O‘zbekistonda 30–31-iyul kunlari kam bulutli ob-havo saqlanib qoladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Faqat juma kuni Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida kunning birinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kunduzi 32-37 darajani tashkil etadi. Shamolning tezligi ba’zi joylarda 17-22 metr/sekundgacha kuchayadi.

Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘li hududlarida va vodiyning Qirg‘iziston bilan yondosh hududlarida kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar hisobiga 30—31-iyulda Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor.

1-avgust kuni O‘zbekistonda salqin havo massalari asta-sekin tark eta boshlaydi. Uning o‘rnini Erondan kirib keladigan issiq va quruq ob havo massalari egallaydi. Kunduz kuni havo haroratining 35-40 darajagacha isishi kutilmoqda.

Respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning shimoliy hududlariga 27-iyuldan boshlab Qozog‘iston orqali Volga bo‘yi hududidan nisbatan salqin havo massasi kirib kelib, harorat 33 darajagacha pasaygandi.