Dunyo va o‘zbek sportiga oid 23-sentabr kunining eng muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

Gandbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Foto: Instagram

Iordaniyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonliklar guruhda 4-o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Kuchli oltilikka kirish uchun kechgan bahsda O‘zbekiston mezbonlarga qarshi bahs olib bordi va 34:26 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Endi gandbolchilar 5-o‘rin uchun Gonkongga qarshi bahs olib boradi.

Shu tariqa O‘zbekiston gandbol terma jamoasi 2021-yilning dekabr oyida Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Bu gandbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi uchun tarixdagi ikkinchi mundial bo‘ladi. Ilk bor o‘zbekistonliklar 1997-yil Germaniyada bo‘lib o‘tgan JChda ishtirok etgandi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo Kubogi saralashidan o‘ta olmadi

Foto: O‘FA

Toshkent mezbonlik qilgan Osiyo Kubogi saralash bahslari 3-turida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib bordi. Unda mehmonlar 4:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Shu tariqa O‘zbekiston ayollar terma jamoasi qatorasiga oltinchi marta Osiyo Kubogi final bosqichiga chiqa olmadi.

Zarrux Adashev UFC’dagi to‘rtinchi jangini o‘tkazadi

Kollaj: Getty Images

O‘zbekistonlik yakkakurashchiga bu safar braziliyalik Kleydson Rodriges (7-1) raqib bo‘ladi. Jang 15-yanvar kungi UFC oqshomida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Adashev o‘zining Instagram sahifasi orqali ma’lum qildi.

Bu Kleydson uchun UFC’dagi debyut jang hisoblanadi, 25 yoshli yakkakurashchi professional MMA’da qatorasiga 6 jangdan beri g‘alaba qozonib kelmoqda. Adashev UFC’dagi ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin avgust oyida Rayan Benuani mag‘lub etgandi.

O‘zbekistonda yangi sport tashkiloti – Funksional ko‘pkurash federatsiyasi tashkil etildi

Foto: Turizm va sport vazirligi

Adliya vazirligi O‘zbekiston Funksional ko‘pkurash federatsiyasini jamoatchilik tashkiloti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Ma’murjon G‘aniyev yangi tashkil etilgan federatsiyaga prezident etib tayinlandi.

Jahon

Angliya Liga Kubogi 1/8 finaliga qur’a tashlandi

Angliya maydonlarida 21 va 22-sentabr kunlari Liga Kubogining 3-bosqich bahslari o‘tkazildi va nimchorak finalga yo‘l olgan barcha jamoa nomi ma’lum bo‘ldi. E’tiborlisi, “Manchester Yunayted” o‘z uyida “Vest Hem”ga yengilib, musobaqa bilan xayrlashdi. Bu mankunianlar uchun “Old Trafford”da “Vest Hem”dan uchralgan 2007-yildan keyingi ilk mag‘lubiyat bo‘ldi.

1/8 final bahslari 26 va 27-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Qur’a natijalari bilan tanishing:

  • “Chelsi” — “Sauthempton”
  • “Vest Hem” — “Manchester Siti”
  • “Preston” — “Liverpul”
  • “Byornli” — “Tottenhem”
  • “Arsenal” — “Lids”
  • “Stok Siti” — “Brentford”
  • “Lester” — “Brayton”
  • “KPR” — “Sanderlend”

“Barselona” yangi murabbiy qidirishda davom etmoqda

Katalon klubining natijalari yomonlashgani sari murabbiylar shtabi borasidagi mish-mishlar ko‘payib bormoqda. Nomzodlar qatorida Belgiya terma jamoasi ustozi Roberto Martines, Xavi (“As-Sadd”) va Tyerri Anri kabi mutaxassislar nomini ham uchratish mumkin.

Diario Sport’ning xabar qilishicha, “Barselona” agar Martines bilan kelishuvga erisha olsa, mutaxassisning shartnomasida ko‘rsatilgan 1,8 million yevrolik kompensatsiyani to‘lashga tayyor. Mundo Deportivo’ga ko‘ra, “Barsa” jamoa boshqaruviga sobiq futbolchilaridan birini olib kelmoqchi va ayni vaqtda Anri variantini ko‘rib chiqyapti.

Ronaldu o‘zining 300 ming yevrolik yangi mashinasida ko‘rinish berdi

Krishtianu Ronaldu “Manchester Yunayted”ning navbatdagi mashg‘ulotiga o‘zining yangi Bentley Flying Spur avtomobilida tashrif buyurdi, deya xabar qilmoqda The Sun. Ushbu avtomobil narxi 300 ming yevroni tashkil qiladi.

Foto: The Sun