Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston viloyatlari markaziy hududlari kesimida 2021-yilning iyul oyi uchun tayyor palovning o‘rtacha narxlariga oid ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Foto: “Daryo” / Mummadxon Ibrohimov

Qo‘mita iyul oyida mamlakatning markaziy hududlaridagi umumiy ovqatlanish muassasalari (osh markazlari)da kuzatuv o‘tkazdi va uning natijalari bo‘yicha palovning o‘rtacha narxlari quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ldi:

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Ro‘yxatdan ko‘rinishicha, eng qimmat palov Toshkent shahrida sotilgan bo‘lib, bir porsiyasi 23 000 so‘m bo‘lgan. Undan keyingi o‘rinlarda esa Buxoro (20 667 so‘m), Samarqand (20 000 so‘m) viloyatlari o‘rin oldi. Eng arzon osh esa Namangan viloyatida, bir porsiyasi 14 714 so‘mdan sotilgan.

Qayd etilishicha, narxlarni ro‘yxatga oluvchi tomonidan kuzatuv o‘tkazilgan kun va vaqtdagi narx-navo qayd etilib, bunda vaqt va joyiga qarab narxlar o‘zgarib turadi.

Mazkur ma’lumotlarning shakllanishi jarayonida faqatgina tanlab olingan umumiy ovqatlanish muassasalari (osh markazlari)dagi palovning o‘rtacha narxlari hisobga olingan bo‘lib, restoran va choyxonalardagi narxlar inobatga olinmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda eng ommaviy taom — “Palov indeksi” ma’lumotlarini shakllantirish 2020-yilning yanvaridan joriy etilgan. Ushbu ma’lumotlarni shakllantirishda Respublikaning barcha hududlarida 1 kilogramm palov tayyorlash uchun sarflanadigan masalliqlar miqdori o‘rganib chiqiladi. Shunga ko‘ra, umumiy ovqatlanish muassasalarida bir porsiya palovning o‘rtacha narxi belgilanadi.