O‘zbekistonning vakolatli davlat tashkilotlari tomonidan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida 2021-yil boshidan qanday ishlar amalga oshirildi? Xorijdagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun qanday choralar ko‘rildi? Xususiy bandlik agentliklari faoliyati hozirgi kunda qanday kechmoqda? Quyida — shular haqida batafsil.

Foto: “Review.uz”

Xususiy bandlik agentliklari yil boshidan beri 500 kishini xorijga jo‘natdi

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Xususiy bandlik agentliklari reyestridan 2018—2021-yillar davomida 108 ta yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 78 tasiga xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqini taqdim etuvchi litsenziya berilgan. Ayni vaqtda, 2021-yil 20-noyabr holatiga 70 ta agentlikning litsenziyasi bekor qilingan bo‘lib, hozirgi vaqtda litsenziyaga ega 8 agentlikdan faqat 6 tasi faoliyat yuritmoqda (qolgan ikki agentlikdan birining litsenziyasi tiklash jarayonida, ikkinchisining litsenziyasi esa sud tomonidan to‘xtatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yil boshidan beri jami 500 nafar o‘zbekistonlik xususiy bandlik agentliklari tomonidan xorijda (Rossiya, Polsha, Saudiya Arabistoni, Bolgariya, BAA kabi mamlakatlarda) ishga joylashtirilgan. Jumladan, 369 kishi Migration Consulting Agency tomonidan, 84 nafari Turon World Cooperation agentligi tomonidan, 31 nafari Priority International agentligi tomonidan, 16 nafari esa Specialist Group tomonidan ishga joylashtirilgan.

O‘zbekistonlik migrantlarga qanday yordamlar ko‘rsatilmoqda?

2021-yilning yanvar—oktabr oylari davomida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga salkam 220,1 ming murojaat tushgan bo‘lib, ularning 154 mingdan ortig‘i xorijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ishga yuborish, 775 tasi oylik va kompensatsiyalarni undirishda yordam ko‘rsatish, 909 tasi agentlikka to‘lagan mablag‘ini qaytarish bo‘yicha. Shuningdek, xorijda og‘ir ahvolda qolib ketgan fuqarolardan 10 928 ta murojaat kelib tushgan. “Murojaatlar bo‘yicha agentlikning tegishli boshqarma va bo‘limlari, xorijdagi vakolatxonalari hamda hududiy filiallari tomonidan tegishli huquqiy maslahatlar, ijtimoiy va moddiy yordamlar ko‘rsatilgan”, — deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborotida.

Agentlik tomonidan 2021-yilning 10 oy davomida xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 7 992 nafar o‘zbekistonlik mehnat migrantiga huquqiy yordam, 288 352 nafariga maslahat xizmatlari, 6 194 nafariga ijtimoiy yordam, 10 ming 951 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 5 984 nafar mehnat migrantiga bir martalik moddiy yordam ajratilgan bo‘lsa, 308 nafar mehnat migranti vaqtincha xostelga joylashtirilgan. Xorijda vafot etgan 361 nafar fuqaro jasadi vatanga olib kelingan, xorijda qiyin ahvolda qolgan 408 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgan. Og‘ir tan jarohati olgan 12 nafar migrantning tibbiy xizmat xarajatlari qoplab berilgan. Shuningdek, mehnat migrantlarining ish beruvchilar tomonidan to‘lanmay turgan qariyb 892,1 ming dollar miqdoridagi ish haqi va pullik kompensatsiyalari undirib berilgan.

