Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Moskva shahrida turli millat vakillari ishtirokida etnik ommaviy mushtlashuv yuz bergani haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu sababli Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi.
Murojaatda agentlik ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan bunday ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etmaslikni so‘ragan. Shuningdek, muammoli yoki nizoli vaziyatlarda vakolatli organlar hamda O‘zbekistonning ushbu davlatdagi diplomatik idoralariga murojaat qilish kerakligini ta’kidlab, Rossiya qonunlariga rioya etishga chaqirgan.
Bundan tashqari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu mushtlashuvda o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining ishtirokini o‘rganib, zarur holatda o‘zbekistonliklarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolati doirasida barcha choralarni ko‘rishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etish chet el fuqarolari uchun Rossiya qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortilish yoki davlatdan majburiy chiqarib yuborishga olib kelishi mumkin.