Sayohat odamni ruhan tozartiradi. Shaharda ko‘rgan-kechirganlarim asabni toliqtirib, ko‘ngilga tashvish solaversa, tezda safarga otlanaman. Jonajon fotokameramni olib, avval sira bormagan, butunlay yangi olam hisoblangan viloyatga, qishloqqa yo‘l olaman. Bu gal ham sayr, ham mehmondorchilik bahona Sariosiyoga otlandim. Surxondaryoning qadim maskani bo‘lmish bu joyda tabiatning bor go‘zalligini ko‘zing bilan ko‘rib, kamiga o‘zing suratga muhrlashing, baribir, boshqa.

Sariosiyo — tegirmon boshimi yoki Osiyo boshi?

Nexia’da uzoq yo‘l yurish azob, chinakam azob! Qaytib Surxondaryoga borganim bo‘lsin, deb zorlanganimni eslasam, kulgim qistaydi. Naq 17 soat yo‘l yuribmiz. Haydovchi amaki azbaroyi ehtiyotkorligidan, kamiga bagajga bog‘langan yuk og‘iridan mashinani rosa sekin haydadi.

Manzilgayam amallab yetdik. Surxondaryo deganda nuqul issiq va quruq voha, oftob tig‘ida jizg‘anagi chiqqan odamlar ko‘z oldimga kelaverar, lekin Dashnobodga yetib, butkul bo‘lak manzarani ko‘rdim — tasavvurlarim sindi. Atrof toza, so‘lim va shu qadar salqin. Ariqlarni to‘ldirib oqadigan suvni anchadan beri uchratmagandim. Anorzor, makkazor, dov-daraxtlar quyuqligidan hovlining oxiri ko‘rinmaydigan xonadonlar behad ko‘p.

Dashnobodda dugonam yashaydi. Mehmonga chaqirgan xonadon bekasi va ukamdek bo‘lib qolgan bolalar bilan so‘rasha-so‘rasha ichkariga kirdim. Ayvonli uydan chiqib, bizni qarshilagan katta momo (buvini “katta” deb chaqirish odat ekan) tezda, yoshiga xos bo‘lmagan epchillik bilan dasturxon tuzay boshladi.

Feruza xolam (dugonamning onasi) “maxsus” taom — shulla suzib kelganida jamiki yo‘l charchoqlarimdan qutulgandek bo‘ldim. Surxondaryoliklarning o‘ziga xos darmondori bu taomini oxirigacha sipqormaslikning iloji yo‘q. Shulla guruchli yoki xamirli bo‘lishi mumkin, xuddi qatiqli mastava yo tuppaga o‘xshaydi. Jonning huzuri bo‘lgan shullani, asosan, ishtaha ochish, bemorga quvvat bo‘lishi uchun pishirib berishadi.

Xamirli shulla.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Guruchli shulla.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Suhbat asnosi xonadon egalaridan Sariosiyo so‘zi nima ma’noni anglatishini so‘radim. Chunki yo‘l bo‘yi shu haqda ham o‘ylagan, biror tarixiy voqeaga bog‘liq bo‘lsa kerak, deb tusmollagandim. Lekin tayinli javob chiqmadi davradan. Mayli, erta-indin boshqalardan ham so‘rarman, deya gapni boshqa mavzuga burdim.

Ma’lumot uchun: Toshkentga qaytib, manbalarni o‘rgansam, Sariosiyo qadimgi fors tilida Osiyoning boshlanishi (“sar” fors-tojik tilida “bosh”) degan ma’noni anglatarkan. Lekin ayrim manbalar boshqacha so‘zlaydi. Abdug‘ofur Nabiyevning 1996-yili nashr etilgan “Tarixiy o‘lkashunoslik” kitobida (.pdf): “...bir vaqtlar shu yerda bir kishi tegirmon qurgan va uning atrofiga kelib, uy-joy qurib, o‘rnasha boshlaganlar. Asta-sekin bu yer qishloqqa aylangan, aholisining ko‘pi tojiklardan iborat bo‘lgani sabab, ular o‘z qishloqlarini ‘Tegirmon boshi’, ya’ni tojikcha ‘Sariosiyo’ deb ataganlar”, — deyilgan. Milliy ensiklopediyada ham Sariosiyo “tegirmon boshi” deya izohlangan (.pdf).

