“Daryo” internet-nashri tahririyati ommaviy axborot vositalari va ularning xodimlari faoliyatiga nisbatan har qanday ko‘rinishdagi aralashuv, bosim va tahdidlarni qoralaydi.
Feruza Najmiddinova kim va u bilan nima sodir bo‘ldi?
29 yoshli Feruza Najmiddinova 2019-yildan buyon “Qalampir.uz” internet-nashrida ishlaydi, hozirda bosh muharrir o‘rinbosari. “Qalampir.uz” nashrining qayd etishicha, Feruza “jamoada va jamiyatda, o‘quvchilar orasida tartibli, fidoyi, sadoqatli, halol jurnalist sifatida hurmat qozongan”. 2021-yili “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovida g‘olib bo‘lgan. Najmiddinova xonimning 2020—2021-yillardagi jurnalistlik faoliyati tanqidiy va tahliliy materiallar bilan bog‘liq. “Albatta, bunday tanqidiy materiallar uchun u bir necha bor tazyiq, tahdidga, ‘olib tashlaysan’ yoki ‘chiqarmaysan’ degan dag‘dag‘alarga ham uchragan”, — deyiladi internet-nashr bayonotida (Feruzaning onasi Muqaddas Ergasheva 2020-yili Mass-media fondiga bergan intervyusida: “Oxirgi yili har xil voqealar chiqdi, uni yoritdi, buni yoritdi, o‘shalarda bir-ikki marta qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi, “voy, bekor chiqaribsizlar, Feruzaxon, olib tashlanglar”, deb aytishdi. O‘shanda xavotir oldim ozgina”, — degandi).Yuqoridagi ta’kidlanganidek, Feruza Najmiddinova dolzarb mavzulardagi reportaj va intervyulari bilan tanilgan. U shunday reportajlaridan birini 6-avgust kuni e’lon qilgan. Unda Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, 20-iyuldan e’tiboran O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish obyektlari — restoran, kafe, oshxona va choyxonalarning soat 8:00 dan 20:00 gacha faqat ochiq havoda ishlashiga ruxsat berilganiga qaramay, Tashkent City’dagi aksariyat kafe va restoranlar 22:00 gacha gavjum ekani, xo‘randalarga ichkarida ham, tashqarida ham xizmat ko‘rsatayotgani bayon etilgan.
“Toshkent shahri hududida kafe, restoran va ovqatlanish obyektlari ko‘p. Lekin ularning aksari soat 20:00 dan so‘ng ish faoliyatini to‘xtatib, faqat yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda. Ayrim restoranlar na karantin qoidasi, na Maxsus komissiya qarorini mensiyapti va bunga Tashkent City ro‘parasidagi Toshkent shahar hokimligi ham ko‘z yummoqda... Nazoratga mas’ul bo‘lganlar...-ning parvoyi falak. Xo‘sh, ular hamma ko‘rib turgan narsani ko‘rmayaptimi yoki ko‘rishni istamayapti? Oddiy odamlar maska taqmaganiga jarima solib, OAVda dod deb chiqadiganlar qayerda?”, — deyiladi Feruza Najmiddinovaning “Tashkent City’dagi restoranlarning ‘tanka’si bormi? Maxsus komissiya qarori nega ishlamayapti?” sarlavhali reportajida.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda xodimlari koronavirusga qarshi vaksina olgan kafe va restoranlar ish vaqtiga cheklov o‘rnatilmaydigan bo‘ldi
Shunga qaramay, mediamaterial ijtimoiy tarmoqlarda yetarlicha shov-shuvga sabab bo‘lgan (bloger Shahnoza Soatovaning qayd etishicha, o‘sha video Facebook’dagi 35 ming kishilik guruhda yarim kun turgan. “O‘sha 35 ming kishilik guruh adminlari esa tap tortmay bo‘htonni o‘tkazishdi, ushlab turishdi, sharhlarda-ku nimalar deyilmadi”, deb yozadi bloger). Shundan so‘ng “Qalampir.uz” internet-nashri alohida bayonot bergan.
