“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
14:08, 31.07.2021 55528

AQSh harbiylari Iroqni tark etmoqda. Amerikaning Iroqda olib borgan ikkala harbiy kampaniyasini aks ettiruvchi eng muhim fotosuratlar

AQSh Iroqdagi jangovar missiyasini yakunladi. Bu haqda 26-iyul kuni AQSh prezidenti Jo Bayden va Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kazimiy e’lon qildi. Iroqda AQSh boshchiligidagi koalitsiya operatsiyasi 2003-yilning 20-martida boshlangan, o‘sha yilning 1-mayidayoq kichik Jorj Bush g‘alaba haqida e’lon qilgan. Operatsiyaning maqsadi bo‘lgan Saddam Husayn hukumatini ag‘darish amalga oshirildi, ammo Amerika harbiylari Iroqda yana uzoq yillar qolib ketdi. Operatsiyaning birinchi qismi 2011-yilda Amerika kontingenti rasmiy ravishda mamlakatni tark etgunga qadar davom etdi. Ammo 2014-yilda AQSh harbiylari Iroqqa qaytdi va bu safar IShIDga qarshi kurash olib bordi. Eng yangi tarixda AQSh faqat Afg‘onistonda bundan ko‘proq vaqt jang qilgan. AQShning Iroqdagi har ikkala operatsiyasiga oid eng muhim voqealar Meduza maqolasidagi suratlarda aks etgan.

So‘nggi 17 yil ichida Iroqdagi o‘limlar soni to‘g‘risida aniq ma’lumotlar yo‘q, ammo, eng konservativ hisob-kitoblarda Amerika harbiy operatsiyasining dastlabki uch yilidayoq kamida 100 ming kishi halok bo‘lgani haqida gap boradi. To‘rt milliondan ziyod iroqlik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. 2003- yildan 2011-yilgacha koalitsiya askarlaridan 4799 nafari, shu jumladan 4,4 mingdan ortiq amerikalik harbiy halok bo‘lgan. Iroqdagi urushni yoritish mobaynida kamida 136 nafar jurnalist o‘ldirilgan.

2003-yil 21-mart, Bag‘dod. Iroqdagi operatsiyaning dastlabki kunlarida koalitsiya harbiy-havo kuchlari poytaxtni keng miqyosda bombardimon qildi. Aviazarbalar hukumat binolari, muhim infratuzilmaga hamda Saddam Husayn, uning oilasi va Iroq rahbariyati yashiringan deb gumon qilingan bunkerlarga berildi.

Foto: AP Photo

2003-yil 25-mart. Karbalo etaklari, Iroq. Iroqdagi operatsiya boshida quruqlikdagi janglarda boshqalar bilan bir qatorda AQSh armiyasining 3-piyoda diviziyasi harbiylari ham ishtirok etdi. Marsh chog‘ida zirhli texnika kolonnasi Iroq poytaxtidan 100 kilometr uzoqlikda qum bo‘roni tufayli bir muddat to‘xtab qoldi. 9-aprel kuni 3-piyoda diviziyasi askarlari dengiz piyoda askarlari bilan birga Bag‘dodga birinchi bo‘lib kirib keldi.

Foto: AP Photo

2003-yil 9-aprel. Bag‘dod. Poytaxt jangsiz egallandi. Mamlakatda hukumat almashinuvining ramziga aylangan Husayn haykalining qulatilishi shu kuni butun dunyo telekanallarida namoyish etildi. Bir guruh iroqliklar dunyo jurnalistlari yashab turgan mehmonxona yonidagi maydonda haykalni urib yiqitishga kirishdi. Ammo oxir-oqibat yodgorlik Amerika harbiylari tomonidan shatakchi transport bilan qulatildi. 

Foto: Reuters

Ushbu haykal Husaynning Bag‘doddagi asosiy yodgorligi bo‘lmasa-da, u chet ellik jurnalistlar yashaydigan mehmonxonadan unchalik uzoq bo‘lmagan maydonda joylashgan. Shu sababli uning buzilishi harbiy operatsiyaning ushbu bosqichi ramziga aylangan. 2003-yilning aprel oyida Bag‘dodda ishlagan jurnalist Piter Maas 2011-yilda The New York gazetasida chop etilgan maqolasida o‘sha kungi voqealarni batafsil tasvirlagan.

2003-yil 1-may. Tinch okeani. AQSh prezidenti kichik Jorj Bush “Avraam Linkoln” aviatashuvchi kemasining palubasida nutq so‘zlamoqda. “Asosiy jangovar operatsiya tugadi. AQSh va ittifoqchilarimiz Iroq urushida g‘alaba qozondi”, — deya e’lon qildi Bush. Uning qo‘shimcha qilishicha, Iroqda “hali qiladigan ish ko‘p”, ammo “burilish lahzasidan o‘tildi”.

