Anime mavzusi haqida gap ketganda Xayao Miyazaki ijodiga nazar tashlamaslikning iloji yo‘q: u animelaridagi ranglar uyg‘unligi, nozik did bilan tanlangan musiqa, sehrli olami bilan butun dunyoga tanilgan buyuk rejissordir. Miyazakining multfilmlari bir qarashda bolalarga atalgandek tuyulishi mumkin, lekin ular nafaqat ajoyibligi, balki kattalarni ham o‘ziga tortadigan chuqur ma’noga ega ekani uchun sevib tomosha qilinadi.

Foto: “Vsemayki.ru”

Yaponiyaning milliy ramzi va butun dunyo tan olgan daho

Miyazaki — Yaponiyada ham, dunyoda ham olamshumul mashhurlikka erishgan animator. Ehtimol, rejissorning ishi an’anaviy yapon motivlarini global mavzular bilan mohirona uyg‘unlashtira olgani uchun ham nafaqat yaponlarga, balki boshqa mamlakatlar tomoshabinlariga ham tushunarli va ko‘ngilga yaqin bo‘lgandir.

Miyazaki studiyasida ishlab chiqarilgan birinchi film — “Laputa — samoviy qal’a” (1986) unga moliyaviy muvaffaqiyat va tomoshabinlar muhabbatini olib keldi. “Ruhlar olami” (2001) animesi esa yapon kinosi tarixidagi eng yuqori daromad keltirgan film bo‘ldi – u deyarli 380 million dollar yig‘di. Bu film, shuningdek, BBC talqiniga ko‘ra, barcha davrlarning 100 ta eng yaxshi xorijiy filmlari ro‘yxatiga kirgan yagona anime film hisoblanadi.

“Ruhlar olami” filmi

Foto: Getty Images

1985-yilda Xayao Miyazaki va Isao Takahata shaxsiy studiya — Studio Ghibli’ga asos solishgan. Studiyaning ko‘plab filmlari Animage Gran-pri mukofotiga sazovor bo‘lgan. Studiya nomi Miyazaki tomonidan tanlangan bo‘lib, arabcha “issiq cho‘l shamoli” (قبلي, ghiblī) degan ma’noni anglatadi.

Hozirda Tokioda Miyazaki ijodi va umuman olganda, animatsiyaga bag‘ishlangan Studio Ghibli’ning butun boshli muzeyi mavjud.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Muzey anime tarixi haqida hikoya qiladi, studiyaning mashhur filmlarining kadrorti jarayonlari tasvirlangan va muzey uchun maxsus tayyorlangan qisqa metrajli filmlarni kun bo‘yi namoyish etadi. Muzeyda yozuvchining mashhur asarlari uslubida yaratilgan bolalar uchun maxsus xona ham mavjud: bu yerda hatto “Totoro”dagi mushuk-avtobus ham bor.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Miyazaki Yaponiyadan boshqa mamlakatlarda ham juda mashhur. Uning ijodi ko‘plab G‘arb yulduzlari tomonidan yuqori baholanadi. Masalan, Ilon Mask “Malika Mononoke”ni yaxshi ko‘rishini, boshqa yulduzlar — Uill Smit, Kanye Uest, Robert Pattinson, Robin Uilyams, Kianu Rivz esa Miyazaki filmlariga bo‘lgan muhabbatlarini tan olgan.

Foto: “Vsemayki.ru”

Miyazaki asarlari professional hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilgan: 1997-yilda chiqarilgan “Malika Mononoke” unga katta shuhrat keltirdi — Miyazaki Amerikaning “Enni” mukofotiga nomzod bo‘ldi. “Ruhlar olami” filmi 2003-yilda “Eng yaxshi animatsion film” nominatsiyasida “Oskar”ni qo‘lga kiritib, Berlin kinofestivalida “Oltin ayiq” mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Miyazakiga kimlar taqlid qiladi va undan ilhomlanadi?

Miyazaki taniqli rejissor va animatorga aylangach, u nafaqat o‘zining vatani Yaponiyada, balki xorijda ham ko‘plab yosh mualliflarning ilhom manbayiga aylandi.

Agar uning ta’siri haqida gapiradigan bo‘lsak, gapni Studio Ghibli’dan boshlash lozim. Studiya filmlarining aksariyati ijodkorlarning o‘zlari tomonidan suratga olingan, ammo so‘nggi paytlarda Ghibli’da boshqa mualliflarning ko‘plab ijod namunalari ham paydo bo‘la boshladi.

