O‘zbekistonda 2021-yil yakunigacha koronavirusga qarshi vaksina oluvchi aholi qatlamining 80 foizgacha qismini emlash maqsad qilingan. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev 21-oktabr kuni Xalqaro media-xollda bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qildi, deb xabar beradi SSV matbuot xizmati.

Foto: SSV matbuot xizmati

Ochiq muloqotda bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev keyingi besh yilda O‘zbekistonda ijtimoiy sohada amalga oshirilgan islohotlar bilan bir qatorda, koronavirusga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

“Koronavirusga qarshi kurashishning birdan bir oqilona yo‘li — aholini emlash. Buni fuqarolarimiz ham anglab yetmoqda. Hozir qaysi poliklinikaga bormang, bir necha turdagi vaksinaning istalgani bilan bepul emlanishingiz mumkin. Mamlakatimizda ixtiyoriy ravishda vaksina oladigan 12 yoshdan yuqori bolalardan tashqari, 21 milliondan ziyod yurtdoshimiz emlanishi ko‘zda tutilgan. Hozirgacha shulardan 60 foizi vaksinaning birinchi dozasini oldi. Yil yakunigacha vaksina oluvchi aholi qatlamining 80 foizgacha qismini emlash bilan qamrab olishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu dunyo davlatlari o‘rtasida yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi”, — deydi Musayev.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun uchun 2021-yil davlat budjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirilgan edi. Ayni paytda ushbu mablag‘ to‘liq o‘zlashtirilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida koronavirusga qarshi kurashish va vaksinalar sotib olish uchun qo‘shimcha 1,3 trillion so‘m ajratilgani ma’lum qilindi. O‘zbekistonda 28-sentabrdan 12 yoshdan katta bolalarni ham koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlashga ruxsat berilgan.