Foto: AP Photo

2003-yil 31-may. Al-Musayib shahri atrofi, Iroq. Husayn davrida o‘ldirilgan shialarning ommaviy qabridan qazib olingan jasadlar. Al-Musayib shahri atrofidagi ommaviy qabrda 650 dan ortiq odam dafn etilgan.

Foto: Getty Images

2003-yil 16 sentabr. Tikrit, Iroq. Husaynning saroylaridan birida AQSh harbiylari beysbol o‘ynamoqda. Qarorgohning bir qismi talon-toroj qilingan, omon qolgan hashamatli interyerlarning fotosuratlari va videolari butun dunyo bo‘ylab ommaviy axborot vositalarida namoyish etilgan.

Foto: Reuters

2003-yil 14-dekabr. Koalitsiya kuchlari Bag‘dodga kirganidan sakkiz oy o‘tgach Tikrit yaqinida Saddam Husayn qo‘lga olingan. Eski-tuski kiyimda, soch-soqollari o‘sgan Iroq sobiq prezidentini bir qaraganda tanish qiyin bo‘lgan. Husayn insoniyatga qarshi ko‘plab jinoyatlarda, shialar va kurdlarni qirg‘in qilishda, shuningdek, 1990-yilda Kuvaytga qilingan hujumda ayblangan. Hibsga olingan Husayn va uning hukumati a’zolari ishini ko‘rib chiqqan tribunal 2005-yilda Iroqning sobiq prezidentiga o‘lim jazosini tayinladi. Aybini tan olmagan Husayn 2006-yil 30-dekabrda qatl etilgan. U osib o‘ldirilgan.

Foto: AP Photo

2004-yil 31-mart. Falluja, Iroq. Fallujada isyonchilar Iroqda AQSh hukumati bilan shartnoma asosida ishlayotgan Blackwater xususiy xavfsizlik kompaniyasi xodimlarini o‘ldirgan: ularning jasadlari toptalgan va Frot daryosidan o‘tuvchi ko‘prikka osib qo‘yilgan. (Surat shafqatsizlik, zo‘ravonlik va o‘lim sahnalari mavjudligi tufayli maqolaga joylashtirilmadi).

Blackwater xodimlarining o‘limi AQSh harbiylarining keskin javobiga sabab bo‘ldi, ular Fallujani shiddatli hujum bilan egalladi. Qurbonlarning qarindoshlari Blackwater’ni Fallujaga zarur tayyorgarlikka ega bo‘lmagan xodimlarni yuborganlikda aybladi. 2007-yil sentabr oyida Blackwater xodimlari Bag‘dod markazida otishma uyushtirib, 17 nafar Iroq fuqarosini o‘ldirdi, 20 ga yaqin odamni yaraladi. O‘shanda Iroq hukumati Blackwater kompaniyasidan mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatishni talab qildi.

2003-yil 4-noyabr. Abu Greyb qamoqxonasi, Iroq. Abu Greyb shahrida Husayn davrida qurilgan qamoqxonada AQSh harbiylari koalitsiyaga qarshi jinoyatda ayblangan mahbuslarni saqlagan. 2004-yilda mahbuslar qiynoqqa solingani va ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lingani ma’lum bo‘ldi. Harbiylar qiynoq jarayonini suratga olgan, qiynoqqa solinayotgan odamlar oldida suratga tushgan. Suratdagi inson Abu Greybdagi asirlardan biri — Abdu Husayn Saad Faleh. Abu Greybdagi qiynoqqa solishlar AQSh ichida ham, tashqarisida ham ko‘plab tergovlarga sabab bo‘ldi.

Foto: Criminal Investigation Command

2003-yil 12-dekabr. Abu Greyb qamoqxonasidagi mahbus itlarga talatilmoqda. (Surat shafqatsizlik, zo‘ravonlik va o‘lim sahnalari mavjudligi tufayli maqolaga joylashtirilmadi).

11 harbiy xizmatchi, shu jumladan ikki ayol Abu Greybdagi mahbuslarni qiynoqqa solish ishi bo‘yicha ayblangan. Ular bir necha oydan bir necha yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi. Abu Greybdagi barcha mahbuslar boshqa qamoqxonalarga ko‘chirilgan.

2004-yil 11-may. Abu Greyb qamoqxonasidagi mahbuslarning qarindoshlari. Abu Greybdagi qiynoqlar haqida ma’lum bo‘lgandan so‘ng, u yerda saqlangan to‘rt yarim ming mahbusning barchasi boshqa qamoqxonalarga o‘tkazildi. Ushbu fotosurat muallifi germaniyalik Anya Nidringaus hamda boshqa fotosuratchilar Iroqdagi urushni yoritgani uchun Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan. 2014-yilda Nidringaus Afg‘onistonda politsiya xodimi uning mashinasiga o‘q uzishi oqibatida halok bo‘ldi.