Foto: “Vsemayki.ru”

Xayao Miyazaki uslubi va an’analarining asosiy davomchilaridan biri uning o‘g‘li — Goro bo‘lib, uning filmografiyasida Studio Ghibli tomonidan chiqarilgan ikkita to‘liq metrajli kartina — “Yer dengizi ertaklari” (2006) va “Kokuriko yonbag‘irlari bo‘ylab” (2011), 26-qismli anime-serial “Roni — qaroqchi qizi” (2014) va “Aya va jodugar” (2020) ekran yuzini ko‘rgan. Bu filmlarda ham o‘ziga xos rasm chizish uslubi va bir-biriga o‘xshash mavzular — antimilitarizm, ekologiya muammolarini ko‘rish mumkin.

Xuddi shu studiyada Miyazaki rahbarligida yana bir rejissor Xiromasa Yonebayashi o‘z iste’dodini yuzaga chiqargan. U “Arieti — Lilliputlar mamlakatidan” (2010) va “Marni haqida xotiralar” (2014) filmlarini suratga olgan, bu animelarda ham Miyazaki ta’siri yaqqol seziladi: qahramon-qizlar, tabiatga muhabbat, sehrli manzaralar. Keyinchalik Xiromasa Yonebayashi studiyani tark etdi, lekin baribir ustozining uslubi bo‘yicha faoliyat yuritishda davom etdi: uning yangi “Mari va jodugar guli” asari uslub jihatdan Miyazakining “Jodugarning yetkazib berish xizmati” multfilmiga juda o‘xshaydi.

Zamonaviy yapon animatsiyasining yana bir ustasi — Makoto Shinkayani (“Soniyasiga besh santimetr”, “Bulutlar ortida” va boshqalar) “yangi Miyazaki” deb atashadi. Uning o‘zi ham ijodida Ghibli asoschisining ta’siri katta bo‘lganini tan oladi. Bu, ayniqsa, uning “Unutilgan ovozlarni tutuvchilar” asarida yaqqol seziladi. Mazkur film va Miyazakining “Harakatlanuvchi qal’a” kartinasi o‘rtasidagi umumiy assotsiatsiyalarni ko‘rish mumkin.

“Unutilgan ovozlarni tutuvchilar”

Foto: Getty Images

Miyazaki G‘arb animatorlariga ham yaxshigina ilhom berdi. Misol uchun, Amerikaning Pixar studiyasining taniqli rejissori, ko‘plab Pixar multfilmlari prodyuseri, “Avtomobillar” va “O‘yinchoqlar tarixi” multfilmlari yaratuvchisi Jon Lasseter ko‘p yillardan beri Miyazaki bilan do‘st bo‘lib, Miyazaki ijodidan hayratlanishi va undan ilhomlanishini ta’kidlaydi. Aynan Miyazaki tufayli u animatsiya nafaqat bolalarga, balki barcha yoshdagi tomoshabinlarga ham yoqadigan universal janr ekanini anglagan.

Pixar’ning yana bir rejissori Pit Dokter ham Miyazakining ashaddiy muxlisi hisoblanadi. U hatto ustaning ish jarayonini shaxsan o‘zi kuzatish uchun Yaponiyaga ham kelgan. Dokter filmlarida ham biroz bo‘lsa-da, Miyazaki ta’siri seziladi – uning ham personajlari oddiy odamlar bo‘lmaydi (“Tepaga” multfilmidagi keksa odam), qizlarni asosiy qahramonga aylantirishdan qo‘rqmaydi (“Boshqotirma”) va hatto yirtqich hayvonlar ham mehribon bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib bera oladi (“Maxluqlar korporatsiyasi”).

“Tepaga”

Foto: Getty Images

Miyazaki suratlarni hech qanday 3D’siz, faqat qo‘l mehnati bilan chizadi

Xayao Miyazaki sinchkov rassom: u avvaliga o‘z personajlarini kashf qiladi va qog‘ozga eskizini chizadi, shundan keyingina ularni ekranga o‘tkazadi. Shuning uchun ham filmlari ustida butun bir animatorlar jamoasi ishlayotgan bo‘lsa-da, har bir asar uning qo‘li bilan yaratilgan, deyishimiz mumkin.

G‘arb animatorlaridan farqli o‘laroq, Miyazaki o‘z asarlarida 3D, zamonaviy texnologiyalar va maxsus effektlardan deyarli foydalanmaydi. Rejissor landshaftlar, kundalik hayot va atrofdagi dunyo tafsilotlarini tasvirlashga katta e’tibor beradi.

