O‘zbekiston Milliy teleradio kompaniyasi Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari translyatsiyasini 850 ming AQSh dollari evaziga sotib olgan.

Foto: Getty Images

Bu haqda qozog‘istonlik sharhlovchi Dmitriy Mostovoy ma’lum qildi. Jurnalist Qozog‘iston telekompaniyalari nima sababdan Olimpiada translyatsiya huquqini sotib olmayotgani borasidagi maqolasida bu haqda aytib o‘tgan.

Mostovoyning qayd etishicha, Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari translyatsiyasi uchun Qozog‘istondan 7,5 million dollar talab qilingan. “Xuddi shunday huquq uchun O‘zbekiston bor-yo‘g‘i 850 ming dollar to‘lagan, xolos”, — deydi Mostovoy.

Uning e’tibor qaratishicha, Olimpiada telehuquqiga mamlakatlarning imkoniyatiga qarab turli narxlar belgilanadi. Mostovoy Qozog‘iston televideniyesi avvalgi Olimpiadalarni qancha mablag‘ evaziga sotib olganini eslagan. 2008 va 2010-yillar (yozgi va qishki o‘yinlar) — 300 ming dollar, 2012 va 2014-yillar — 1,1 mln, 2016 va 2018-yillar — 5,1 mln dollar.

Eslatib o‘tamiz, 23-iyul kuni Tokio—2020 Olimpiadasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Musobaqa 8-avgustga qadar davom etadi. O‘zbekiston delegatsiyasi 17 ta sport turi bo‘yicha 65 ta yo‘llanmaga ega bo‘lgan. O‘zbekistonlik sportchilar 24-iyuldan o‘z ishtirokini boshlaydi.