“Tolibon” harakati yetakchisi mulla Haybatulla Oxunzoda Afg‘onistonga keldi, deb yozadi “Interfaks” afg‘on OAVlariga tayanib.

Haybatulla Oxunzoda

Foto: Afghan Islamic Press

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh va ittifoqdoshlarining qo‘shinlari Afg‘onistonda bo‘lib turgan yillarda Oxunzoda qo‘shni Pokistonda qochib yurgan.

“Oxunzoda to‘rt kundan buyon Qandahor viloyatida bo‘lib turibdi, u ‘Tolibon’ yetakchilari bilan Afg‘onistondagi vaziyatni va bo‘lg‘usi boshqaruv tizimi yaratilishini muhokama qilmoqda”, — deya ma’lum qildi Ariana News nashri.

Oxunzoda “Tolibon” harakatining mulla Umar va Axtar Mansurdan keyingi uchinchi asoschisi hisoblanadi. 2013-yilda Axtar Mansur mulla Umarning vafoti haqida e’lon qilgan va uning vorisi etib tayinlangan edi. Mansur 2016-yilda Amerika uchuvchisiz qurilmasi zarbasi bilan o‘ldirilgach, Haybatulla Oxunzoda “Tolibon” boshlig‘i deb e’lon qilindi.

Iyul—avgust oylarida “Tolibon” harakati jangarilari Afg‘onistondan AQSh va ittifoqdoshlari qo‘shinlari olib ketilishi fonida mamlakatning deyarli barcha viloyatlarini birin-ketin egallab oldi va 15-avgust kuni Kobulga kirdi. Poytaxt qo‘lga olinishidan bir necha soat avval prezident Ashraf G‘ani Afg‘onistondan qochib ketdi. Mamlakatning ko‘plab rahbarlari undan namuna oldi.

Ayni paytda faqat Panjsher viloyati jangarilar nazorati ostiga o‘tmagan. Panjsher yetakchisi, Afg‘oniston milliy qahramoni Ahmadshoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud mamlakatda barcha milliy ozchiliklar ishtirokida hukumat tuzilishini ma’lum qildi.

Afg‘onistonni egallab olgan harakat yetakchilari mamlakatda inklyuziv hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini da’vo qilmoqda.

Harakat matbuot kotibi Zabihulla Mujohidning aytishicha, inklyuziv hukumat yaqin kunlarda shakllantiriladi, ushbu masala bo‘yicha maslahatlashuvlar davom etmoqda.