Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) shafeligida Toshkentda o‘tgan suzish bo‘yicha Tokio—2020 Olimpiadasi litsenzion musobaqasida tortishuvli holat yuz berdi. Ma’lum bo‘lishicha, FINA mazkur musobaqada qatnashgan hindistonlik sportchining e’tirozidan keyin Toshkentdagi turnir natijalarini bekor qilgan va Olimpiada normativini bajargan besh nafar o‘zbekistonlik sportchining natijasini bekor qilgan. Rossiyaning ommabop nashrlaridan biri “Sport Ekspress” vaziyat borasida maqola e’lon qildi. Muallif maqolada suzish bo‘yicha Hindiston terma jamoasi Likit Selvarash Premaning videolavhalariga tayangan holda unga bo‘lgan adolatsizliklar haqida ma’lumotlar bergan. Har xil tushunmovchiliklar bo‘lmasligi uchun “Daryo” ushbu maqolani to‘laligicha o‘zbek tilida taqdim etadi. Shuningdek, ushbu holat yuzasidan Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) va Suzish federatsiyasi rasmiy bayonoti taqdim etiladi.

Tokio–2020 saralashidagi eng shov-shuvli voqealardan biri hindistonlik suzuvchining internetdagi tekshiruvidan boshlandi

Suzish bo‘yicha O‘zbekiston poytaxti Toshkentda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi oddiy saralash musobaqasining natijalari hech kimni qiziqtirmagan bo‘lardi, agarda oxirgi startlarning birida sodir bo‘lgan mojaro bo‘lmaganida. Hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema hakamning start ishorasidan keyin suvga sho‘ng‘ishdan bosh tortadi va hammaning e’tiborini o‘ziga tortishga harakat qiladi. Keyinchalik esa u YouTube tarmog‘ida video joylashtirib, unda o‘zini bunday tutishiga nima sabab bo‘lgani haqida tushuntirish beradi va ayyorlik sxemasi bo‘yicha gapiradi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston suzish federatsiyasi o‘z sportchilarini Olimpiada kvotalari bilan ta’minlagan, rozi bo‘lmaganlarni esa sotib olish yoki qo‘rqitishga harakat qilgan. Bu voqealar aprel oyida sodir bo‘lgan, o‘shanda Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishini e’lon qilgandi. Tergov haqiqatan ham amalga oshirildi va Yaponiyaga jo‘nab ketishdan oldidan O‘zbekiston terma jamoasining bir qancha vakillari Olimpiya terma jamoasidan chiqarib yuboriladi.

Irqchilikka oid hazil tergov boshlanishiga sabab bo‘lgan

Suzish bo‘yicha Olimpiadada qatnashish uchun faqat mamlakat ichkarisidagi chempionatda qatnashish yetarli emas. FINA raqobatni ma’lum darajada ta’minlash maqsadida minimal kvalifikatsiya natijasini belgilab bergan. O‘yinlarda qatnashishni kafolatlash uchun uni rasmiy ravishda qayd etish kerak. Ko‘pincha suzuvchilar ushbu vazifani terma jamoaga tanlov bo‘ladigan mamlakat chempionatlarida bajaradi. Ushbu yilda koronavirus pandemiyasi cheklovlari tufayli barcha mamlakatlar ham milliy chempionatlarni tashkil qilolmadi, boshqa federatsiyalar esa o‘z ichki birinchiliklarini ochiq qilib, ularga chet elliklarni ham taklif qilishni boshladi. Xuddi shu narsa O‘zbekistonda ham amalga oshirildi, u yerda qo‘shni davlatlardan kelgan sportchilar mahalliy suzuvchilar bilan bir xilda chiqish qildi. Shu jumladan, hindistonlik Prema ham.

U o‘zbekistonlik suzuvchilarning kvotalariga da’vo qilmagan, Likita Selvarashning vazifasi kvalifikatsiya standartini bajarish bo‘lgan. Ammo u dastlabki start vaqtida tabloda g‘alati holatga duch kelgan: unga ko‘ra elektron tabloda o‘zbekistonlik sportchining natijasi noto‘g‘ri hisoblagan. Shu tariqa Aleksey Tarasenko (o‘zbekistonlik suzuvchi) protokol bo‘yicha erkin uslubda 100 metr masofani 48,55 daqiqada bosib o‘tgan. Ammo Premaga (u buni isbotlash uchun suzish videosini keltirgan) Alekseyning haqiqiy vaqti 51 soniyadan ko‘proqni tashkil qilganini bildirgan. O‘zbek suzuvchilarini yo‘llanmalar bilan ta’minlash uchun vaqt ayyorlik bilan o‘zgartirib qo‘yilgan.