Xonadon sohiblarining aytishicha, bu atrofda hamma bir-biriga qavm-qarindosh, qadrdon. Shungami, kelib-ketadiganga eshik doim ochiq. Ajablanganim, hatto birinchi marta ko‘rib turgan odami bilan ham ming yillik og‘aynidek ochilib-yoyilib gurung qilarkanlar. Menam dashnobodliklar bilan tezda apoq-chapoq bo‘lib ketdim. Ammo bir-birlariga ko‘ngildagi mehr-muhabbatni hamisha ochiq aytavermas, aksincha, koyib, urishib, betga shart gapirib, ba’zan urib (hazil ma’nosida) ifodalasharkan.

Ayollari-chi, orzu-havas, yangi libos, pardoz-andoz, noz-karashmaga qo‘l siltagan, bor umidini farzandlari qiyofasida ko‘radigan, umrini to‘lig‘icha ro‘zg‘or, dala, mol-hol, ekin-tikinga bag‘ishlagan, o‘zini unutgan, ellik yoshida qaynonalik arafasida tursa ham, sakson yashar qaynonasi oldida kelinlik mas’uliyatini esda tutib, tik turgan, kuyunchak, hayot tashvishlaridan tolgan, ma’yus ko‘zlarida yillar iztirobi cho‘kib yotgan ojizadek ko‘rindi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Yilda ikki bora pishiriladigan holva

Safarim Qurbon hayitiga to‘g‘ri kelgani uchun dashnobodliklarning o‘ziga xos an’analari, ayyom bilan bog‘liq urf-odatlarini kuzatish, bilmaganlarimni o‘rganish nasib etdi. Gap-so‘zlarga quloq solsam, qishloqning yagona holvapazi shu mahallada yasharkan. Karantin sabab bu yil Hayit namozi va sayillar o‘tkazilmadi. Yilda ikki marta — Ramazon va Qurbon hayiti arafasida masjid atrofida mazali holva tayyorlab sotadigan ahli oila bu gal hovlisi oldida savdo-sotiq qiladigan bo‘libdi; bozorda sotishmas ekan.

Holva qanday tayyorlanarkan, ta’riflaganlaricha bormikan, deb jarayonni kuzatgim keldi. Besh-olti xonadonni oralab, holvapaz amaki hovlisiga yetdim. Darvoza oldida sahni silliq stolga tosh-tarozi qo‘yib, qishloqdoshlariga holva kesib berayotgan xonadon sohibini “Mana, mashhur holvapazimiz!” deb ko‘rsatishdi.

Po‘latvoy ota nevaralari bilan birga.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Yetmishlarni qoralagan Po‘latvoy Turdiyev avlodning to‘rtinchi vakili ekan. O‘zidan keyingi beshinchi, oltinchi avlod ham shu hunar etagidan tutgan. Rosti, shu choqqacha faqat kunjut holvani bilardim-u, dashnobodliklar tayyorlaydiganini yemagan ekanman. Kunjutdan tashqari yong‘oq, pista, bodom qo‘shilganlari ham bo‘larkan. Darvoza oldida tik turib yegan bir bo‘lak holva ta’mi haliyam og‘zimda.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Po‘latvoy otaning aytishicha, hayitdan uch-to‘rt kun avval 300—400 kilogramm holva pishirilib, salqin xonada saqlanadi; agar yaxshi tursa, bir necha oylab aynimaskan. Bayram kuni qishloqdoshlar bir necha yuz kilo holvani peshingacha ko‘rdim demay, oxirigacha sotib olisharkan. Faqat hayit arafasidagina tayyorlanib sotilishi qiziq ekan. Ro‘zg‘or, kami-ko‘st qanday to‘ldirilishini so‘rasam:

— Shukr, gektar-gektar yerimiz, tomorqamiz bor, — dedi ota. — Olma, anor, kartoshka, piyoz, sabzidan daromadimiz yomonmas. Karantindayam bozorimiz sinmadi, hosil mo‘l bo‘ldi. Holvani esa ota meros hunar bo‘lgani uchun pishiramiz. An’anamiz uzilmasin, hunarimiz o‘lmasin, deymiz. Tirikchilik dehqonchilik-u, bog‘dorchilikdan. Og‘il to‘la tuyoq. Uydan oqliq arimaydi.