2021-yilning yanvar—oktabr oylari davomida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tashqi mehnat bozoridagi 382 ta salohiyatli ish beruvchilar va rekruting agentliklari bilan muzokaralar o‘tkazilib, ulardagi 69 ming 271 ta bo‘sh ish o‘rinlari aniqlandi. Ayni vaqtda, agentlik tomonidan 91 958 nafar fuqaro xorijiy davlatlarda ishga joylashtirildi. Shundan 84 574 nafari Rossiyaga, 6 197 nafari Qozog‘istonga, 1 174 nafari Janubiy Koreyaga (E-8 vizasi va mehnat shartnomalarini qayta tiklash hisobiga), 7 nafari BAAga, 2 nafari Turkiyaga, 2 nafari Polsha va yana 2 nafari boshqa davlatlarga ishga joylashtirildi. O‘z navbatida, O‘zbekistondagi kasb-hunar markazlariga 45 247 nafar fuqaro, Rossiyada tashkil etilgan kasb-hunar markazlariga 951 nafar fuqaro o‘qishga jalb qilingan.

Foto: “Sputnik”

O‘zbekistonlik mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Rossiyadagi 18 ta, Qozog‘istondagi to‘rtta, Turkiyadagi uchta — jami 25 ta yuridik (advokatlik) tashkilotlari bilan hamkorlik bitimlari mavjud bo‘lib, ularga mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 92 ta so‘rovnoma (keys) yuborilgan.

Bu hali hammasi emas

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvanju (Janubiy Koreya) shahridagi vakolatxonasi tomonidan yil boshidan ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan vatandoshlar murojaatlari doirasida elchixona vakillari bilan birgalikda uchrashuvlar, madaniy, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda, o‘zbekistonliklar ko‘p bo‘lgan yirik korxonalarda ularga yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilmoqda. May oyida Mokpo shahridagi o‘zbekistonlik 300 kishi ishlaydigan Hyundai Samho kemasozlik zavodi, Cheju shahridagi TG-Tegukongopsa plastik mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasidagi shart-sharoitlar, ish va yashash joylari o‘rganilib, pandemiya davrida ta’tilga borib kelish tartibi, bir yilga uzaytirilgan viza masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov rahbarligidagi delegatsiya 2021-yilning iyun oyida Janubiy Koreyaga xizmat safari davomida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bandlik vazirligi, Immigratsiya xizmati, Kvanju, Munju shaharlari meriyalari rasmiylari, shuningdek yirik ish beruvchilar, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mehnat migrantlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Sentabrda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari A.Irmatov Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘lib, u yerda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining yashash va ish sharoitlarini o‘rgandi, Yanggu okrugi ma’muriyati bilan E-8 va E-9 ishchi vizalari bilan o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilish, ish joyidan qochib ketgan fuqarolar masalalarini muhokama qildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov rahbarligidagi delegatsiya 11—16-aprel kunlari murojaatlar eng ko‘p tushayotgan Moskva shahri va Moskva viloyatida mehnat migrantlarning muammolarini hal etish, tahlil qilish, sayyor qabullar o‘tkazish va huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xizmat safarini amalga oshirdi. 24—26-aprel kunlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining noroziligi aks etgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video murojaatlari voqea joyiga borib o‘rganildi hamda ularning muammolari bartaraf etildi. 3—10-may kunlari agentlik vakolatxonasi tomonidan “Antek” va “Monolit Kapital Stroy” qurilish kompaniyasidagi 500 ga yaqin fuqaro shikoyatlari asosida ularning huquqlarini himoya qilish va ish haqlarini undirib berish maqsadida Moskva prokuraturasi, Tergov qo‘mitasi hamda Mehnat inspeksiyalariga murojaat qilindi.