Firibgarlikni aniqlash qiyinroq bo‘lishi uchun ayyorliklar ko‘pincha dastlabki bosqichlarda sodir bo‘lgan. Kunduzgi bellashuvlarda mahalliy suzuvchilarning natijalari kechki paytdagilarga qaraganda ancha yaxshi bo‘lgan. Hindistonlik sportchi tashkiliy qo‘mita e’tiborini jalb qilishga urinadi va hatto 200 metrga brass usulida suzish oldidan sabotaj uyushtiradi, ammo u tashkilotchilarning bosimiga duch keladi. Ular Premaning ruhiy tomondan toliqqani yoki eshitish qobiliyatining buzilganligi to‘g‘risida tibbiy xulosalarni olishga harakat qiladi, go‘yo u shu sababli hakamning start ishorasini eshitmagan va suvga sakramagan. Tekshiruv o‘tkazish haqidagi chaqiruvga rasmiylar Likitaning boshqa suzuvchilarning muvaffaqiyatlariga shunchaki hasad qilayotgani haqida javob beradi. Bayonotda O‘zbekiston vakillarining g‘alabalariga bo‘lgan “qora hasad” haqida gap boradi. (Premaning tana rangiga ishora qilgan holda).

O‘zbekistonga suzish sporti bo‘yicha uzoq muddatli taqiq qo‘yilishi mumkin

Ehtimol, O‘zbekiston suzish federatsiyasining bunday keskin va jur’atli javobi FINA rasmiylarini bu masalaga jiddiyroq yondashishga ishontirgan bo‘lsa-da, dastlab ular faqatgina muammoga e’tibor qaratishni va’da qiladi. Keyinchalik Prema ayblovlarining to‘g‘riligini aniqlagan ishchi guruh tashkil etiladi. FINA komissiyasi ushbu qurilmalarning ma’lumotlari ataylab buzilganligini aniqladi va o‘zbek suzuvchilarining natijalarini bekor qildi. Bunga javoban, O‘zbekiston suzish federatsiyasi FINA’ga qarshi Sport arbitraj sudiga (CAS) da’vo arizasini kiritadi. Lozannadagi sud ham suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati natijalarini tan olmaslik to‘g‘risidagi qarorni qo‘llab-quvvatlab, FINA va Prema tomonini oladi. Bundan tashqari, CAS FINA’ga O‘zbekiston suzish federatsiyasi, rasmiylar va sportchilarga qarshi qo‘shimcha sanksiyalarni qo‘llashni tavsiya qiladi.

Ehtimol, FINA jazo sifatida butun delegatsiyani har qanday shakl va tarkibda suzish bo‘yicha musobaqada qatnashish huquqidan mahrum qilishi, shuningdek, 2022-yilgi suv sporti bo‘yicha Jahon chempionatidan ham diskvalifikatsiya qilishi mumkin. FINA vakillari ushbu variantni muhokama qilmoqda.