“Oqma gazni Tojikistonga berib, o‘zimiz tappi yoqamiz”

Holvapaznikidan qaytayotganda qatorasiga solingan uylarning loysuvoq devoriga katta-kichik shaklda yopishtirilgan tappilarga ko‘zim tushdi. Bobo-buvimnikiga qishloqqa borganimda shunday manzarani ko‘p ko‘rardim. Demak, bu yerliklarga ham tappi qilish, qish-qirovni shuginaga suyanib, amallab o‘tkazish taqdir qilingan ekan.

Qishga tayyorgarlik.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Dugonamning onasidan qishloqdan nega gaz o‘tmaganini so‘rasam, to‘lib turgan ekanmi, hasrat qildi:

— 2000-yili, Nozima tug‘ilmasidan avval oqma gaz keluvdi. Ikki yilcha uzilmadi. Keyin Tojikistonga o‘tkazvorishibdi. Tuman markazida hozir gaz bor. Gaz kelgunichayam, undan keyin ham tappi qilardik. Uch fasl tappi “yopish” bilan o‘tadi. Uzoq va tez yonsin, o‘chib qolmasin deb, unga ko‘mir kukuni, qo‘y qumalog‘ini ham qo‘shamiz. Bir-ikki yildan beri qo‘y qumalog‘ini “baklajka”ga bosib-bosib, bir chetga olib qo‘yadigan bo‘ldik — qish zabtiga olganda, pechga tashlab qo‘ysang, sekin yonib, uyni ilitib turadi. Tappini g‘isht qolipida, tovoqchalarda tayyorlab, oftob nurida quritamiz. Qaniydi gaz, svet o‘chmasa... Shunga endi qishda Toshkentdagi uyda yashab, bahorda qishloqqa qaytib ketsakmi, deb turibmiz. Lekin Toshkentda odam tez siqiladi...

So‘yilayotgan jonliqqa — pechak qand?

Saharmardonlab hovlida gangir-gungur ovoz eshitildi. Qassob kelgan ekan. Qurbonlik marosimi qiziq, suratga olgulik voqea, menimcha. Tezda kamerani sozladim. Qassob amaki qo‘yning oyog‘ini bog‘lab, oyoq tagiga yotqizib, “so‘nggi manzil”ga tayyorlab bo‘lgach, uy egalaridan oq qand yoki pechak (parvarda) so‘radi, jonliqning og‘ziga solib (irimi shunaqa ekan), “bismillo” bilan qo‘y bo‘g‘ziga pichoq tortdi...

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Shu bilan so‘yilgan qo‘y terisi shilinib, tani tozalanib, go‘shti ovqat pishirish va qo‘ni-qo‘shniga tarqatish uchun taqsimlandi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Darvoqe, go‘shtxo‘rlik bobida surxondaryoliklar qashqadaryolik “bo‘ri”lar bilan tengma-teng bahslasha olarkan. Qariyb 40 kilolik qo‘yni bir o‘tirishda yeb tamomlash hech gap emas. Mehmonlar uchun o‘choqda uch-to‘rt qozon go‘sht qovurildi, kamiga sho‘rva tortildi. Mehmonga kelolmagan yaqinlarga “katalak” idishda (Qashqadaryoda “bidoncha” deyiladi) sho‘rva olib chiqishdi. Buyog‘i “bor tovog‘im — kel tovog‘im”.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Ko‘chadagi daraxt mevasi — xalqniki

Hayit o‘tdi. Keldi-ketdi tindi. Ertasi tong saharda Feruza xola: “Bugun chorshanba, Nozima, tur. Dilruh apangni ziyoratga obor, tojik chegarasiniyam ko‘rsin. Hazrati Eshonbuvaga obor, oftob yoyilsa, odam siyraklashadi, salqinda bora qolinglar. Ertaga ketaman deyapti, ishlariga ulgursin, Sariosiyoga kelgani behuda ketmasin”, — dedi qiziga.

