Afsonaviy sport gimnastikachisi Oksana Chusovitina “Match TV” telekanalida bo‘lib o‘tgan suhbatda Tokio—2020 Olimpiadasidagi ishtirok, faoliyatiga oid fikrlar va kelajakdagi maqsadlari haqida aytib o‘tdi.

Foto: Getty Images

Shuni aniq ayta olamanki, bu Olimpiada men uchun oxirgisi. Katta sportdagi faoliyatimni yakunladim. Biroq sportni tark etmayman, shunchaki yirik musobaqalarda ishtirok etmayman.

Tokio Olimpiadasida ishtirok haqida

Albatta, bu Olimpiadada borimni namoyish qilishga urindim. Sakrashim u qadar yaxshi bo‘lmadi. Finalda qatnashishni juda xohlagandim, afsuski, bu ro‘yobga chiqmadi. Bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi, deb o‘ylayman. Oldinga yurishda davom etamiz.

Sportdan keyingi hayot haqida

Endi menda sportdan tashqarida boshqacha hayot kechirish imkoniyati tug‘ildi. Menimcha, u yerda ham xuddi katta sportdagi kabi qiziq bo‘ladi. Oilam bilan bo‘lishni, turmush o‘rtog‘im, o‘g‘lim bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni istayman. Ta’til olaman, qandaydir dengiz sohilida hordiq chiqaraman. Nihoyat, tongda erta turib, mashg‘ulot o‘tkazish uchun fitnes zaliga borishga majbur emasman.

So‘nggi ishtirokdan keyingi kechinmalar haqida

Juda qayg‘uli, sportga “xayr” deyish ancha oson bo‘ladi deb o‘ylagandim, o‘zimni bunga tayyorlab kelgandim. Biroq shuni aytish kerak, bu u qadar oson emas ekan, juda og‘ir bo‘ldi. Umringni yarmini bag‘ishlagan narsa bilan xayrlashish juda qayg‘uli.

Qo‘llab-quvvatlashlar ichida eng esda qolarlilari borasida

Ko‘plab insonlardan xatlar oldim, ularni ertalabgacha sanash mumkin. Biroq eng muhimi o‘g‘limning so‘zlari bo‘ldi. O‘g‘lim uning uchun doim chempion bo‘lib qolishimni, meni yaxshi ko‘rishi va mendan g‘ururlanishini aytdi. Men uchun bu eng yoqimli va eng asosiy so‘zlar.

Sportdagi eng yodda qolarli medal haqida

Faoliyatimdagi eng yorqin voqea medal bilan bog‘liq emas. Bu hodisa Pekindagi (2008-yil) Olimpiadada sodir bo‘lgandi. Unda men kumush medalni qo‘lga kiritgandim. Biroq medal emas, undan keyingi voqea butun umrga xotiramda qolgan. Uyga qaytishimizdan oldin, o‘g‘limni navbatdagi tibbiy ko‘rikka olib borganimizda shifokorlar uning butkul sog‘ayganini aytdi. Bu xushxabarga hech qanday oltin medal teng kela olmaydi.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda gimnastikaning holati haqida

Menimcha gimnastika rivojlanishda davom etadi. Buning yo‘lida qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Barcha tajriba va bilimlarni bu yo‘lda sarflayman. Bizda juda ko‘plab iqtidorli qizaloqlar bor. Ular Yaponiyada shu yili o‘tkaziladigan Jahon chempionatida o‘zini namoyish qiladi. Men ularga muxlislik qilaman.

Gimnastika — avval va hozir

Hozirda gimnastika biroz qiyin bo‘lib qolgan, juda qiyin elementlar amalga oshirilmoqda va bu jarohat yetkazishi mumkin bo‘lgan sport turiga aylanib qoldi. Biroq shu bilan birga jihozlar ancha yaxshilandi. Shuningdek, hakamlikda ham juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi.

Oksana Chusovitina, gimnastikachi

Oksana 25-iyul kuni Tokio Olimpiadasi saralash bosqichida ishtirok etdi. Uning natijasi final yo‘llanmasi uchun yetarli bo‘lmadi.

Chusovitina 1975-yilning 19-iyunida Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U gimnastika bo‘yicha sobiq SSSR, O‘zbekiston va Germaniya terma jamoalari sharafini himoya qilgan. 1992-yilda o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlari chempioni, 2008-yilgi yozgi o‘yinlar kumush medali egasi. Chusovitina sakkizta Olimpiadada ishtirok etgan tarixdagi yagona gimnastikachi hisoblanadi.