Raqamlar bilan bog‘liq firibgarlik avval ham kuzatilgan

Bunday hiyla-nayrang — katta beadablik hisoblanadi, ammo bu alohida holat emas, bu faqat ommaviy axborot vositalari va Internet orqali adolatni talab qilgan Premaning beparvo bo‘lmagani tufayli ommaga ma’lum bo‘ldi. Uning uchun O‘zbekistonga qarshi sanksiyalar hech qanday foyda keltirmadi, unga hech kim kvota bermagan (ehtimol, berilmaydi ham) va Likita Selvarash qatorida Hindistondan hech kim kvota standartini bajarolmagan. Biroq Prema o‘z taqdiri haqida emas, balki adolatsizlik haqida qayg‘urayotgani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra boshqa davlatlarda ham bunday holatlar uchrab turadi. Turnir qanchalik ekzotik va omma e’tiboridan yiroqda bo‘lsa, u yerda firibgarlikni topish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Yevropadagi yirik chempionatlarda Shveysariya soatsozlik kompaniyalari taqdim etgan texnikalardan foydalaniladi, FINA’ning shunday kompaniyalardan biri bilan shartnomasi ham bor. Biroq “uchinchi dunyo” mamlakatlari federatsiyalari Shveysariya uskunalarini sotib olish va mutaxassislarni taklif qilish uchun moliyaviy imkoniyatga ega emas. Shuning uchun ular Xitoy xronometrlaridan foydalanadi. Ularning sifat darajasi pastroq bo‘lib, ayyorlik yo‘lida foydalanish uchun ham qulaydir. Toshkentda natijalar qayd etilgan tablo qotib qolavergan va suzuvchilarning qo‘shimcha soniyalarini “yutib yuborgan”. Ba’zan tablodagi ayyorliklar so‘nggi startlar natijalarini hal qilib beradi: suzuvchilar aynan bir xil tezlikda finishga yetib keladi, oradagi farq atigi millisoniyalarni tashkil qiladi. Natijani esa faqatgina raqamli xronometr ma’lumotlaridan ko‘rish va tekshirish mumkin.

“Daryo” ushbu voqea yuzasidan O‘zbekiston suzish federatsiyasidan izoh oldi

O‘zbekiston suzish federatsiyasining izohi:

Ha, biz Rossiya nashrida Rustam Imomov tomonidan e’lon qilingan maqola bilan tanishib chiqdik. Muallif maqolani o‘ylab topilgan taxminlar asosida yozgan. Maqolada ko‘rsatilgan barcha ma’lumotlar O‘zbekiston suzish federatsiyasiga nisbatan yolg‘on ko‘rsatmalar va ayblovlardir. Yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralash va litsenziyalash chempionati halol o‘tgani haqida O‘zbekiston suzish federatsiyasida barcha dalillar mavjud. O‘zbekiston suzish federatsiyasi chempionatda ayyorlik qilish va suzuvchilarning natijalarini o‘zgartirish haqida o‘ylamagan.

Shuningdek, “Daryo” mavzu yuzasidan federatsiyaga bir qator savollar bilan ham murojaat qildi.

Ushbu taqiq Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Xurshidjon Tursunov va Yulduz Qo‘chqorovaga (MOQning dastlabki ma’lumotida Qo‘chqorova keltirilgandi, keyinchalik uning o‘rniga boshqa sportchi Tokioga borishi ma’lum qilindi) ham ta’sir qiladimi?

Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga o‘zbekistonlik ikki suzuvchi borishini ma’lum qilmoqchimiz. Bular Xurshidjon Tursunov (erkin usulda 100 metrga suzish) va Natalya Kritinina (erkin usulda 50 metrga suzish). Kvotalar Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan. Ushbu ma’lumotlar MOQ (Milliy olimpiya qo‘mitasi) va O‘zbekiston suzish federatsiyasi rasmiy veb-saytlarida e’lon qilindi.

Ayyorlikni amalga oshirganlar jazolanadimi?

Ushbu chempionatning barcha natijalari FINA suzish qoidalariga muvofiq yarim avtomatik taymer yordamida aniqlangan va qayd etilgan.

Vaqt uskunalari “Swiss Timing”, shu jumladan, 2017-yilda Avstriyaning “AVK GmbH” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan “Quantum” xronometraji tizimi yordamida avtomatik ravishda hisoblab chiqilgan.

Vaqt tizimi quyidagicha ishlagan:

  • Birinchidan, qayta hisoblash start belgisi berilgan paytdan boshlanib, sportchi marraga yetib kelib, hovuzning chetiga bog‘langan maxsus sensor paneliga qo‘li bilan tegganida tugagan.
  • Ikkinchidan, vaqt (xronometraj) hovuzning har bir qatorida bo‘lgan hakamlar tomonidan qo‘shimcha ravishda qo‘lda hisoblab chiqilgan (yozilgan).
  • Startlarning natijalari avtomatik ravishda “AVK GmbH” tomonidan yetkazib berilgan va o‘rnatilgan “Quantum” tablosida natijalar onlayn rejimda chop etilgan. Ushbu raqamlarni o‘zgartirib bo‘lmaydi, chunki ular musobaqa vaqtida har bir suzish oxirida darhol tabloda aks ettiriladi. Musobaqa natijalari ko‘rsatilgan barcha protokollar o‘sha ma’lumotlarga muvofiq tarzda tuzilgan.

