senator