Miyazaki filmlari ustida ishlaganda landshaftlar prototiplarini topish uchun ko‘p sayohat qiladi. Misol uchun, “Malika Mononoke” animesini yaratishda u Yaku oroli manzaralaridan, “Harakatlanuvchi qal’a”da esa Fransiyaning Kolmar va Rikevir shaharlari landshaftlaridan ilhomlangan.

Foto: Yaku oroli va “Harakatlanuvchi qal’a” kartinalaridagi manzaralar

Miyazakining chizish uslubi hozirgi zamonaviy yapon animatorlariga, ayniqsa, bir qolipdagi anime-seriallar yaratadiganlarga o‘xshamaydi. Uning personajlarining qomatlari to‘g‘ri nisbatlarga ega: katta-katta ko‘zlar, haddan tashqari bo‘rttirilgan tana a’zolari va turli rangdagi soch turmaklari yo‘q. Uning ijodi G‘arb animatsiyasidan sezilarli darajada farq qiladi — Miyazaki ko‘proq sokin va tabiiy ranglardan foydalanadi, u har bir mayda detalga, surat atmosferasini chizishga katta ahamiyat beradi.

Miyazaki animesining to‘rtta asosiy mavzusi

Miyazakidan intervyu olgan mashhur kinotanqidchi Anton Dolinning so‘zlariga ko‘ra, rejissor o‘tgan asrning 80—90-yillaridayoq biz bugungi kunda muhokama qilayotgan ko‘plab zamonaviy ijtimoiy mavzularni oldindan ko‘ra olgan: ekologik muammolar, feminizm, antimilitarizm va dunyoning “oq-qora”ligini qabul qilmaslik.

Ekologik muammolar

“Shamollar vodiysidan kelgan Navsikaya”ni eslang: dunyo odamlarga o‘zlarining aybi tufayli ekologik falokat bilan tahdid qilmoqda. “Malika Mononoke”da qurol ko‘targan odamlar daraxtlarni yo‘q qiladi, keyin esa o‘rmon ruhlari bilan jang qilishadi.

Miyazaki taraqqiyotni unchalik yoqtirmaydi: u smartfonlardan foydalanmaydi, televizor ko‘rmaydi. O‘zining aytishicha, agar Yaponiya qashshoqlashib, ishlab chiquvchilar bankrot bo‘lsa-yu, “yerdan yovvoyi o‘tlar unib chiqsa” rejissor bundan faqatgina xursand bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Xayao Tokorozava shahrida tashkil etilgan National Trust of Totoro qo‘riqxonasiga 3 million dollar xayriya qilgan. Rejissor bir vaqtlar shu shaharda yashagan va “Mening qo‘shnim Totoro” filmi voqealari aynan shu yerda bo‘lib o‘tadi. Tokorozava hozirda Tokioning “sokin tumani” bo‘lib, faollar uni turli xil qurilishlardan saqlab qolishga harakat qilmoqda. Miyazaki National Trust of Totoro’ga akvarelda ishlangan Totoroni sovg‘a qilgan: endi quyonsimon sichqon bu joyning rasmiy ramzi hisoblanadi.

Feminizm

Miyazaki qahramonlarining aksariyati kuchli, jasur qizlardir va bu Ghibli studiyasining birinchi ishi — “Shamollar vodiysidan kelgan Navsikaya” kartinasidan beri shunday bo‘lgan. Filmda yosh malika urushayotgan xalqlarni yarashtirishga va butun dunyoni qutqarishga intiladi.

Bu an’ana uning boshqa asarlarida ham davom etadi.

“Mening qo‘shnim Totoro”da o‘rmon ruhi faqat ikkita kichik qizgagina ko‘rinadi; “Laputa — samoviy qasr” filmida Sita ismli qiz sirli uchib yuruvchi orolni topishi va dunyoni qutqarishi kerak bo‘ladi.

“Laputa — samoviy qasr” filmi

Foto: Getty Images

“Ruhlar olami” filmida bosh qahramon nafaqat o‘zini, balki ota-onasini, shuningdek, yosh sehrgarni ham qutqarishi lozim. “Harakatlanuvchi qal’a”da o‘ziga ishonmaydigan qiz kuchli qahramonga aylanadi va hammani – qudratli sehrgar va jodugarlarni, olov jini va hatto dunyoni qutqaradi.