2021-yilgi chempionat natijalari 100% ishonchli, buning tasdig‘ida sifatida ushbu musobaqada ishtirok etgan biron bir jamoadan musobaqa bosh hakamiga norozilik kelib tushmaganligini ko‘rsatish mumkin.

“Swiss Timing–“Quantum” tizimi bo‘yicha O‘zbekiston suzish federatsiyasi mutaxassisining (tashqi texnik ekspert) so‘zlariga ko‘ra mazkur tizim hech qanday muammosiz ishlagan va sportchilarning musobaqa davomida sarflagan  vaqt (xronometraj) va natijalarni to‘g‘ri hisoblagan. Ammo elektron tablolarda qisman ishlamay qolish, miltillash, qotib qolish yoki o‘chib qolish kabi muammolar  mavjud edi. Biroq bu “Swiss Timing” xronometraj tizimining ishlashiga, shuningdek, musobaqa natijalarini qayd etilishidagi adekvatlik va ishonchlilikka hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan.

O‘zbekiston suzish federatsiyasi musobaqalarning har bir startidagi onlayn-kvitansiyalarini chop etgan, ular har bir start tugagandan so‘ng darhol bir marta “Quantum” xronometr tizimida chop etilgan. Shu bilan birga ularni raqamli shaklda saqlab bo‘lmaydi va ularga qandaydir o‘zgartirish yoki tuzatish kiritish imkoniyati ham yo‘q.

Shuningdek, biz FINA Umumiy qoidalarining GR 9.2-moddasi qoidalariga asoslandik, unga ko‘ra tanlov davomida ishtirokchilar tomonidan natijalarning asosliligi va adekvatligiga qarshi norozilik bildirilmasa, ular FINA uchun ham haqiqiy va yakuniy hisoblanadi.

Bundan tashqari, hindistonlik suzuvchining musobaqa natijalarini o‘zbekistonlik sportchilar foydasiga manipulyatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi ayblovlari asossizdir va u tomonidan taqdim etilgan noprofessional kamerada (telefonda) suratga olingan videolavha juda past sifatli bo‘lib, dalil bo‘lib xizmat qila olmaydi. Bundan tashqari, biz uni o‘z natijalaridan norozi bo‘lgan va sportchiga xos bo‘lmagan xatti-harakatlari sababli (FINA qoidalarini buzgan holda) musobaqadan chetlatilganidan ranjigan shaxs deb o‘ylaymiz.

Advokatlarning tavsiyasiga binoan biz ular tomonidan ko‘rib chiqilgan va shunga ko‘ra Sport Arbitraj sudiga (CAS) tezkor ko‘rib chiqish uchun yuborilgan barcha da’volarimizni tasdiqlovchi materiallar va hujjatlarni tayyorladik hamda ularga topshirdik. Apellyatsiya advokatlarimiz tomonidan CAS’ga 2021-yilning 24-iyun, payshanba kuni topshirilgan.

Da’vogarning (O‘zbekiston suzish federatsiyasi) apellyatsiyasi va javobgarning javobi (FINA) uchta hakam tomonidan tezkor asosda ko‘rib chiqildi. Bitta hakam O‘zbekiston suzish federatsiyasi, ikkinchi hakam FINA, uchinchi hakam esa (CAS) tomonidan tayinlandi.

2021-yilning 5-iyul, dushanba kuni Sport arbitraj sudida majlis boshlandi.

Ming afsuski, da’vogar va javobgarning dalillari tezkor ravishda ko‘rib chiqilganidan so‘ng Sport arbitraj sudi javobgarning (FINA) dalillarini haqiqiy deb topdi.

O‘zbekiston suzish federatsiyasi FINA’ga barcha mavjud materiallar va hujjatlarni taqdim etishga tayyorligini tasdiqladi. Umid qilamizki, bu 2021-yilgi chempionat FINA qoidalariga muvofiq adolatli bo‘lib o‘tdi degan da’volarimizga aniqlik kiritadi. Tanlov natijalari adekvat va haqiqiydir, ushbu musobaqaning natijalariga ayyorlik va/yoki o‘zgartirishlar kiritilmagan.

