Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Italiya bosh vaziri Mario Dragi bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi va muhojirlar oqimining ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “Tolibon” harakati bilan o‘zaro aloqada bo‘lish zarurligini bildirdi.
“Prezident Erdo‘g‘on Afg‘onistonga gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash uchun ‘Tolibon’ bilan hamkorlikni davom ettirish zarurligini, aks holda migratsion bosim kuchayishi mumkinligini bildirdi”, — deyiladi Turkiya prezidenti ma’muriyatining xabarida.
Qayd etilishicha, tomonlar Liviyadagi vaziyatni muhokama qilgan. “Prezident Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, Turkiya Liviyada e’lon qilingan saylovlarning rejaga muvofiq o‘tkazilishini yoqlaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, turk armiyasi Liviyaning rasmiy so‘rovi asosida qonuniy Liviya xavfsizlik kuchlarini o‘qitmoqda”, — deyiladi xabarda.
Unga ko‘ra, Erdo‘g‘on Yevropa Ittifoqi va Turkiya o‘rtasidagi bojxona kelishuvi va migratsion bitimni yangilash bo‘yicha muzokaralarni imkon qadar tezroq va hech qanday shartlarsiz boshlash zarurligiga ishora qilgan.
Turkiyada 6-sentabrdan Erdo‘g‘onning “Dunyo adolatliroq bo‘lishi mumkin” nomli kitobi sotuvga chiqarilgandi. Kitobda Erdo‘g‘on global siyosat muammolariga, xususan, adolatsizlik, migratsion inqiroz, xalqaro terrorizm va islomofobiya, diskriminatsiya va ikki tomonlama standartlarga e’tibor qaratadi.
Erdo‘g‘onning qayd etishicha, “Turkiyaning maqsadi — hokimiyatda bo‘lganlarning haq bo‘lishi emas, aksincha haq bo‘lganlarning hokimiyatda bo‘lishini ta’minlovchi tizimni o‘rnatish”.
Avvalroq Erdo‘g‘on “Tolibon” bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgandi. “Bu mamlakatda hokimiyat tepasida kim bo‘lishidan qat’i nazar, Turkiya yaxshi kunda ham yomon kunda ham qardosh Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlaydi”, — degan u.