O‘zbekistonda kelgusi oylarda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning o‘zgarishi sharoitida dori-darmonlar, tibbiy xizmatlar va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari keskin oshishi mumkin. Bu haqda 29-iyul kuni o‘tkazilgan Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida aytildi.

Yig‘ilishda 2021-yilning birinchi yarim yilligida shakllangan tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarni inobatga olib, 2021-yil oxirigacha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning prognozlari qayta ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, iqtisodiyotda sezilgan inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar darajasining yuqori qolayotganligi hamda ularning asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishiga ta’sirchanligining yuqoriligi inflyatsion vaziyatni yanada kuchaytirishi mumkin.

“Kelgusi oylarda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning o‘zgarishi sharoitida dori-darmonlar, tibbiy xizmatlar va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari keskin oshishi mumkin. Buning oldini olish, karantin bilan bog‘liq cheklovlarning umumiy ovqatlanish, transport va yetkazib berish xizmatlari sohalaridagi narxlarga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, go‘sht mahsulotlari va qoramollar importi hajmining oshib borishiga qaramay, ichki bozorlarda go‘sht mahsulotlari narxlarining o‘sish dinamikasi saqlanib qoladi.

Shuningdek, iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning samaralari qayta taqsimlanishi ularning ichki bozordagi narxlarga ta’sirini minimallashtirishga xizmat qiladi.