Litva hukumati o‘z ixtiyori bilan mamlakatni tark etishga rozi bo‘lgan noqonuniy muhojirlarga 300 yevrodan to‘lashga va’da bermoqda. Bu haqda Litva Ichki ishlar vazirligi migratsiya departamenti rahbari Evelina Gudzinskayte ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
To‘lov muhojir Litvadan uchib ketadigan samolyotga chiqqanida naqd pul bilan beriladi.
300 yevro noqonuniy muhojirlarga faqat bir marta to‘lanadi, agar ular yana mamlakat hududiga kelsa, kompensatsiyaga da’vo qila olmaydi.
Litva OAVlari iyul oxirida surishtiruv e’lon qilgandi, unda aytilishicha, Belarus-Litva chegarasini kesib o‘tish uchun noqonuniy muhojirlar vositachilarga 5 mingdan 15 ming dollargacha to‘lamoqda.
Litvada so‘nggi bir necha oy ichida Belarus bilan chegara orqali mamlakatga kirayotgan noqonuniy muhojirlar soni keskin o‘sdi, ular Litva hududi orqali Yevroittifoqning boshqa mamlakatlariga o‘tishni ko‘zlamoqda. Yil boshidan buyon Litva-Belarus chegarasida 4 mingdan ortiq noqonuniy muhojir qo‘lga olingan. Litva hukumati favqulodda vaziyat rejimini e’lon qildi va chegarada tikanli simdan to‘siq qurishga kirishdi.
Litva Belarus hukumatini chegaraning noqonuniy kesib o‘tilishiga to‘sqinlik qilmaslikda aybladi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 5-avgust kuni janubdan va g‘arbdan “chegaralarning har bir metrini” yopishni buyurdi.