Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning 30-dekabr kuni “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytiriladi. Moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori besh baravarga, daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshiriladi.
Talabni buzgan qurilish-pudratchi tashkilotlarning “Shaffof qurilish” tizimidagi darajasi bir pog‘ona pasaytiriladi. Ular bir yil mobaynida reytingda ko‘tarilish imkonidan mahrum qilinadi. Darajasini pasaytirish imkoni bo‘lmagan tashkilotlar bir yil muddatga elektron reytingdan chiqarib tashlanadi.
Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022-yil 1-apreldan boshlab daraxt, buta, o‘simlik va nihollarni qonunga xilof kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqida fotosurat va videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslarga pul to‘lanadi. Fuqarolar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng mablag‘ bilan rag‘batlantiriladi. Bunda:
- mablag‘ huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan to‘lanadi;
- foto va videolarni taqdim etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilmaydi;
- rag‘batlantirish huquqbuzarlik bo‘yicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qo‘llanadi;
- huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan so‘ng kelib tushgan xabarlar bo‘yicha rag‘batlantirish amalga oshirilmaydi;
- huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar 102 tezkor qisqa raqami yoki “Ekonazorat” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 1-sentabrdan buyon bazaviy hisoblash miqdori 270 ming so‘m hisoblanadi.
Mavzuga doir:
- “Bir kilo vazn tashlaganga 500 ming so‘m beramiz”. Xayrullo Bozorov ortiqcha vazndan xalos bo‘lgan amaldorlar va fuqarolarga pul to‘lanishini ma’lum qildi
- Qashqadaryo hokimi mahallasida ajrim kuzatilmagan raislarga 10 mln so‘m mukofot berib, eng yaxshi sihatgohlarga yuborishni va’da qildi
- “Ertalab va kechqurun piyoda yurishni tashkil qilgan mahalla raislari va tashkilot rahbarlarini Dubayga yuboraman”. Shuhrat Abdurahmonov qancha pul ketsa ham odamlarni yurgazishini ma’lum qildi