Foto: AP Photo

2004-yil 8-avgust. Bag‘dod. “Mahdi armiyasi” a’zolari Amerika vertolyotining parragini ko‘tarib olgan. Shialarning radikal rahbari Muqtada as-Sadr boshchiligidagi “Mahdi armiyasi” 2004-yilda bir necha oy davomida Bag‘dodning bir qismini nazorat qildi. As-Sadr tarafdorlarining da’vo qilishicha, ular Amerika vertolyotini urib tushirgan. Amerika qo‘mondonligi favqulodda qo‘nish bo‘lganini aytib, ikkala uchuvchi ham sog‘-salomatligini ta’kidlagan.

Foto: Reuters

2004-yil 22-noyabr. Falluja, Iroq. Fallujaga shiddatli hujum uyushtirish. Husayn rejimi ag‘darilganidan buyon AQShning Iroqdagi eng yirik harbiy operatsiyasi bo‘ldi. Isyonchilarning tayanch punkti bo‘lgan mazkur shaharning egallanishi yanvar oyida Husaynsiz o‘tadigan birinchi saylovlar oldidan Iroqdagi vaziyatni normallashtirishga yordam berishi kerak edi. Saylovlar ko‘plab teraktlar, shu jumladan hudkush terrorchilar ishtirokidagi hujumlar bilan birga o‘tdi; jangarilarning hujumlari yana ko‘p yillar davom etdi.

Foto: Getty Images

2005-yil 23-fevral. Bag‘dod. AQSh harbiylari poytaxt atrofida patrullik qilmoqda. Kampaniya boshlanganidan keyingi dastlabki yillarda Iroqdagi Amerika kontingentining asosiy vazifalaridan biri Iroq harbiylari va politsiyasiga xavfsizlik nazoratini topshirish uchun ularni o‘qitish bo‘lgan.

Foto: Getty Images

2005-yil 18-yanvar. Tal Afar, Iroq. Besh yoshli Samar Xasanning ota-onasi sal avval harbiylar tomonidan otib o‘ldirilgan. Ular avtoulovda tasodifan Amerika patruliga yaqin kelgan va to‘xtash haqidagi buyruqqa bo‘ysunmagan. Samarning 11 yoshli akasi jiddiy jarohat olib, tanasining quyi qismi falaj bo‘lib qolgan. Bolani AQShda davolashgan. Ushbu surat muallifi, amerikalik fotosuratchi Kris Xondros 2011-yilda Liviyada AQSh harbiylari ishtirokidagi navbatdagi kampaniya chog‘ida halok bo‘lgan. Ushbu kadr World Press Photo (2006) tanlovida “Tezkor yangiliklar” kategoriyasida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Foto: Getty Images

2005-yil 30-yanvar. Basra, Iroq. Politsiyachi saylov uchastkasiga nogiron kishi minib kelgan eshak aravani tekshirmoqda. Saddam Husayn rejimi ag‘darilgandan so‘ng birinchi marta o‘tkazilgan Iroqdagi saylovlar butun mamlakat bo‘ylab 20 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan qator teraktlar bilan birga o‘tdi. Atef Hassan tomonidan olingan ushbu surat Reuters talqini bo‘yicha 2005-yil suratiga aylandi.

Foto: Reuters

2007-yil 1-fevral. Ramadi, Iroq. G‘arbiy Iroqdagi Ramadi shahri koalitsiya kuchlariga qarshilik ko‘rsatishning asosiy tayanchlaridan biri bo‘lgan. AQSh harbiy kuchlari Ramadidagi isyonchilar bilan to‘qnashuvda ko‘plab askarlaridan ayrilgan. Surat tungi ko‘rish moslamasi yordamida olingan. O‘sha paytda isyonchilarda bunday yuqori texnologik uskunalar yo‘q edi.

Foto: Getty Images

2007-yil 12-fevral. Bag‘dod. Poytaxtdagi terakt sodir etilgan joy, u yerda mashinalarga o‘rnatilgan ikkita portlovchi moslama portlagan. Amerikaning Iroqdagi kampaniyasi mobaynida halok bo‘lganlar soni bo‘yicha aniq raqamlar yo‘q. Turli xil hisoblash usullariga ko‘ra, 2003—2006-yillarning o‘zida 110 mingdan 650 minggacha odam o‘lgan.

