Yevropada bu yil butun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yoz bo‘ldi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi iqlim o‘zgarishi xizmatining “Kopernik” dasturi ma’lumotlariga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
Dastur ma’lumotlari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning iyunidan avgustigacha bo‘lgan o‘rtacha harorat 1991—2020-yillardagi o‘rtacha haroratdan deyarli 1 daraja yuqori edi.
Bu iqlim o‘zgarishini kuzatish xizmatining 1950-yildan beri ishlayotgan ma’lumotlar bazasida qayd etilgan eng issiq yoz. Italiya, Gretsiya, Turkiya va Ispaniya kabi O‘rta yer dengizi mamlakatlarida harorat ayniqsa yuqori bo‘lgan.
Avgust oyida Italiyaning Sitsiliya mintaqasida harorat 48,8 darajaga yetdi, bu Yevropaning butun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori harorat.
Ushbu ma’lumotlar Yevropada yozda sodir bo‘lgan ko‘plab ob-havo hodisalaridan keyin nashr etildi. Kuchli jazirama paytida nafaqat Italiya, Gretsiya, Turkiya va Ispaniyada, balki Fransiya, Portugaliya va Rossiyada ham yong‘inlar kelib chiqdi.
Ayni paytda Germaniya, Belgiya va boshqa bir qancha Yevropa mamlakatlari so‘nggi o‘nlab yillar ichidagi eng dahshatli suv toshqinini boshdan kechirdi, ularning oqibatida jami 242 kishi halok bo‘ldi. Olimlarning fikricha, ob-havoning keskin o‘zgarishiga global isish sabab bo‘lgan.
Avvalroq BMT iqlim o‘zgarishining keskin oqibatlari haqida ogohlantiruvchi hisobotini e’lon qilgandi. Unda ta’kidlanishicha, haroratning ko‘tarilishiga antropogen (inson omili bilan yuzaga kelgan) chiqindilar sabab bo‘lgani inkor etilmaydi, ular allaqachon butun dunyo bo‘ylab ekologik ofatlarga olib kelgan.
Shuningdek, olimlar Arktikada havo harorati sayyoraning boshqa mintaqalariga qaraganda tezroq qiziyotganini ma’lum qilgandi. Bu jarayon esa sayyoradagi ob-havo uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.