Miyazakining o‘zi bu haqda shunday deydi: “Mening ko‘p filmlarimda kuchli qahramonlar bor — dovyurak, o‘ziga ishongan qizlar, ular butun qalbi bilan o‘zari e’tiqod qo‘ygan narsa uchun kurashadilar. Ularga do‘st yoki yordamchi kerak, lekin haloskor emas. Men har bir ayol erkaklar kabi qahramon bo‘lishga qodir ekaniga ishonaman”.

Antimilitarizm

Miyazaki urushga nisbatan ikki yoqlama munosabatda. Bir tomondan, u urushni har tomonlama qoralaydi va u qanday dahshatli oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatadi. Biz buni urushlarda o‘zini yo‘q qilib yuborishiga oz qolgan insoniyat haqidagi multfilm “Shamollar vodiysidan kelgan Navikaya”da ko‘rishimiz mumkin.

Boshqa tomondan, u doimo muammoga turli tomonlardan qarashga harakat qiladi. Shuning uchun u “Shamol ko‘tarilmoqda” filmini Ikkinchi jahon urushi arafasida harbiy samolyotlarni loyihalashtirgan aviakonstruktor Jiro Xorikosiga bag‘ishladi. Anton Dolinga bergan intervyusida rejissor Italiyada aviakonstruktor Baron Kapronini fashist deb hisoblashlarini, ammo u uchun Kaproni faqatgina “fantazyor va ixtirochi” ekanini ta’kidlaydi.

Foto: Jiro Xorikosi va “Shamol ko‘tarilmoqda” filmi qahramoni

Umuman olganda, Miyazaki bolaligidan samolyotlarni yaxshi ko‘radi: uning otasi samolyot qismlarini ishlab chiqaradigan zavod rahbari bo‘lgan. Shuning uchun Miyazaki uchun parvoz qiluvchi odamlarni yovuz sifatida tasvirlash juda mushkul ish.

Mutlaq yovuzlikning yo‘qligi

Xayao Miyazaki filmlarining yana bir muhim jihati shundaki, unda bir yoqlama salbiy obrazlar yo‘q. Hatto jodugarlar, yovuz ruhlar va yirtqich hayvonlar ham mehr yoki hamdardlik ko‘rsatadilar. Masalan, “Harakatlanuvchi qal’a”dagi dahshatli jodugar, keyinchalik mehr va g‘amxo‘rlikka loyiq bo‘lgan zarari tegmaydigan kampirga aylanadi. Yovuz iblis fitratida esa maftunkor sehrgar Houl yashiringan bo‘lishi ham mumkin.

“Vayronalar jodugari”

Foto: Getty Images

Rejissor tomoshabinlarni (ayniqsa, bolalarni) dunyoni oq-qoraga ajratmaslikka, yomonlikdan ham yaxshilik topishga harakat qilishga chaqiradi. Eng muhimi, har bir insonning ichki dunyosi murakkab ekanini tushuntirishga harakat qiladi.

Kinotanqidchi Anton Dolinning ta’kidlashicha, Yaponiyada Miyazakini hamma joyda uchratish mumkin: har bir do‘konda uning o‘zi va qahramonlari tasviri tushirilgan mahsulotlar bor: ro‘zg‘or buyumlaridan tortib, niqoblargacha.

Foto: “Vsemayki.ru”

Foto: “Vsemayki.ru”

Foto: “Vsemayki.ru”

Foto: “Vsemayki.ru”

Foto: “Vsemayki.ru”

Foto: “Vsemayki.ru”

Foto: “Vsemayki.ru”

Hozirda buyuk yapon rejissori yozuvchi Genzaburo Yosinoning xuddi shu nomdagi kitobi asosida suratga olinayotgan “Qalaysiz?” nomli yangi multfilm ustida ishlamoqda.

Miyazaki hozirda ishlayotgan yangi multfilm voqealari asoslangan kitob muqovasi

Foto: “Kinopoisk.ru”

Multfilm 2021-yilda ekranlarga chiqishi kutilmoqda. Filmda bittagina kitobni juda yaxshi ko‘rgan 15 yoshli g‘ayrioddiy o‘smir haqida hikoya qilinadi. Hozirda sujet tafsilotlari haqida boshqa ma’lumotlar yo‘q, nima ham derdik, buyuk yapon rejissoridan hayratimizga sabab bo‘luvchi yana bir multfilmni intiqlik bilan kutib qolamiz.