Tokio Olimpiadasida mojaro sodir bo‘ldi. Yengil atletika bo‘yicha kumush medalini qo‘lga kiritgan namibiyalik sportchi qizning jinsi borasida shubhalar paydo bo‘lmoqda, deya yozadi “RBK Sport”.

Foto: Getty Images

18 yoshli Kristin Mboma Tokio Olimpiadasida o‘ziga xos natijani ko‘rsatdi. U ayollar o‘rtasida 200 metrga yugurish bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritish barobarida yoshlar o‘rtasidagi jahon rekordini ham yangiladi (21,81 soniya). Biroq Kristinda jinsiy rivojlanish buzilgan. Uning organizmida xromosomalar kombinatsiyasi noodatiy bo‘lib, testosteron darajasi erkaklarnikiga xos va ayollarnikidan bir necha barobarga ko‘p. Ushbu hodisa tibbiyotda XY DSD deb ataladi.

Qayd etish joiz, ushbu holat Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi uchun yangilik hisoblanmaydi va Kristinga o‘xshagan sportchilarga 400, 800 va 1500 metrgacha bo‘lgan masofalarda ayollar bilan raqobatlashish taqiqlangan.

Ushbu taqiqning qo‘llanilishiga janubiy afrikalik sprinter Kaster Semenya tufayli 2019-yilda o‘tkazilgan tadqiqot sabab bo‘lgandi. O‘shanda komissiya qaroriga ko‘ra, shunga o‘xshash xususiyatlarga ega sportchilar maxsus terapiyadan o‘tib, testosteron darajasini pasaytirsagina, 400 dan 1500 metrgacha bo‘lgan masofalarda ishtirok etishi mumkin. Kichik masofalarda (100 va 200 metr) esa bunday taqiq yo‘q.

Taqiqdan oldin Mboma ham 400 dan 1500 metrgacha bo‘lgan masofalarda chiqish qilardi, uning 200 metrga o‘tganiga 6 oy bo‘lgan.

Mboma bilan raqobatlashgan sportchilar esa tashkilotchilardan “u ayol ekanligini isbotlasin” deb talab qilmoqda.

“Ayollarni XY DSD xususiyatlariga ko‘ra ajratish aparteid bilan bir xildir. Ya’ni, insoniyatga qarshi jinoyat. Xalqaro yengil atletika federatsiyasi ayollarning haq-huquqlarini buzmoqda va ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda”, — deydi Kamerunning BMTdagi vakili Damiyen Jorj Avumu.

TASS agentligiga ko‘ra, namibiyalik Kristin Mboma ishtirok etgan 200 metr masofada ayollar o‘rtasidagi musobaqa natijalari adolatli deb topilgan. Bu haqda jurnalistlarga Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rasmiy vakili Mark Adams ma’lum qilgan.

“Bu adolatli raqobat. Ha, bizda ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan, lekin har bir sport turi bo‘yicha intizom qoidalari xalqaro federatsiyalar tomonidan alohida ishlab chiqiladi”, — deydi u.

Avvalroq jazoirlik va sudanlik ikki dzyudochining isroillik sportchiga qarshi jang qilishdan bosh tortib, Olimpiadani tark etgani va fransiyalik bokschining hakamlar qaroridan norozi bo‘lib, 1 soat davomida ringni tark etmasdan norozilik namoyish etgani haqida xabar berilgandi.