Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarus—Polsha chegarasidagi muhojirlar lageriga asosan Donbassdan kelayotgan qurol va o‘q-dorilar o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Lukashenko hukumat bilan uchrashuvda Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizligi qo‘mitasi va chegara qo‘shinlariga NATO va Polsha qo‘shinlarining chegarada harakatlanishi ustidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.
“Ko‘ryapsizki, allaqachon 15 ming harbiy xizmatchi, tanklar, zirhli texnikalarni tortib, vertolyotlar, samolyotlarda uchib ular bizning chegaramizgacha keldi”, — dedi Lukashenko.
Belarus rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ular mojaro qo‘zg‘atish maqsadida muhojirlar lageriga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni o‘tkazishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
“Chegaramizda juda xavfli tendensiya mavjud, men buni taxmin qildim. Bu bizning harbiylar va Davlat xavfsizlik qo‘mitasi masalasi. Lagerdagi odamlarga qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni o‘tkazishga urinishlar bo‘lgan. So‘nggi ikki kundan beri qurol-yarog‘ o‘tkazib berilgan”, — dedi Belarus rahbari.
“Asosan, qurollar keltirilmoqda, men va rossiyaliklar bu masalani nazoratda ushlab turibmiz, Putin bilan shu mavzuda (Donbassdan qurol kelishi) gaplashdik. Qurol nega keltirilmoqda? Ular bu yerda provokatsiya uyushtirmoqchi” — davom etdi u.
Lukashenkoning aytishicha, chegara atrofidagi vaziyat qattiq nazorat qilinishi lozim. “Chunki kurdlar bor. Kurdlar esa jangchilardir ”, — dedi Belarus prezidenti.
Avvalroq Lukashenko Vazirlar kengashi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda e’tiborni chegaradagi qochqinlarga, ayniqsa homilador ayollar va bolalarga yordam berish masalalariga qaratishni topshirgandi. Belarus rahbari muhojirlarni quruq o‘tin bilan ta’minlash vazifasini ham o‘rtaga qo‘ygan.
8-noyabr kuni ertalab Belarus va Yevropa Ittifoqi davlatlari chegarasida vaziyat keskinlashdi. Belarus ommaviy axborot vositalari mamlakatning Polsha bilan chegarasi tomonga harakatlanayotgan muhojirlar karvoni aks etgan videolarni e’lon qildi. Belarusning “BelTA” davlat agentligi xabar berishicha, muhojirlar Polsha orqali Germaniyaga o‘tib olishni maqsad qilgan. Qochqinlardan birining nashrga aytishicha, guruhda 1,5 mingga yaqin odam bo‘lib, ularning aksariyati kurdlar.
24-oktabr kuni Belarus va Polsha chegarasida 60 ga yaqin noqonuniy muhojirlar guruhi Polshaga bostirib kirmoqchi bo‘lgandi, tartibsizliklarda ikki polshalik askar yaralangan.
Mavzuga doir:
- Lukashenko Belarusga hujum qilingan taqdirda Rossiya bilan ittifoq tuzishini ma’lum qildi
- Litva hukumati Belarus bilan chegarada favqulodda holat joriy etilishini ma’qulladi
- Lukashenko 2020-yilgi norozilik namoyishlari vaqtida ko‘tarib olgan avtomat Minskdagi Mustaqillik saroyiga ko‘rgazmaga qo‘yildi