Germaniyada 26-sentabr kuni alohida ahamiyatga ega parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi — undan so‘ng mamlakat kansleri o‘zgaradi. Ushbu lavozimda 2005-yildan buyon ishlab kelayotgan Angela Merkel iste’foga chiqadi.

Hozirda Merkel xayrlashuv tashriflarini amalga oshirmoqda. Avgust oyida u Rossiya va Ukrainaga safar qilgandi. 23-sentabr kuni esa Merkel Germaniya shimolidagi saylov okrugiga tashrifi davomida Marlou shahridagi Qushlar parkiga kirib o‘tdi.

Foto: AFP

U yerda Merkel to‘tiqushlarni ovqatlantirdi, qushlardan biri hech tortinmasdan uning boshiga qo‘nib oldi. Shu tufayli bo‘lsa kerak Merkel boyo‘g‘liga yaqin borishga jur’at etmadi. “Yo‘q yo‘q. O‘zi to‘tiqushlarni yaxshigina epladim”, — dedi u boyqushni xavfsiz masofadan kuzatar ekan.

Foto: DPA

Angela Merkel 7-sentabr kuni kansler sifatida so‘nggi marta Bundestag oldida nutq so‘zlagandi. Merkelning nutqi 14 daqiqa davom etgan. Kansler iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, “yashil” energiyani rivojlantirish, terrorizm va kiberjinoyatlarga qarshi kurash haqida gapirgan. Hukumat rahbari fursatdan foydalanib, fuqarolarni koronavirusga qarshi emlash kursidan o‘tishga yana bir bor chaqirgan.

Avvalroq Merkel nafaqaga chiqqanidan keyin qariyb 15 ming yevro (187 million so‘mdan ortiq) pensiya olishi ma’lum qilingandi.