Fransuz aktyori Jan-Pol Belmondo 89 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda France24. Aktyor advokatining ma’lum qilishicha, Jan-Pol 6-sentabr kuni vafot etgan.

Foto: Global Look Press

Jan-Pol Belmondo kinodagi debyutini 1957 yilda boshlagan, 1960-yilda ekran yuzini ko‘rgan Jan-Lyuk Godardning “So‘nggi nafasgacha” filmidagi rolidan so‘ng dunyo miqyosida mashhurlikka erishgan.

U “Chochara”, “Ayol – bu ayol”, “Staviskiy”, “Professional”, “Tentak Pero”, “Chaqimchi”, “Borsalino”, “Missisipi sirenasi” filmlaridagi yorqin rollari bilan tomoshabinlar qalbini zabt etgan.

Foto: Global Look Press

2001 yilda Jan-Pol Belmondo insultga chalindi, lekin 2008-yilda davolanishdan so‘ng kinodagi faoliyatini davom ettirdi. 2015-yilda esa u aktyorlik faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi, ammo keyinroq film suratga olish bo‘yicha takliflar bo‘lsa, ko‘rib chiqishga va’da berdi.

Aktyor 2016-yilda kinoga qo‘shgan hissasi uchun “Oltin arslon” mukofoti bilan taqdirlangan.

Avvalroq rossiyalik aktyor va rejissor Vladimir Menshov koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.