Tataristondagi Menzelinsk shahri yaqinida mahalliy aeroklubga tegishli L-410 yengil samolyoti qulab tushdi. Aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bortda 22 kishi: 20 nafar parashyutchi va ikki nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan, deb yozadi Meduza. Ularning 16 nafari halok bo‘lgan, yana olti kishi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Dastlab yetti nafar jabrlanuvchi haqida xabar berilgan, yettinchi kishi aslida yo‘lovchilardan birining qarindoshi bo‘lgan, u halokat joyida hushini yo‘qotgan.
Samolyot aerodromdan uchib chiqqanidan keyin darhol qulagan, bor-yo‘g‘i bir kilometrdan sal ko‘proq parvoz qilishga ulgurgan. Samolyot daraxtlar ustidan past uchgan, uning burun qismi yuqoriga ko‘tarilib, qayrilib qolgan. So‘ng havo kemasi ortga burila boshlagan va yanada pastlab, oxir-oqibat qulab tushgan. Qulash chog‘ida devorga urilgan, korpusi qattiq shikastlangan.
70 metr balandlikda uchuvchilar dvigatellardan biri ishlamay qolganini xabar qilgan va shoshilinch qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan, dedi Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchilar samolyotni turar joylardan nariroqqa olib ketgan. Aerodromdan, taxminan, bir kilometr masofada bort qanoti bilan to‘xtab turgan “Gazel” avtomobiliga ilashib qolgan, shundan keyin qulagan. 11-oktabr kuni Tataristonda aviahalokat qurbonlari xotirasiga motam kuni deb e’lon qilindi.
Samolyot qulashi holati bo‘yicha ikki va undan ortiq kishilarning o‘limiga sabab bo‘lgan havo transporti xavfsizligi qoidalarining buzilishi haqida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Avvalroq samolyot halokatiga sabablar sifatida texnik nosozlik, ekipajning xatosi va samolyot yukining me’yordan oshib ketishi ko‘rib chiqilayotgani aytilgan edi. “TASS” suhbatdoshiga ko‘ra, bortda ekspluatatsiya talablarida nazarda tutilganidan ko‘ra ko‘proq yo‘lovchilar bo‘lgan. Ammo Menzelinsk tumani rahbari bort yuki me’yoridan oshmaganini ma’lum qildi.
Halokatga uchragan L-410 1987-yildan buyon parvoz qilib kelgan. Dastlab u SSSR Harbiy-havo kuchlarida foydalanilgan, keyinroq Menzelinsk DOSAAF (Rossiya armiyasi, aviatsiyasi va flotiga ko‘mak berish ko‘ngillilar jamiyati) aeroklubiga berilgan. Klub instruktori Oleg Shiporov ma’lum qilishicha, samolyotni tajribali uchuvchilar boshqargan, parashyutchilar orasida esa birinchi marta sakrashi kerak bo‘lgan yangilari ham bo‘lgan. “Olti nafar omon qolgan shaxs samolyotning dum qismida o‘tirgan, hatto u yerda bo‘lgan bir parashyutchi ko‘karishlar bilangina omon qolgan, samolyotdan uning o‘zi chiqqan”, — dedi instruktor.