Qishloq baribir ajoyib, har qadamda nuroniy chehralar, senga hayrat ko‘zi bilan angrayadigan oyoqyalang bolakaylar, gapga usta qo‘shnilar, ayniqsa, baland-past uylar tomi ortidan salobat bilan turgan purviqor tog‘lar, kengliklar, xom-u, pishiq g‘isht, paxsa, tosh, marmar, hatto yog‘ochdan qurilgan uy(cha)lar, ba’zan tekis, ba’zan o‘nqir-cho‘nqir, chang, shag‘alli ko‘chalar... hammasiga entikib-entikib termulib, Hazrati Eshonbuva ziyoratgohiga jo‘nadik.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Ariqlarda suv hecham arimas, tevarak yam-yashil, hovlilarda anor, makkajo‘xori, oshqovoq, qovun-tarvuz, baqlajon, anjir, xurmo, gilos, uzum kabi meva-sabzavotning xili ko‘pligidan ko‘zim quvnadi. Hatto ko‘chalarda ham mevali daraxtlar, ayniqsa, anorlar ko‘p o‘sarkan, dugonamdan so‘rasam: “Bu — beor daraxt, qayerga urug‘i tushsa, unib ketaveradi. Xalqning nasibasi, o‘tgan-qaytgan bemalol yeyaveradi”, dedi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Yoz kelishi bilan boshqa hududlardagidek bu yerda ham uzumni qushlardan, anorni quyosh tig‘idan asrash uchun qog‘oz yoki matodan tikilgan xaltachalardan foydalanisharkan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Bir kunda qurib bitkazilgan ziyoratgoh

Uydan uncha uzoq ketmadik. Dashnobodliklar Hazrati Eshonbuva deb nomlagan ziyoratgohga yetdik. Ziyoratgohning o‘ng tarafida qishloq ahli “soylik” deb ataydigan, uncha chuqur bo‘lmagan jar bor ekan. Endi unib-o‘sayotgan nihollar, o‘n yillik daraxtlar bir yon, turli-tuman chiqindilar bir yon turibdi. Yana bir tomonda katta chuqur maydon bo‘lib, aytishlaricha, avval hovuz bo‘lgan ekan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

— Bir ayol shu yerda cho‘kib o‘lganidan keyin hovuzda suv saqlamay qo‘yishdi, — deya savol bermasimdan gap boshladi dugonam. — O‘rniga daraxt ekishdi. Marhumani eri qimorga tikib, yutqazib qo‘ygach, boshqaga berganimdan ko‘ra o‘ldirganim yaxshi deb, sochiga tosh boylab, cho‘ktirvorgan ekan... Keyin o‘zi ancha yilga qamalib ketgan.

...Ziyoratgohning 6—8 sotix chiqadigan hovlisi va binosi yaqinda ta’mirlangan, doim ozoda. Duo o‘qib, tilovat qildik. Uyga qaytib, katta momodan so‘rasam, bu joy urush yillari bir kunda qurib, tiklangan ekan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Ziyoratimiz tugagach, dugonamning xolasi ishlaydigan do‘konga, Tojikiston chegarasiga yo‘l oldik. Manzilga yetkazadigan yo‘lovchi ulovni topish uchun daryoning narigi tarafiga qarab yurdik. Ikki tarafi quyuq daraxtzor oralab ketaverdik. Daryo ancha sayoz, bor-yo‘qligi bilinmaydiyam. Bahordagina to‘lib oqarkan.

Obizarang daryosi — ko‘rib turganingiz toshlar bahorda suv ostida bo‘ladi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Yo‘nalishli mashinada Shoqishloqdan uncha uzoq bo‘lmagan Tojikiston chegarasiga yetib keldik. Post yonida bir qator do‘konlar va taksilar turargohi bor, dugonamning xolasi ham o‘sha yerda sotuvchi ekan.

O‘ng tomonda — Tojikiston, chap tomonda — Tojikistonga eltuvchi taksilar.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Do‘konga kirgach, xola bilan salom-alik qilib, biroz suhbatlashdik. Bizni yog‘liqqina chalop (ayron) bilan siyladi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

U yerda ko‘p bo‘lmay, Uzun tumanidagi Oq ostona bobo yodgorlik majmuasiga yo‘l oldik. Buning uchun avval Sariosiyodan Uzunga, keyin ziyoratgohga alohida mashinada borilar ekan.

“Shu bezakni ko‘rish uchun atay xorijdan kelishadi”