“Bugun biz istalgan odamni ‘shessekund’da sharmanda qilish, uning ustidan istalgan mag‘zava ag‘darib, tomosha qilib turish, obro‘sizlantirish va shu yo‘sinda alam olish oson bo‘lgan davrda yashayapmiz... Ushbu videoga istalgan ayolning, aytaylik, amaldor ayollarning yoki amaldorlarning qizi, jiyani, ayoli suratini ham qo‘yib, ‘shunaqa ish bo‘libdi’, deb tarqatish mumkin va bu haqiqat bo‘lolmaydi... Xalq o‘z qahramonlarini yaxshi taniydi va ularni ‘shessekund’da sharmanda qilish mumkin emas.Ma’lum qilinishicha, internet-nashr tahririyati va bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova mazkur holat yuzasidan ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat qilib, ushbu bo‘hton va asoslanmagan videoni tarqatganlar topilishi, ularga nisbatan chora ko‘rilishini so‘ragan. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, hozirda Feruza Najmiddinovaning murojaati bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi. IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ta’kidlashicha, “vaziyat Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olingan”; vazirlik matbuot xizmatidan “Daryo”ga qo‘shimcha qilishlaricha, 8-avgust holatiga ko‘ra gumonlanuvchilar topilganicha yo‘q.Mazkur holat jinsidan qat’i nazar istalgan jurnalist bilan ro‘y berishi, ularning sha’ni ham ana shunday toptalishi mumkinligini inobatga olsak, O‘zbekistonda jurnalistlarning daxlsizligi masalasi yanada dolzarb bo‘lib borayotganini fahmlaymiz... Ayollar kasbiy faoliyati ortidan bu shaklda tahqirlanishi jamiyatda gender tenglikning buzilishiga, ayollar sohalarni tark etishiga olib keladi”, — deyiladi “Qalampir.uz” bayonotida.
Hamma (deyarli hamma) Feruza
“Qalampir.uz”ning bayonoti ortidan ijtimoiy tarmoq faollari, blogerlar, jurnalistlar, deputatlar va boshqa bir qator taniqli shaxslar internet-nashr va uning jurnalisti Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlab chiqdi. Ularning aksariyati o‘z xabarlariga #men_feruzaman heshtegini ilova qilgan.“Feruza, biz siz bilan birgamiz! Biz siz tarafdamiz!”, deb munosabat bildirdi O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva. U Feruza Najmiddinova duch kelgan vaziyatni “nafaqat jurnalistning kasbiy huquqlari, balki asosiy inson huquqlari buzilishining eng shafqatsiz holatlaridan biri”, deb ta’rifladi. “Bu holatning adolatli o‘rganilishi Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan nazoratga olindi. Biz internet tarmog‘idagi uyushgan tazyiq holatlarining davom etishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, — deya qayd etib o‘tdi Norboyeva xonim.
O‘zbekiston ombudsmani Feruza Eshmatovaning bayonotida shunday deyiladi: “Inson huquqlarini ta’minlash va murojaatlar bilan ishlashda xalq dardini tanqidiy va tahliliy ruhda olib chiqayotgan jur’atli jurnalistni, qo‘pol qilib aytganda, ovozini o‘chirishga qaratilgan ushbu xatti-harakat qonun normalariga mutlaqo zid”. Ombudsman xonim “bunday vaziyatda ko‘pchilik jurnalistlarning birlashishi natijasida tanqidiy tahliliy materiallar yanada ko‘payishi”ga, “jur’atli va qo‘rqmas qalam ahli bu kabi zarbalardan yanada toblanishi”ga ishonch bildirgan.
“Yuksalish” umummilliy harakati yuz bergan holat “huquq va axloq normalariga, davlat rahbarining so‘z erkinligini ta’minlashga va ommaviy axborot vositalari vakillarining kasbiy faoliyatini himoya qilishga qaratilgan siyosatiga zid” ekanini ko‘rsatib o‘tgan. Feruza Najmiddinovaning “odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasidan yaxshi xabari bor” AOKA esa “OAV vakillari shaxsini obro‘sizlantirish, jurnalistlar faoliyatiga qing‘ir va noqonuniy yo‘llar bilan daxl qilishga bo‘lgan urinishlarni keskin qoralashi”ni bildirgan. O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarovning fikricha, bu nafaqat “Qalampir.uz” jurnalistiga, balki “jurnalist kasbini egallagan barcha ayollarga ham tahdid”dir. U Bosh prokuraturadan mazkur masalani o‘z nazoratiga olishni so‘ragan.
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovning ta’kidlashicha, internetdagi uyushgan tazyiq “jurnalistlarga bosim o‘tkazishning eng jirkanch usullaridan biri bo‘lib qolmoqda”. “Odatda bunday usuldan nojoiz yoki noqonuniy ishlari jurnalistik surishtiruvga tushganlar foydalanadi”, — deydi u. Allamjonovning aytishicha, “buning yo‘li oddiy — yolg‘on qanchalik dahshatli bo‘lsa, unga ishonish shunchalik oson”. “Tarmoqqa qing‘ir feyk joylanib, yolg‘onning to‘laqonli targ‘iboti boshlanadi. Maqsad — jurnalistlarni qo‘rqitib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan bosh tortishga majbur qilish”, — tushuntiradi u.
