Dunyo va o‘zbek sportiga oid 7-oktabr kunining eng muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

Og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ilk medal qo‘lga kiritildi

Foto: MOQ matbuot xizmati

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkazilayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining ilk medalini qo‘lga kiritdi.

-61 kg vazn toifasida bahs olib borgan Husinboy Matrasulov bronza medaliga sazovor bo‘ldi. U dast ko‘tarishda 119 kg natija ko‘rsatib, mazkur yo‘nalish bo‘yicha uchinchi natijani qayd etdi. Siltab ko‘tarishda uning natijasi 133 kilogrammga teng bo‘ldi. Ikki kurash bo‘yicha umumiy natija 252 kilogrammni tashkil qildi.

Musobaqa 5—12-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston nomidan 9 nafar sportchi ishtirok etmoqda.

Usmon Toshev O‘FA terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi

Foto: O‘FA matbuot xizmati

O‘zbekistonlik taniqli mutaxassis Usmon Toshev O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining terma jamoalar bo‘limida ish boshladi, deb xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.

Toshev may oyidan beri “Nurafshon” (sobiq “Buxoro”) klubining bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi, u bunga qadar Tojikiston terma jamoasini boshqargandi.

“Neftchi” uch yillik tanaffusdan keyin Superligaga qaytdi

Foto: “Neftchi”

Farg‘onaning “Neftchi” klubi Pro-Liganing 16-turida “Nurafshon”ni mag‘lub etdi (4:1) va musobaqa tugashiga to‘rt tur qolganida Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

16-turdan keyin Farg‘ona klubi hisobida 40 ochko mavjud, jamoa uchinchi o‘rindagi buxoroliklardan 16 ochkoga ilgarilab ketgan. Shu tariqa “Neftchi” uch yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston oliy divizioniga qaytdi.

Jahon

Saudiya Arabistoni fondi “Nyukasl”ni sotib oldi

Foto: Google Images

Saudiya Arabistoni investitsiya fondi (PIF), PCP Capital Partners, Reuben Brothers va RB Sports & Media “Nyukasl”ning (Angliya) yangi egasi bo‘ldi. Bu haqda APL rasmiy saytida e’lon qilindi.

Premyer Liga tomonlar o‘rtasidagi barcha huquqiy tafovutlar hal qilinganini va Saudiya Arabistoni Qirolligi klub ishlarini nazorat qilmasligini kafolatladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur fond dunyodagi eng katta xususiy fond hisoblanadi, uning mulki APL jamoalarining barchasinikidan 75 foizga kattaroq. Jamg‘armaning aktivlari 430 milliard dollarga baholanmoqda.

Bungacha “Nyukasl”ga 14 yil davomida Mayk Eshli egalik qilib kelayotgandi. U klubni 300 million funtga sotgan.

Pol Pogba “Manchester Yunayted” bilan shartnomani uzaytirmoqchi

Foto: Getty Images

Yarim himoyachi Pol Pogba “Manchester Yunayted” bilan yangi shartnoma imzolashi mumkin.

GFFN’ga ko‘ra, fransiyalik futbolchi atrofidagilarga “qizillar” bilan shartnomani uzaytirmoqchi ekanligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, 28 yoshli futbolchi yangi shartnoma orqali Angliya Premyer Ligasining eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilaridan biriga aylanishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.

Qayd etilishicha, tomonlar yangi bitim borasidagi muzokaralarni boshlab yuborgan.

Qatarning 2022-yilgi Jahon Chempionatini o‘tkazish uchun dastlabki xarajatlari 200 milliard dollarni tashkil qildi

Foto: Google Images

Qatarning Rossiyadagi elchisi Shayx Ahmad bin Nosir bin Jasim At-Tani 2022-yilgi Jahon Chempionatiga tayyorgarlik bo‘yicha mamlakatning dastlabki xarajatlari 200 milliard dollarni tashkil qilganini ma’lum qildi.

“Ayni paytda davlatimiz turnirni tashkil etishga 200 milliard dollarga yaqin mablag‘ sarflagan. Bu miqdor o‘z ichiga stadionlar, metro, aeroportlar, yangi shahar va port qurilishini oladi”, — deydi elchi.

Ma’lumot uchun, Qatar mezbonlik qiladigan mundial 2022-yilning noyabr va dekabr oylarida bo‘lib o‘tadi.

“PSJ” Mbappega yangi shartnoma taklif qiladi

Foto: Twitter

“PSJ” mavsum oxirida erkin agentga aylanadigan Kilian Mbappeni o‘z safida ushlab qolmoqchi va unga yangi shartnoma taklif qiladi.

Jurnalist Nikolo Skiraning yozishicha, Parij klubi 22 yoshli futbolchiga 5 yillik shartnoma taklif qiladi, uning yillik maoshi esa 36 million yevroni tashkil qiladi. Qayd etish kerak, Neymarning ham “PSJ”dagi maoshi 36 million yevroni tashkil qiladi.

Avvalroq “Real”ning Mbappega 6 yillik shartnoma taklif qilgani, futbolchining maoshi esa yiliga 40 million yevroni tashkil qilishi haqida xabar berilgandi.

Yengilmas Italiyaning mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘yildi

Italiya terma jamoasi Millatlar Ligasi yarim finali doirasida o‘z maydonida Ispaniyaga mag‘lub bo‘ldi (1:2).

Bu italyanlar uchun 1999-yildan beri o‘z maydonida uchralgan ilk mag‘lubiyat bo‘ldi. O‘shanda jamoa Yevro—2000 saralashi doirasida Daniyaga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi — 2:3.

E’tiborlisi, o‘shanda hozirgi Ispaniya terma jamoasining olti nafar o‘yinchisi hali tug‘ilmagan edi. Bular — Pedro Porro, Ferran Torres, Erik Garsiya, Brayan Xil, Yeremi Pino va Gavi.

Foto: Getty Images

Shuningdek, mazkur uchrashuvda Italiya terma jamoasining 37 ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘yildi. Bu jahon rekordi hisoblanadi.

Roberto Manchini jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasi 2018-yildan beri davom etayotgandi.

Bundan oldingi jahon rekordi Braziliya va Ispaniyaga tegishli edi. Pentakampeonlar 1993—1996-yillarda 35 ta uchrashuvda mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsa, 2007-yildan 2009-yilgacha Ispaniya ham xuddi shunday natija qayd etgan.

Gavi Ispaniya terma jamoasi tarixidagi eng yosh futbolchiga aylandi

Foto: Getty Images

“Barselona” yarim himoyachisi Gavi Millatlar Ligasi yarim finalidan o‘rin olgan Italiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. O‘yin o‘tkazilgan kuni futbolchi 17 yosh-u 62 kunlik edi. Shu tariqa Gavi Ispaniya terma jamoasi tarixidagi eng yosh futbolchiga aylandi.

Bundan oldingi rekord 1936-yilda debyut qilgan Anxel Subyeta (17 yosh-u 284 kun) tegishli edi. Ushbu ko‘rsatkich borasida uchinchi o‘rinda katalon klubining yana bir o‘yinchisi Ansu Fati (17 yosh-u 308 kun) bormoqda.