O‘zbekiston noyabr oyi o‘rtalariga qadar Rossiya bilan koronavirusga qarshi emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi hujjatni tayyorlaydi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyevga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Keyinchalik sertifikatlarni o‘zaro tan olish masalasini ko‘rib chiqish uchun (hujjatni — tahr.) Rossiya tomoniga yuborish taklif qilinmoqda”, — deydi Bahodir Yusupaliyev ikki davlat o‘rtasida emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olish muddatlari haqidagi savolga javob berar ekan.

SES rahbarining aniqlik kiritishicha, hujjat standart bo‘lib, u ham Rossiya va MDHning boshqa davlatlari, ham uzoq xorij mamlakatlarining emlash sertifikatlarini tan olish uchun tayyorlangan.

“Undan keyini esa ushbu davlatlar, xususan, Rossiya sertifikatlarni tan olish taklifiga qanday munosabatda bo‘lishiga bog‘liq”, — deya qo‘shimcha qiladi Bahodir Yusupaliyev.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Rossiyaga kirish uchun foydalanilayotgan “COVID-19 siz sayohat” ilovasida foydalanuvchi emlangan mamlakatni tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Ro‘yxatda O‘zbekiston, Armaniston, Qirg‘iziston va Rossiya mavjud.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘nggi olti oy ichidagi nutqlarida, xususan, Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha forum, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuviShHT va MDH davlatlari rahbarlari sammitlarida emlash sertifikatlarini barcha xalqaro maydonlarda o‘zaro tan olish bo‘yicha taklifni ilgari surgan edi.

Avvalroq Rossiyaga ishlash uchun yuboriladigan 10 ming nafar o‘zbekistonlik yangi turdagi “Sputnik Layt” vaksinasi bilan emlanishi, O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasining dastlabki partiyasi ishlab chiqarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.