Fizika bo‘yicha Nobel mukofotining 2021-yilgi sovrindorlari e’lon qildi. Mukofotning bir qismi amerikalik iqlimshunos Syukuro Manabe va germaniyalik olim Klaus Xasselmanga Yer iqlimini fizik modellashtirish va global isishning ishonchli tahlili uchun, ikkinchi qismi esa italiyalik fizik Jorjo Pariziga atomlardan sayyoralargacha bo‘lgan fizik tizimlarda tartib va ​​tebranishlarning o‘zaro ta’sirini kashf qilgani uchun beriladi.

Foto: Exmo

2020-yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofoti qora tuynukning paydo bo‘lishi ehtimolini kuchli nazariy asoslab bergani uchun Rojer Penrozga hamda galaktikaning markazida supermassa qora tuynukni kashf etgani uchun Andrey Gez va Raynxard Genselga berilgandi.

4-oktabr kuni Stokgolmda Nobel haftaligi boshlandi. Birinchi bo‘lib an’anaviy tarzda tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha mukofot laureatlari e’lon qilindi. Bu yil ushbu yo‘nalishda mukofot AQShda faoliyat olib boradigan olimlar — Devid Julius hamda Ardem Pataputyanga harorat va sensorli retseptorlar ustidan tadqiqotlar uchun berildi.

2020-yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga Xarvi Olter, Maykl Xuaton va Charlz Rays gepatit C virusini kashf qilgani uchun sazovor bo‘lgan edi.

Nobel qo‘mitasi 6-oktabr kuni kimyo bo‘yicha, 7-oktabrda adabiyot, 8-oktabrda esa tinchlik bo‘yicha mukofot sovrindorlarini e’lon qiladi. Nobel haftaligi 11-oktabrda, Shvetsiya davlat banki tomonidan ta’sis etilgan iqtisodiyot bo‘yicha Alfred Nobel nomidagi mukofot g‘oliblari e’lon qilinganidan so‘ng yakunlanadi.

Mukofotni topshirish marosimi 10-dekabrda, Alfred Nobel vafot etgan kunda bo‘lib o‘tadi. Odatda Nobel mukofoti sovrindorlarini Shvetsiya qiroli Stokgolmda shaxsan tabriklardi (Osloda taqdirlanadigan Tinchlik mukofoti sovrindorlari bundan mustasno). Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli 2021-yilda xuddi o‘tgan yilgi kabi tantanali marosim va ziyofat bo‘lmaydi. G‘oliblar onlayn tarzda taqdirlanadi.