O‘zbekiston FVV vaziri Tursinxon Xudoyberganov Rossiya Fuqarolik mudofaasi ishlari, favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish vaziri Yevgeniy Zinichevning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
8-sentabr kuni Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Yevgeniy Zinichev 56 yoshida Norilskdagi harbiy mashg‘ulotlar chog‘ida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
“Yevgeniy Zinchevning qarindoshlari va do‘stlariga hamdardlik bildiramiz. Ushbu qayg‘uli soatda ularga samimiy hamdardligimizni yetkazishingizni so‘raymiz”, — deyiladi Rossiya qutqaruv idorasiga yo‘llagan maktubda.
“RBK” o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Zinichev mashg‘ulotlarga oid syomka paytida vafot etgan. Vazir suratga olish guruhining jarlik chetida sirg‘alib ketgan a’zosini ushlab qolishga uringan. Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, suratga olish guruhi xodimi ham vafot etgan.
RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanning aytib berishicha, Yevgeniy Zinichev operator bilan birga jarlik chetida turgan. “Operatorning oyog‘i toyib, suvga tushib ketdi. Zinichev uning ortidan o‘zini suvga tashladi va turtib chiqqan toshga urildi”, — deb yozadi muharrir o‘z Telegram kanalida.
Yevgeniy Zinichev 1966-yil 18-avgustda tug‘ilgan. U avvaliga armiyada, keyin davlat xavfsizlik idoralaridagi turli lavozimlarda xizmat qilgan. 2015-yilda general-mayor unvoni bilan Federal xavfsizlik xizmati (FXX)ning Kaliningrad viloyati boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan. 2016-yilda avval Kaliningrad viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi, keyin FXX direktori o‘rinbosari bo‘ldi. Yevgeniy Zinichev 2018-yil may oyidan buyon Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari lavozimini egallab kelayotgandi.