Uzun tumanining mahalliy aholisi tilida “most-ko‘prik” deb ataladigan “stoyanka”si va uning oldidagi bozor doimgidek gavjum. Temiryo‘l ustidan o‘tgan piyodalar ko‘prigining har ikki tomonida taksilar va turli savdo rastalari, salqin ichimliklar (mors, ayron, o‘rik sharbati), dam olish joylari va oshxonalar bor. Kunning o‘rtasi, quyosh tikkaga kelgan, jazirama avjida, hayot tinmay qaynaydi. Hammol hammolligi bilan, savdogar savdosi bilan, tilanchi o‘z “yumushi” bilan andarmon.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Endi Oq ostona boboni daraklab ketdik.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Uzunliklar Telpakchinor qishlog‘idagi Oq ostona bobo maqbarasini Muhammad alayhissalomning yaqin sahobalaridan Abu Hurayraning qadamjosi sifatida ulug‘lar ekan. Haqiqatanam, maqbara ichida hech qanday qabr yo‘q, lekin qabr toshi bor. Bu kenotaf — mayitsiz dafn etish usuli bo‘lib, tosh yodgorlik Islom dini targ‘ibotchisining nomi bilan atalar ekan. Rivoyatlarga ko‘ra, ushbu maqbara ham bir kecha-kunduzda (taxminan, X asr oxiri — XI asrning boshlarida) bunyod etilgan.

Maqbaraning ichki qismida o‘rnatilgan katta tayoqni ko‘rib, nima ma’no anglatishini bilolmay, atrofga alanglab tursam, “Qani, kim rasmga olyapti, qaysi biring?”, deya do‘ppili, basavlat amaki kelib qoldi. O‘zini “shu yerlarning kattasi” deb tanishtirgan bu kishi tarixchi olim Rustamxon Rahmonov ekan.

— Qani, enajon, nima savolingga javob izlayapsan? — dedi.

— Maqbara ichkarisidagi mana bu tayoq nimaning ramzi? — so‘radim asta.

— Bu tayoqning, onam, ko‘p ma’nosi bor. Lekin kitoblarda o‘qib, rivoyatlarda eshitishimcha, tayoq Islom dini uchun qurayshlar bilan kurashgan darveshlar hassasining ramzi. Hassadagi besh barmoq shakli islomning besh ustuni (iymon keltirmoq, namozni qoim qilmoq, zakotni ado qilmoq, yo‘lga qodir odamlarning Haj qilmog‘i, Ramazon oyining ro‘zasini tutmoq)ga ishora. Lekin bu aniq va qat’iy xulosa emas, shunchaki taxmin, xolos.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

— Mana bu bezak-chi, ilonga o‘xsharkanmi? — deyman yana.

— Shunday. Ilon kulcha bo‘lib yotibdi. Qirrasi yettita. Yetti xosiyatli raqam. Aslida bu bezakning yetmish ma’nosi bor. O‘zbekistondagi biror ziyoratgohda bunaqa sirli bezak tushirilgan yodgorlikni topolmaysan. Birgina shu tasvirning ma’nosini topish uchun yuzlab olim izlangan, haligacha xorijliklarning qadami uzilmaydi. Shuginani ko‘rishga atayin uzoq-uzoqdan kelishadi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Maqbaradan chiqib, qabriston orasidagi chillaxonaga o‘tdik. Chillaxona qorovuli ichkarida yettita hujra bor, dedi. Qo‘limdagi kamerani ehtiyotlaganim uchun chillaxona oxirigacha kirolmadim. Aytishlaricha, qop-qorong‘i chillaxonaning oxiriga biror chiroq-shamsiz yetolgan kishi begunoh va qalbi pok hisoblanarkan. Hozir hujralardan uchtasi ochiq, undan narisi yopiq ekan. Mish-mishlarga ko‘ra, chillaxona oxiriga yetib borsangiz, yo Afg‘oniston, yo Samarqanddan chiqib qolarkansiz.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Shu bilan shafaq qizarib, shom g‘ira-shirasi boshlangach, Surxondaryoga sayohatim tugadi. Tog‘li va qishloq hududlarida tong otishi va kun botishi shaharlarnikidan ancha jozibali, betakror. U yerlarning osmoni tiniq, buluti ko‘p, ufqi ham mutlaq bo‘lak. Eng muhimi, qulog‘ingizni mashina shovqini, parma tovushi, burningizni gaz va chang hidi to‘ldirmaydi. O‘pkangizni to‘ldirib, bemalol qo‘rqmay nafas olaverasiz.

Ichimni allaqanday entikish, shirin hislar to‘ldirib, istab-istamay sayohatni yakunladim. Lekin Surxondaryoning men ko‘rmagan, bilmagan, eshitmagan mo‘jizalari ko‘p. Hali bir kun yana qaytib, butun go‘zalliklarini ko‘rgim, kameramga muhrlagim bor. Shu niyat bilan ortga qaytdim...

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Muallif:Dilruh Isomiddinova