Foto: AP Photo

2011-yil 13-dekabr. Bag‘dod. Iroq poytaxtidagi oyoq protezlarini ishlab chiqaradigan korxona. Jangovor harakatlar tufayli bunday protezlarga talab keskin oshgan. Koalitsiya operatsiyasi boshlangandan so‘ng Iroq sog‘liqni saqlash tizimi deyarli yo‘q qilindi — ko‘plab tibbiyot xodimlari mamlakatni tark etdi yoki halok bo‘ldi.

Foto: Getty Images

2011-yil 21-noyabr. Suratdagi bola 2006—2008-yillarda Iroqda bo‘lib o‘tgan janglar paytida halok bo‘lgan otasining o‘limida ayblanayotgan shaxsning yonida turibdi. To‘qnashuvlarda sunniylar va shialarning qurolli guruhlari hamda koalitsiya kuchlari bilan birgalikda hukumat kuchlari ishtirok etgan. Minglab odamlar halok bo‘lgan, to‘rt milliondan ortiq iroqlik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Foto: Reuters

2015-yil 23-iyul. Bag‘dod. AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Iroq harbiylarini o‘qitish jarayonini kuzatmoqda. Mahalliy harbiylar va politsiyani mamlakat xavfsizligini mustaqil ravishda ta’minlashga o‘rgatish — AQShning Iroqdagi asosiy vazifalardan biri ekani bir necha bor ta’kidlangan.

Foto: Getty Images

2014-yil 23 iyun. Mosul, Iroq. IShID harakati jangarilari Iroq hukumat kuchlaridan tortib olingan zirhli mashinalarda ketmoqda. Iroqning katta qismida birmuncha vaqt nazorat o‘rnatgan IShIDning kuchayishi Amerika kontingentining mamlakatga qaytishiga sabab bo‘ldi.

Foto: AP Photo

2017-yil 9-iyul. Koalitsiya aviatsiyasi Mosulga qarshi havo hujumini qo‘llab-quvvatladi. Bu kabi aviazabalarning bittasi shaharning 100 dan ortiq aholisini halok qilgan.

Foto: AFP

2017-yil 11-mart. Iroq kuchlari va IShID o‘rtasida Mosul uchun bo‘lib o‘tayotgan jang. Janglar 2016-yil 24-martdan 2017-yil 10-iyulgacha davom etgan. Oxir-oqibat Iroq kuchlari va ularning ittifoqchilari mamlakatning ushbu ikkinchi yirik shahri ustidan nazoratni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ldi. IShID Mosulni 2014-yildan beri nazorat qilib kelayotgandi.

Foto: Reuters

2019-yil 31-dekabr. AQShning Bag‘doddagi elchixonasi oldida “Al-Hashd ash-Shaabi” (“Xalq safarbarlik kuchlari”) ishtirokchilarining norozilik harakati bo‘lib o‘tmoqda. Harakat ishtirokchilari asosan shia ko‘ngilli askarlaridan iborat bo‘lib, ular Iroqda IShIDga qarshi kurashgan. Norozilik aksiyasiga AQSh harbiy-havo kuchlarining askarlar lagerlariga yo‘llagan zarbalari sabab bo‘lgan.

Foto: Reuters

2007-yil 27-may. Arlington milliy qabristoni, AQSh. Meri Makxu qallig‘i — Iroqda qo‘lbola bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgan serjant Jeyms Reganning qabri yonida. Regan Iroq va Afg‘onistonda halok bo‘lgan AQSh harbiylari uchun mo‘ljallangan qabristonning eng yangi qismi — 60-maydonga dafn etilgan. AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2003-yildan 2013-yilgacha Iroqda 4424 askar halok bo‘lgan.

Foto: Getty Images

2021-yil 21-iyul. Najaf, Iroq. Shialar uchun muqaddas bo‘lgan Najaf shahridagi Vodiy al-Salom qabristoni. Suratda qabristonning jangovar harakatlar ishtirokchilari dafn etilgan bir parchasi. 2003- yildan beri qabristonning maydoni sezilarli darajada kengaydi, bunga IShID bilan janglarda halok bo‘lganlarning qabrlari ham sabab bo‘ldi. Uch yillik tanaffusdan so‘ng, 2014-yilda Amerika harbiy kontingenti IShIDga qarshi kurashish uchun Iroqqa qaytib kelgan.

Foto: AFP

2021-yil 4-iyul. Mosul. AQSh Iroqdagi jangovar missiyasini 2021-yilning oxiriga qadar yakunlashni rejalashtirmoqda. Shundan so‘ng ham mamlakatda Amerika harbiylari qolishi mumkin, ammo faqat instruktor va maslahatchi sifatida.

Foto: Reuters

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Boshqa yangiliklar