“Hamkasblar, agar sizning ovozingizni o‘chirishga, nomingizni chaplashga yoki tuhmatga qoldirishga urinishayotgan bo‘lsa, demak, Siz to‘g‘ri yo‘ldasiz, kimgadir qattiq tegib ketgan haqiqatni yozyapsiz”, — deb dalda bergan Allamjonov. Fond Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva esa jurnalist va bloger xotin-qizlarga alohida videomurojaat yo‘llab, ularni “shashtni so‘ndirmaslik”ka chaqirdi. “Shantaj, bo‘htonlar sizni sindirib qo‘ymasin! Men siz bilanman!”, — dedi Mirziyoyeva xonim va ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan postiga #men_feruzaman heshtegini ilova qildi.
Jurnalist Aziza Qurbonova “boshi yo‘q, tayini yo‘q, kimligi noma’lum iflos kadrlarni Feruzaning suratlariga tirkab, ‘virus video’ tarqatilishi ataylab qilingani aniq”ligini ta’kidlarkan, huquq organlaridan “ayol jurnalistning sha’ni daxlsizligi ta’minlanishi, bu ishning boshida-qoshida turgan jinoyatchilar aniqlanishi va chora ko‘rilishini, tarmoqlardan feyk videoni oldirib tashlashlarini” so‘ragan. O‘z navbatida Aziza Qurbonova ham ishtirokchisi bo‘lgan “Mumtoz davra”dagi faol xotin-qizlar Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlab chiqqan.
“Jurnalistga tuhmat qilishning hadisini olgan haromxo‘r shantajchilarning ishi bu. Qaysiki, avval ham ‘Jurnalist mendan 1 gektar yer so‘radi’, ‘Taksida yoningga geyni o‘tkazib qo‘yib, shessekundda syomka qilaman’ deguvchi to‘daning... Senlardan zo‘rlarning nevarasining shir yalang‘och rasmlari chiqib ketdi. O‘zini ‘xudoman’ deganlarni ham ko‘rdik. Alloh hammasini ko‘rib turibdi. Ular o‘zlarini makkor hisoblar, ammo Alloh makkorroq”, — deb vaziyatga munosabat bildirgan jurnalist Shuhrat Shokirjonov. Deputat Rasul Kusherbayev “haqiqiy erkaklari bor jamiyat, jamoa, oilada ayol kishiga hech qachon pastkashlik yo‘li tanlanmas”ligini ta’kidlagan.
Mavzuga doir:
Endi nima bo‘ladi?
Senat raisi deyarli har oy u yoki bu voqeaga keskin munosabat bildiradi, Ichki ishlar vazirligi nazoratida turgan shov-shuvli ishlarning esa hisobi yo‘q, ammo Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva bu kabi rezonansli voqealarga har doim ham aralashavermaydi. Shu vaqtgacha Mirziyoyeva xonimning e’tiboriga tushgan ishlar, e’tirof etish kerak, Oliy Majlis palatalari raislari munosabatlari yoki IIV nazoratidan ko‘ra samaraliroq yechim topgan, ma’lum bir mantiqiy nuqtaga yetib borgan. Katta ehtimol bilan, bu safar shunday bo‘ladi.Mavzuga doir:
Ombudsman Feruza Eshmatova ham Jinoyat kodeksining 244-6-moddasida ko‘zda tutilgan jazolarning yengilroqlari (36,75 million so‘mgacha jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash)ni sanab o‘tgan. Deylik, ayblanuvchi(lar) Feruza Najmiddinovani obro‘sizlantiruvchi videoni “uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab tarqatgan” deb topilsa, u holda jarima miqdori 98 million so‘mgacha oshishi yoki ayblanuvchining ozodligi uch yilgacha cheklanishi mumkin. Ayni vaqtda, faollar shu kabi obro‘sizlantiruvchi videolarni tayyorlab, internetga joylashtirganlardan tashqari, ularni tarqalishiga imkon bergan resurslarga ham chora ko‘rishga chaqirmoqda.
“Videoni joylashtirgan trolldan tashqari, uni tarqatishga imkon bergan guruh/guruhlar egalari ham javobgarlikka tortiladimi? To‘g‘ri, gap oddiy jurnalist ayolning sha’ni ustida boryapti. Ammo qonun hammaga barobarligini ko‘rsatish uchun yaxshi fursat. Adminlar va moderatorlar ham topilsin, qilmishiga yarasha javob bersin”, — deb taklif bildirgan bloger Shahnoza Soatova.