Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili ochlikni to‘xtatdi (u oktabr boshida ochlik e’lon qilgandi). Bu haqda Saakashvilining advokati Nika Gvaramiyaga tayanib, “Rustavi 2” telekanali xabar berdi.
Shu bilan birga, advokatning ta’kidlashicha, Saakashvili ochlikdan jazoni ijro etish xizmatiga aloqador shifokorlar nazorati ostida chiqishni istamayapti va unga “ishonchli” shifokorlar bilan maslahatlashish imkoniyatini berishni talab qilmoqda.
Saakashvilining so‘zlariga ko‘ra, u Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining tegishli murojaatidan so‘ng ochlikni to‘xtatishga qaror qilgan. Shu bilan birga, Gruziyaning sobiq prezidenti uning ochlik e’lon qilishi “allaqachon qurolga aylanganini” ta’kidladi.
Saakashvili 1-oktabr kuni Gruziyada hibsga olinganidan so‘ng ochlik e’lon qilgandi. U 8 yillik muhojirlikdan keyin vataniga qaytib kelishi bilanoq qo‘lga olingan. Ochligining 39-kunida u qamoqxona kasalxonasiga o‘tkazilgan, biroq Saakashvili u yerda tibbiy yordam olishdan bosh tortgan.
10-noyabr kuni Tbilisida Saakashvilining 2007-yil noyabridagi muxolifat mitingini yoyish ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Biroq Gruziyaning sobiq prezidenti xavfsizlik nuqtayi nazaridan sudga keltirilmadi, shundan so‘ng uning advokati jarayonda ishtirok etishdan bosh tortdi va uchrashuvni boshqa muddatga qoldirishga to‘g‘ri keldi.