O‘zbekiston bosh vaziri maslahatchisi M.Xayriddinov rahbarligidagi delegatsiya 14—28-may kunlari Rossiyaning turli viloyat va okruglarida xizmat safarlarida bo‘ldi. Tashrif davomida 16-may kuni Amur viloyati Svobodniy shaharchasidagi “Amurgaz” (AGPZ) qurilish maydonchasi (pudratchilar: Renaissance Heavy Industries — o‘zbekistonlki 8 ming ishchini yollagan, Yamata — 2,4 ming o‘zbekistonlikni yollagan), 21-may kuni Sverdlovsk viloyatidagi “Texstroy” (750 nafar o‘zbekistonlik), “Stroypol” kompaniyalari (250 nafar o‘zbekistonlik), 27-may kuni Murmansk viloyatidagi yirik dengiz inshootlari qurish bo‘yicha ixtisoslashgan “Novatek” (4,3 ming o‘zbekistonlik) kompaniyasi va “Parus” (210 nafar o‘zbekistonlik) baliqchilik sanoati korxonalarida ishlayotgan o‘zbekistonliklarning mehnat sharoitlari, bajarilayotgan ish hajmi va to‘lanayotgan ish haqi, qurilish obyektlarida va yashash joylarida mas’ul shaxslarning munosabati kabi jarayonlarda yuzaga kelayotgan muammolar o‘rganildi.

Iyun oyida Novosibirsk shahridagi 40 nafar mehnat migranti istiqomat qiladigan yotoqxona, Samara shahridagi “Teplichniy” korxonasi, Ufa shahridagi “KX Mechta” va “BOOS” bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarida 47 nafar mehnat migrantlari murojaatlari (ish haqi bermaslik, hujjatlarning olib quyilishi va boshqa) joyiga chiqib o‘rganildi. 13-iyul kuni Xanti-Mansiysk avtonom okrugidagi “Nyagan montajstroy” qurilish korxonasida, 27-iyul kuni Sverdlovsk viloyatidagi “PUSK” tashkilotining qurilish maydonlarida ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ish sharoiti, ular tomonidan bajarilayotgan ish hajmi va to‘lanayotgan ish haqi, qurilish maydonlarida va yashash joylarida mas’ul shaxslarning munosabati kabi jarayonlarda yuzaga kelayotgan muammolar o‘rganildi.

Foto: “Kloop.kg”

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari X.Fayzullaxo‘jayev rahbarligidagi ishchi guruh 14—16-iyul kunlari Cherkessk shahridagi “Yujniy” agrokombinatida, 29-iyul—3-avgust kunlari “Yujniy” agrokombinati va Krasnodardagi “Noviye lyudi” tashkilotlariga yuborilgan mehnat migrantlarining noroziligi aks etgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatlarini voqea joyiga borib o‘rgandi hamda ularning muammolarini bartaraf etdi.

25—29-avgust kunlari qurilish sohasi yetakchilardan hisoblangan “PIK” kompaniyalari guruhi tarkibiga kiruvchi korxonalar (“PIK-Industriya”, “SpetsGrad” va boshqalar) mansabdorlari hamda mazkur korxonalarda ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. 27-avgust kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand viloyati filiali rahbari — viloyat hokimining tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha yordamchisi U.Normurodov Moskva viloyati, Naro-Fominsk temirbeton konstruksiyalari zavodida ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi.

“Muhokamalar davomida ish beruvchilar mehnat migrantlarini sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish va tibbiy xizmat ko‘rsatish, ishchilarga mehnat muhofazasi va xavfsizligi talablari bo‘yicha sharoitlar yaratish, yashash va ish joylari uchun zarur bo‘lgan maishiy texnika hamda boshqa jihozlar bilan qisqa muddatda ta’minlashni bildirdi. Shuningdek, ishchilarga har bir bajarilgan ish hajmi va soatbay to‘lanadigan maoshlarni o‘z vaqtida berish va ularga to‘langan ish haqlari to‘g‘ri hisoblangani bo‘yicha ma’lumot taqdim etishga kelishib olindi”, — deyiladi agentlik axborotida.

Shuningdek, 16—19-iyun kunlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari Qozog‘istonning Olmaota, Turkiston viloyatlari, Toldiqo‘rg‘on shaharlarida bo‘lib, mehnat migrantlarining yashash va ish joylarida yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi, aniqlangan muammolarni bartaraf etdi.