Ushbu voqea Tokio–2020 dan keyingi musobaqalarga ta’sir qiladimi? (Jahon va Osiyo chempionatlari)

Ushbu hodisa boshqa xalqaro sport tadbirlariga ta’sir qilmaydi, chunki “Sport Ekspress” saytidagi maqola muallifi va hindistonlik sportchi Likita Premaning gaplari asossizdir.

“Daryo” shuningdek Milliy olimpiya qo‘mitasidan (MOQ) ham izoh oldi. 17-iyul kuni taqdim etilgan ushbu izohda voqea tafsilotlar Olimpiadadan keyin o‘rganilishi va O‘zbekiston suzish federatsiyasi nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lgani uchun MOQ yuridik jihatdan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulardan nimadir talab qila olmasligini ma’lum qildi.

“Bu vaziyat bo‘yicha ulkan tajribaga ega xalqaro yuristlar bilan ish olib bormoqdamiz. Ha, haqiqatan ham Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) o‘sha musobaqalardagi natijalarni bekor qildi. O‘zbekiston suzish federatsiyasi nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lgani uchun yuridik jihatdan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulardan nimadir talab qila olmaymiz. Yakuniy qaror nima bo‘lganda ham Tokio Olimpiadasidan keyin e’lon qilinadi. Hozir barchaning e’tibori Olimpiadaga qaratilgan. Bo‘lar ish bo‘ldi, bu bilan o‘ralashib, yilning eng muhim startida kamchilikka yo‘l qo‘ymaslik kerak. Suzish bahslarida Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritinina Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. Qolgan 3 yo‘llanma nega bunday bo‘lgani Olimpiadadan keyin batafsil ko‘rib chiqiladi. Hozir unga vaqt ketkazsak, faqat zararga ishlaymiz”, — deyiladi MOQ matbuot xizmatining “Daryo”ga taqdim etgan izohida.

18-iyul kuni esa MOQ ushbu holat yuzasida rasmiy bayonot berdi. Unda Toshkentda o‘tgan musobaqa davomida biror xorijiy delegatsiya, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur litsenzion musobaqa bo‘yicha shikoyat yoki e’tiroz kelib tushmagani, bu voqealar sabab suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyev vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatilishi aytildi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu holatga o‘z pozitsiyasini quyidagicha bildirib o‘tadi:

Turnirlar yakunlangach, O‘zbekiston suzish federatsiyasi musobaqalar protokolini MOQga taqdim qilgan va unda 5 nafar o‘zbekistonlik atletning Tokio—2020 normativini bajargani ko‘rsatib o‘tilgan. Taqdim etilgan protokollarda belgilangan qoidalarning buzilishi, shu jumladan, keyinchalik hindistonlik suzuvchi tomonidan qayd etilgan voqea haqida ma’lum qilinmagan.

Shuningdek, biror xorijiy delegatsiya tomonidan, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur litsenzion turnirlar bo‘yicha shikoyat yoki e’tiroz kelib tushmagan.

Shu bilan birga O‘zbekiston suzish federatsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, FINA ushbu musobaqalarda qayd etilgan natijalarni tan olmadi. O‘zbekiston suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra FINA bu bo‘yicha Toshkentga rasmiy xat jo‘natmagan. Biroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi bir necha bor FINA’ga taqdim etilgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun xabar yo‘llagan va hatto bu masala bo‘yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilgan.

Yakunda esa xalqaro tashkilot yo‘llagan Universal Place asosida faqatgina 2 nafar o‘zbekistonlik suzuvchi Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritinina Tokio—2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi rasmiy ravishda ushbu holat hech qanday sport tamoyillariga mos kelmasligini va olimpizm qadriyatlariga mutlaqo zid ekanligini ma’lum qiladi. O‘z o‘rnida boshqa federatsiyalar va sport tashkilotlaridan ham belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishni so‘raydi.

Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston suzish federatsiyasi Prezidiumidan quyidagilarni talab qiladi:

  • Yuqoridagi vaziyatni ko‘rib chiqish, o‘rganish hamda unga huquqiy baho berish uchun Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi va O‘zbekiston suzish federatsiyasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzish;
  • Xalqaro suzish federatsiyasidan (FINA) litsenzion musobaqada qayd etilgan natijalarning nima sababdan bekor qilingani haqidagi materiallarni taqdim qilishini so‘rash;
  • Federatsiya bosh kotibi Alisher G‘aniyevni vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatilish.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati O‘zbekiston sport faxriylari kengashi.